Mahshar va uning ahli
Qayta tirilib, qabrdan chiqqanlaridan so‘ng odamlar yalang oyoq, yalang bosh, onadan endi tug‘ilgandek, xatna kilinmagan holda Mahshar maydoni sari haydaladilar. Mahshar oppoq, kaftdek tekis yer bo‘lib, uning na qiyshaygan, na egraygan yeri bor, Unda inson panasiga berkinib oladigan na bir do‘nglik, na ko‘zdan yashirin jarliklar bor. Bu keng maydonniig tuprog‘i barcha yerida bir xil, zarrasi zarrasidan farqlanmaydi. Odamlar Mahsharga to‘p-to‘p haydaladilar. Ajabo! Kurai zaminning turli burchaklaridan, turli toifalarga bo‘linib kelayotgan sonsiz xaloyiqni bitta maydonga jamlagan Zot naqadar ulug‘, na qadar kudratli!
«Qiyomat kuni odamlar oq va ofra(oppoq emas, qoraga moyilroq) rangdagi, kepaksiz undan qilingan non kabi (dumalok), na bir bino, na bir aholi yashashiga alomat bo‘lmagan yerda to‘planadilar» (muttafaqun alayh).
U yer bu dunyo yeriga o‘xshamaydi, faqat ismdagina o‘xshash xolos:
«U Kunda yer boshqa yerga, osmonlar (o‘zga osmonlarga) aylanib qoladi...» (Ibrohim, 48-oyat).
Ibn Abbos deydi: «U yerda ziyodalashish va kamayish bor. U yerning daraxtlari, tog‘lari, vodiylari va ustidagi bor narsa sidirib olingan va u yer ukoziy teri kabi cho‘zilib yotibdi. Kumush kabi oqish bu yerda na bir qon to‘kilgan, na bir xato qilingan. Osmonlarning quyoshi, oyi, yulduzlari yo‘q» .
Ey miskin! U Kunning dahshati va shiddati haqida o‘yla. Xaloyiq Mahsharda to‘planar ekan, yulduzlar falaklaridan to‘kiladi, quyosh va oy so‘nadi. Nur ketib, yerga zulmat cho‘kadi. Mana shu holatda odamlar uzra osmon o‘rala boshlaydi, qalinligi va shiddati besh yuz yillik yo‘l qadar bo‘lishiga qaramasdan osmon yoriladi. Farishtalar uning girdi-chekkalarida qoim turadilar. Yorilayotgan osmonning quloq pardasini teshgudek ovozi naqadar daxshat! Shunchalar salobatli va shiddatli osmonlar yorilgan u Kun qanday haybatli! Keyin osmon erigan kumush kabi oqadi, unga bir sariqlik qorishadi.