“Pochtaga ketayotgandim, - javob berdi Markus, - onam pul jo‘natishga yubordi. Vaqti yo‘qligi uchun, u yangi yil arafasida do‘kondan chiqolmaskan”.
Markus kapyushonli kurtkasining cho‘ntagidan bir yashil konvert chiqardi.
“Anchagina pul”, - dedi u ta’kidlab.
“Biz pulimizni hech qayerga jo‘natmaymiz, balki xarajat qilamiz”, - dedi Anton. Pul uni uncha qiziqtirmasdi.
Markus yashil konvertni ehtiyotkorlik bilan joyiga solib qo‘ydi.
“Men universal do‘konga kiraman, - dedi Anton, - bu yil u yerga qorbobo kelgan.”
“Aslida bunaqalar kiyimlarini almashtirib olgan kishilar bo‘ladi, ularga buning uchun universal do‘kon pul to‘laydi”, - dedi Markus bepisand holda.
“Senga kim aytdi?” - so‘radi Anton.
“Dadam. Uning aytishicha, ular xaridorlar ko‘proq pul xarajat qilishlari uchun qo‘yilarkan”.
“Men pul xarajat qilolmayman, - dedi Anton, - chunki menda yo‘q”.
Shu payt universal do‘konda qorbobo shirinliklar va to‘rvachalar ulashayotgandi. Uning soqoli yopishtirilgan, egnida uzun, qizil choponi bor edi, peshonasidan ter to‘kilayotgandi. Universal do‘konda uzun chopon juda issiqlik qilayotgandi. Bir nechta bolachalar unga zo‘r ishtiyoq bilan qarab turishardi.