Kechaning oxirida ko‘zi oyga tushdi va: «Mana shu robbim bo‘lsa kerak!» - deb unga tikildi. Oy ham ko‘zdan g‘oyib bo‘lib ko‘rinmay qolgach: «Agar meni Robbimning o‘zi hidoyat qilib o‘zini tanitmasa, men adashuvchilardan bo‘lib qolaman» - dedi.
Tong otganda, hamma yoqni munavvar qilib, quyosh chiqdi. Ibrohim uni ko‘rib: «Hammasidan eng katta va nuri o‘tkir ekan, shu mening robbim bo‘lsa kerak» - dedi. Ammo quyoshning ham botganini ko‘rib hafsalasi pir bo‘ldi va: «Men olamlar Parvardigoriga itoat etaman!» - dedi». (Tarixi Tabariy, 1-j.166-6et.)
Ibrohim qavmiga borganda, ularning but va sanamlarga sig‘inishayotganini ko‘rdi.
Ibrohim (a.s.)ga Alloh taolo yoshligidan hidoyat ato etdi. U Allohning birligini, olamni yaratgan yagona egasi ekanligini bilgan holda qavmlari ibodat qilayotgan but va sanamlarning befoyda ekanligini tushundi.
Bobilliklar nihoyatda farovon hayot kechirishardi, hech bir narsadan kamchilik va muhtojlik sezmas edilar. Ammo shunday bekamu ko‘st, farovon hayotga noshukrlik bilan munosabatda bo‘lib, Allohga shukr aytish o‘rniga, unga qarshi e’tiqodda edilar, ya’ni butparastlik qilardilar.
Bu munkir va mushrik qavmga Namrud ibn Kan’on ibn Ko‘sh podsholik qilardi. U o‘zining qudratli mamlakatga bosh bo‘lganidan va xalqning butparast bebosh bo‘lganidan foydalanib, hech qanday foyda va zarar yetkazolmaydigan, na gapni eshitadigan, na iltijo qiluvchining musibatini ko‘radigan butlarga ibodat qilmay, balki fikr qiladigan, eshitadigan, ko‘radigan, xohlasa birovni qahr bilan o‘ldira oladigan, xohlasa birovni boy qiladigan, qudrat, saltanat, boylik egasi bo‘lgan insonga — o‘ziga ibodat qilishga qavmini amr qilgan, ya’ni xudolik da’vosini qilgan edi.