Savolingizga javob berishga urinib ko'raman. Bizning Andijonda to'ylar juda katta harakat va quvonch bilan o'tkaziladi. Ayniqsa to'y bo'ladigan honadonning qo'shnilari bir hafta oldin yordam berishga chiqishadi.
Umuman olganda to'ylarni xalq ikki guruhga bo'lib olishgan: islomiy va dunyoviy. Men o'zim yoshligimda ko'p to'y marosimlariga borganman. Keling avvalo dunyoviy to'ylar haqida gapirsam:
Bizda Toshkentga o'xshab maxsus to'yxonada va faqat taklif qilinganlar bilan to'y o'tkazilmaydi. To'yga butun qishloq keladi. (Bu ko'proq qishloq joylarda). Shahar joylarda asta-sekinlik bilan to'ylarimiz Toshkentdagi kabi o'zgarib bormoqda. Qishloqlarda to'y bo'lyapti desa, butun qishloq ko'chib boradi. O'rtaga sahna tuzaladi va to'rida kelin-kuyov ikkitadan ortoq va dugonasi bilan o'tiradi. Hofizlar ancha oldin kelib xizmatni boshlashadi. To'y boshlanishida kelinning dugonalaridan biri yoki maxsus ayol kishi kelin salom aytadi. Salomdan so'ng ular o'z joylariga o'tirishadi. Odatda davrani kuyovning o'rtoqlaridan biri va kelinning o'rtoqlaridan biri olib boradi. Ayrim to'ylardagina maxsus boshlovchi-o'rtakash yollanadi. Davra olib boruvchilarni "rais" deyishadi. Ular birma-bir har ikki tarafdan kelin-kuyovni tabriklash uchun so'z navbatini berishadi. Har bir so'zga chiqqan inson tabrik so'zidan so'ng, davrada so'zning isbotida tarzida bir juft qo'shiqqa o'ynab beradi. Agar hofiz Ozodbek Nazarbekovga o'xshaganlari bo'lsa, ba'zan davrdan chiqmayman ham deb turib olishadi
O'z navbatida qistir-qistir ham bo'ladi. Kelin-kuyov ham har bir davrada o'ynayotganga pul uzatadi. Ko'pincha davrada raqs tushayotgan inson raqs tugaganidan so'ng qo'liga qistirilgan pullarni hofizlarning oldiga tashlab ketadi. Yoki (adashmasam, hozirgi kunda bu odat hamma joyda bo'lsa kerak) kichkinagina doirachi bolakay kelib o'ynayotganlardan pulni yig'ishtirib ketadi. Shu tarzda tabriklar davom etadi. Bazm cho'qqiga chiqqanda kuyovning ota-onasiga so'z beriladi. Kelin va kuyov chiqib ular raqsga tushayotganda pul qistirishadi. Va nihoyat 3-4 soatdan so'ng to'y bazmi nihoyasiga yetgach, kelin va kuyov davrani tark etadi. Birozdan so'ng kuyov qaytib chiqadi va u har bir o'rtog'i bilan sho'x qo'shiqlarga o'ynaydi. Oxirida kuyovning o'rtoqlari bir belbog'ni tarang tortib turishadi, kuyov esa uni tepib yoki qo'l bilan urib yirtadi. Bu kuyovning qo'rqmas, jasur ekanligini bildiradi. Shu tarzda toy nihoyasiga yetadi. Bunday to'ylarda odatda oz-moz janjallar ham bo'lib turadi. So'z ustasi rahmatli Hojiboy Tojiboev aytganlaridek, to'ydan so'ng to'y egalari hatto mening to'yimda mana bunday janjal, mushlashish bo'ldi deb maqtanib ham qo'yishadi.
Endi oz-moz islomiy to'ylar haqida gapirsam. To'g'risini aytsam shu paytgacha biron marta islomiy to'yda qatnashmaganman. InshaAlloh qatnashib qolarman. Dadamlar bunday to'ylarda tez-tez qatnashib turadi. U kishi ko'proq uzoq joylarga shunday to'ylarga taklif qilinadi. Dadamning aytishicha bunday to'ylar o'zgacha bir fayz bilan o'tadi. To'yda hech qanday hofizlar ishtirok etmaydi. Uning o'rniga kuchli domlalar kelib ma'ruza qilishadi. Quvonarli tomoni shundaki ma'ruzani ham ancha-muncha odam eshitadi. Lekin unga amal qilishi haqida hech narsa deya olmayman. Hatto islomiy to'ylarga Toshkentdan ham domlalar chaqirilib turadi. Ba'zan Hayrulla akani ham ko'rib qolishingiz mumkin. Allohga shukr bunday to'ylar ham asta-sekin ko'payib bormoqda.
Meni quvontirgan tomoni bizda to'ylarda ilgari katta isrofgarchilik, ya'ni "ZAGS" degan narsa bo'lardi. Unda har bir to'y egasi kim o'zarga mashinalar karvonini tayyorlardi va Andijon bo'ylab, yoki tuman bo'ylab aylanib chiqishardi. Eshitishimcha yaqin iki yildan beri bular kamaygan, chunki qandaydir buyruq bo'lganmi, anig'ini bilmadim.
P.S. Qo'limdan kelgancha Andijonning to'ylarini tariflashga harakat qildim. Ammo Andijonning har bir yeridagi to'ylar, undagi urf-odatlar bir-biridan farq qilishi mumkin.