— Birovning bolasi bo‘lsa, senga nima, qizim? Onasini bilasanku, dimog‘idan qurt yog‘adi. Nega aralashasan demaydimi?..
— Desin, ona, deb ko‘rsin?! Zulm emasmi go‘dakkinaga?! Onasi bo‘lmasa, shuncha ezish kerakmi? Aslida onasizligini bildirmasligi zarurku... buning o‘rniga bunday ish tutsa, jon chidaydimi?
— Bu insonlik emas, ammo na chora, nima ham qilarding?! Kimga
dod deysan, kimga tushuntirasan, qizim?! Hamma yerda
shunday. Qaysi o‘gay ona yetim bolalarni bag‘riga olibdi?! O’z bolasiday ko‘ribdi? O’gaylik qilmagan o‘gay ona bormi? Qani bunday fazilatlar, qizim?
— Menga qolsa, bu bolaga zulm qilinmasa deyman. O’z dardi o‘ziga yetib ortadi. Ona mehriga muhtoj, ko‘ngli vayron bolaga qanday muomala qilishmokda, bilmadim. Qanday inson bunday muomala qiladi, qaysi axlok, kitobida bunga o‘rin bor?! Qay vijdon bunga chidaydi, bilmadim, ona, bilmadim..!
Shu kecha Fotima, uxlay olmadi. Ko‘zlarini yumishi bilan Ismoilni ko‘rar, u yig‘lar, to‘xtovsiz yig‘lardi. Bu bolaning yolg‘iz aybi — onasining o‘lgani, yetimligi. Aslida, unga bu yoshda parvarish, ona mehriga muhtoj g‘amli yuragiga, mahzun ko‘ngliga malham zarur edi. Lekin qayda malham?! Qani, u mehribon inson?! Insoniylik amriga kuloq tutgan bormi? Muruvvat, marhamat yo‘lidan yurguvchi qani? Qani, o‘z diniy burchini o‘ylaganlar?! Qaerda?!! Axloqiy vazifasini o‘taydiganlar qayda, qayokda, qani?!