Hazrati Isoning (alayhissalom) dunyoga kelishi
Bir kuni farishtalar Maryamga Allohning amri bilan bir farzand tug‘ishini va unint ismi al-Masih Iso ibn Maryam bo‘lishini xabar qiladilar. Yana tug‘iladigan chaqaloq dunyo va oxiratda sharafli va Allohning rizosiga erishgan bandalardan bo‘lishini, beshikdaligidayoq gapirishini bildiradilar.
Bu xabarni eshitgan Hazrati Maryam:
«Yo Rabbim, menga biror erkak tegmagan bo‘lsa, qayoqqan menda farzand bo‘lsin?» deb so‘raydi. Alloh taolo amr etadi:
«Bu shunday, Alloh O’zi xohlagan narsani yaratadi. Qachon biron ishni iroda qilsa, unga: «Bo‘l!» deydi. Bas, u ish bo‘ladi».
Hazrati Maryam kunchiqar tomonga bir makonga borib, ahli oilasidan berkinib oladi. Shunda Jabroil (alayhissalom) erkak kishi suvratida paydo bo‘ladilar. Maryam uni ko‘rgach, qo‘rquvdan:
«Men Allohga sig‘inib, sendan panoh berishini iltijo qilurman. Agar Allohdan qo‘rquvchi bo‘lsang, menga ziyon yetkazmagin», deydi. Jabroil (alayhissalom) unga faqat bir pokiza o‘g‘il hadya qilish uchun Allohning amri bilan kelganini bildiradilar. Hazrati Maryam yana:
«Menga odamzot tegmagan bo‘lsa, buzuq ayol bo‘lmasam, menda qayoqdan farzand bo‘lsin?» deydi va Jabroildan (alayhissalom) izohlab berishini so‘raydi. Maloika:
«Bu ish Parvadigoringga osondir. Alloh taolo tug‘ilajak bolani odamlar uchun oyat-mo‘‘jiza va O’zi tomonidan bo‘lgan rahmat qilur. Bu ish Allohning amri va taqdiridir», deya javob beradi.
So‘ng Alloh taolo Hazrati Maryamga O’z ruhidan Jabroil (alayhissalom) orqali pufladi va Maryam homilador bo‘ldi. Oy-kuni yaqinlashib, Hazrati Iso (alayhissalom) dunyoga keldi. Hazrati Maryam ko‘zi yorigan damda ochiqqan, chanqagan va nihoyatda qiynalgan edi. Suv va yemish yo‘q, ruhi tushkun edi. U:
«Bu kunimdan ko‘ra ilgariroq o‘lib, unutilib ketsam edi», deydi. Shunda xurmo daraxti ortidan Jabroil (alayhissalom) nido qiladi:
«G’amgin bo‘lma, Rabbing oyoq ostingdan bir ariq oqizib qo‘ydi. Mana shu qurib qolgan xurmo shoxini silkitgin, u senga yangi xurmo mevalarini tashlaydi. Yeb-ichgin va ruhingni tushirma. Bas, agar odamzoddan birortasini ko‘rib qolsang va u sendan bu bolaning otasi haqida so‘rasa:
«Men Alloh yo‘lida ro‘za tutmoqni ahd qilganman, bugun biror insonga so‘zlamayman», degin».
Hazrati Maryam farzandini ko‘tarib, qavmi orasiga keladi. Uni ko‘rgan kishilar:
«Ey Horunning singlisi, sen hech kim qilmagan ishni qilding-ku! Axir otang yomon odam yoki onang fohisha emas edi-ku!» dedilar. Hazrati Maryam bir og‘iz ham gapirmay, go‘dakka ishora qildi. Insonlar:
«Beshiqdagi go‘dak bilan qanday so‘zlashurmiz?!» deya ajablandilar. Shu payt chaqaloq tilga kiradi:
«Men Allohning bandasidirman. U zot menga Kitob — Injil ato etdi va meni payg‘ambar qildi. Shuningdek, Alloh meni onamga mehribon qildi va meni sitamkor badbaxt qilmadi. Menga tug‘ilgan kunimda ham, vafot bo‘ladigan kunimda ham, qayta tiriladigan kunimda ham tinchlik-omonlik bo‘lur». Alloh taolo Qur’on karimning Oli Imron surasi 59-oyatida: «Albatta, Isoning (otasiz tug‘ilishining) misoli Alloh nazdida xuddi Odam Atoning misoli kabidirki, uni tuproqdan yaratib, so‘ngra «Bo‘l», dedi. Bas, u (jonli odam) bo‘ldi», deya marhamat qiladi.