Savol: -- Bir odam: inshaalloh (Xudo xoxlasa), men mo‘minman, desa, unga nima deyiladi?
Javob: — Unga Alloh taolo: «Albatta, Alloh va Uning farishtalari Payg‘ambarga salavot ayturlar. Ey mo‘minlar, (sizlar ham) salavot va salom aytinglar!» (Ahzob, 56, mazmuni), - degan, agar sen mo‘min bo‘lsang, Payg‘ambarga (s.a.v.) salavot ayt, mo‘min bo‘lmasang, u zotga salavot aytma, deyiladi. Shuningdek, unga: Alloh «Ey, imon keltirganlar, qachonki, jum’a kunidagi namozga (azon) chaqirilsa, darhol Allohning zikri sari harakatga tushingizlar va savdo-sotiqni tark qilingizlar!..» (Jum’a, 9, mazmuni), — degan, deyiladi.
Maoz ibn Jabal: Allohga shubha qilgan bandaning shubhasi uning barcha ezgu ishlarining savobini botil (barbod) qiladi. Imon keltirib, gunoh qilgan bandaning gunoxlari mag‘firat qilinishidan umidvor va unga azob berilishidan xavotirda bo‘linadi, deganlar.
Maoz ibn Jabalga bir odam: «Allohga shubha qilishlik, ezgu ishlarning savobini yo‘q qilsa, albatta, imon gunohlarni chilparchin qilib tashlaydi», dedi. Shunda Maoz ibn Jabal: «Qasamyod qilamanki, bu odamdan ko‘ra ilmliroq odamni ko‘rmaganman», dedi.
Bir odamga, sen musulmonmisan, deyilsa, u, «bilma-dim», deb javob qilsa, unga: «bilmadim» degan so‘zing adolatmi yoki zulmmi, degin. Agarda u, «bilmadim» degan so‘zim adolat, desa, unga: bu dunyoda adolat bo‘lgan u dunyoda adolat bo‘ladimi, deb so‘ra. Agar u, ha, u dunyoda adolat bo‘ladi, deb javob bersa, unga: Munkar Nakirga, yaxshi va yomonlik Allohning xohishi bilan bo‘lishiga ishonasanmi, degin. Agarda u: ha, desa, undan: sen mo‘minmisan, deb so‘ra. Agarda u: «men bilmayman», desa, unga: sen hech narsani bilmabsan va hech narsaning fahmiga yetmabsan va najot ham topmabsan, degin.