-5-
MO’MINLARNING HAMJIHATLIGI
"Mo‘minlar bir-biriga yopishgan imorat kabidir" . (Ramuz al-ahodis 230\10; Buxoriy, "œKitobi salot", (88) 1\123; Adab (36).
Qara, hazrati Abu Muso raziyallohu anhu rivoyat qilgan bu hadisda bino devorlari bir-biriga mustahkam yopishgani kabi, mo‘minlar ham bir-birlariga mahkam bog‘lanmoqlari lozim ekanligi uqdirilmoqda. Binoni tashkil etgan unsurlar orasida tosh, temir kabi narsalar bo‘lganidek, qum va shisha kabi nozik narsalar ham mavjud. Lekin barchasi birgalikda binoni mahkam tutib turibdi. Insonlar, ana shu bino kabi jipslashgan, bir-birini suyagan bo‘lishlari kerak. Kuchlilari doim zaiflarni suyab turmog‘i, ular bilan yelkadosh, hamnafas bo‘lmog‘i lozim. Chunki mustahkam bo‘lmagan binoning yiqilishi muqarrar, bundan Allohning o‘zi asrasin.
Ushbu hadis mo‘minlarni jamoa bo‘lib yashashga, o‘zaro hamjihatlikda umr kechirishga tashviq etmoqda. Zero, inson yolg‘iz hayot kechirishi imkonsiz. Masalan, bir burda nonni tayyorlash, pishirish uchun naqadar ko‘p asbob-uskuna va mehnatga ehtiyoj sezilishi barchaga ayon. Demak, insonlar zarar emas, foyda keltiruvchi, xom emas, pishgan bo‘lishi, noqis emas, komil bo‘lishi lozimdirki, Islom jamiyati kundan-kunga rivojlansin va yuksalsin. Aksincha, har kim o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib, zaifu miskinlarga nisbatan mehr-muhabbat bo‘lmasa, Haq taolo undan aslo rozi bo‘lmaydi. Ana shu vaqtda qiyomat qo‘padi, faryodu fig‘onlar boshlanadi. Isyonlar, norozilik chiqishlari, qo‘zg‘olonlar va boshqa falokatlar ro‘y berishining sababchilari musulmonlikni da’vo qiluvchi, aslida Islomdan bexabar bo‘lgan sho‘rlik guruhlardirki, ular ahli Islomning boshiga balo bo‘lurlar. Musulmonlarning tanazzuliga eng katta sabab - musulmonlarning haqiqiy musulmon bo‘lmay, ilm va davlatlariga mag‘rurlanib, faqirlaru zaiflarning haqlariga rioya qilmasdan, ularga islomiy va insoniy muomalada bo‘lmasliklaridir. Shu boisdan ham ular oxirat saodatlaridan mahrum bo‘lgaylar. Agar ular molu dunyolariga bu qadar hirs qo‘ymasdan, boy-kambag‘alligiga e’tibor bermay, hammalari qo‘lni qo‘lga berib, birlashsalar edi, bugun musulmonlarning qo‘lini bukishga hech kim botinolmas edi. Parvardigor hammamizni haqiqiy musulmonlardan qilsin, omin!