18. Ilm yo'lida
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan quyidagi mazmunli hadis rivoyat qilingan:
Bir kuni Muso Banu Isroil orasida xutba qilayotganda undan "Dunyoda eng ilmli kim?", deb so'rashdi. Musoning "Eng ilmli zot Allohdir!" demaganligi uchun Robbi olam unga tanbeh berdi.
Alloh taolo Musoga vahiy qildi:
- Ikki dengiz qo'shiladigan joydagi bir bandam sendan ilmliroq.
Muso so'radi:
- Robbim, men u bandangni qanday topaman?
Unga aytildi:
- Sen savatga bir baliq solib yo'lga tush. Qaerda baliqni yo'qotsang uni (Hizrni) o'sha erdan topasan.
Muso Yusha' ibn Nun ismlik yigiti bilan savatda baliq ko'tarib yo'lga tushdi. Ular bir qoyatosh oldida to'xtab uyquga ketdilar. Shunda baliq savatdan chiqib dengizga sho'ng'idi.
Muso ham, xizmatkor yigit ham hech narsani sezmadi. Ular yana yo'llarida davom etishdi.
Tong otgach, Muso Yusha' ibn Nunga buyurdi:
- Nonushtamizni keltir! Darhaqiqat biz bu safarimizda juda toliqdik.
Ular to'xtashlari kerak bo'lgan joydan o'tib ketmagunlariga qadar sira qiynalmagan edilar.
- Qoyatosh yonida to'xtaganimizni eslaysizmi?- dedi Yusha' — Ana o'sha erda baliqni unutib qoldiribman.
- Axir, biz izlayotgan narsa ham shu edi-ku! -dedi Muso.
Ular kelgan izlari bo'ylab orqaga qaytdilar.
Dam olgan qoyatoshlari yoniga etganlarida u erda kiyimiga o'ralgan bir kishini uchratishdi.
Muso unga salom berdi.
- Sening yurtingda (bu) salom qaerdan bo'lsin?, -dedi haligi kishi.
- Men Musoman.
- Banu Isroilning Musosimi?
- Ha. Sizga bildirilgan ilmdan menga ham ta'lim berishingiz uchun sizga ergashsam maylimi?
- Men bilan birga yurishga sabr qilolmaysan. Ey Muso, Alloh menga shunday bir ilm berganki, sen uni bilmaysan. Senga ham bir ilm berilganki, men uni bilmayman.
- Inshaolloh, siz mening sabrli kishilardan ekanimga o'zingiz amin bo'lasiz. Men hech bir ishda sizga qarshi chiqmayman.
Muso bilan Hizr sohil bo'ylab yurib ketishdi.
Banogoh dengizda kema ko'rindi. Ular kemadagilardan o'zlari bilan birga olib ketishlarini so'rashdi.
Kemadagilar Hizrni taniganliklari uchun hech qanday haq olmasdan Muso ikkisini kemaga chiqardilar.
Ittifoqo, kema chetiga bir chumchuq kelib qo'ndi-da, dengiz suvidan bir-ikki cho'qidi.
Shunda Hizr Musoga dedi:
Ey Muso, sening ham, mening ham ilmim Alloh ilmi oldida mana shu dengizdan chumchuqning bir cho'qishichalik, xolos.
To'satdan Hizr kema taxtalaridan birini sug'urib olib kemani teshib qo'ydi.
Muso dedi:
- Ular bizdan hech qanday haq olmasdan kemalariga chiqarsalar-u, siz odamlarni cho'ktirish uchun kemani teshasizmi?
- Men senga "Men bilan yurishga sabr qilolmaysan," demabmidim?!
- Unutib qo'yganim uchun meni ayblamang va bu ishim sababli meni og'ir holga solmang.
Bu Musoning birinchi unutishi edi.
Ular kemadan tushib yo'llarida davom etishdi.
(Qarshilaridan bir to'p bola chiqdi.) Banogoh Hizr o'ynab yurgan bolalarning birini boshidan ushladida, shartta uzib tashladi.
- Hech kimni o'ldirmagan, begunoh bir bolaning qonini to'kdingiz-ku?!
Men senga "Men bilan birga yurishga sabr qilolmaysan," demabmidim?
Muso yana uzr so'radi.
Ular bir qishloqqa kirib borishdi. Qishloq ahlidan taom so'ragan edilar, ularni mehmon qilishdan bosh tortishdi. Qishloqda yiqilib ketay deb turgan bir devorni Hizr alayhis-salom tiklab qo'ydi.
Muso alayhis-salom yana o'zlarini to'xtata olmadilar:
- Agar xohlasangiz, bu ishingiz uchun ulardan haq olardingiz.
- Mana shu sen bilan mening ajralishimizdir.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar:
"Alloh Musoni O'z rahmatiga olsin. Qani edi, Muso sabr qilganida-yu, ikkisining qissasi bizga (to'la) hikoya etilganda".