Hamdam shunday deb shartta tormozni bosdi. Sayfi munkib, peshonasini oldtokchaga urib olay dedi.
— Aytmasang, bekorga o‘lib ketvorasan, bola. Men ovozingni yozib olayotganim yo‘q, protokol ham yo‘q. Aytsang, o‘zingga yaxshi. Xo‘sh?
— Aytaman, mayli, nima bo‘lsa, Xudodan. Haydar aka bilan gaplashganman.
— O‘zining shuncha yigiti turib, nima uchun senga buyurdi? Ilgari ham bordi-keldi qilarmiding?
— Yo‘q. Uch-to‘rt oy oldin bir odam keluvdi taksoparkka. O‘sha bilan gaplashayotib, ukamning ishini aytuvdim. «Chiqarib beradigan odam bor, ohanini to‘lasang, bas», dedi. Chiqimdan qochmadim, ozgina zakalat ham berdim. U meni Haydar aka bilan tanishtirdi. Keyin o‘zi yo‘q bo‘lib ketdi. Bilsam, o‘ldirib ketishibdi.
— Jalol Komilovmidi?
— Ha, bilasizmi uni?
— Bilganda qandoq? Uni ham o‘shanda sen o‘lik oborgan o‘sha daraxtga osib ketishgan. O‘sha daraxt, chamamda, kimgadir yoqib qolgan. Bitta odamni osib o‘ldirishdi, bitta o‘likni osib yoqishdi. Endi kimni osishar ekan? Xo‘p, davom et-chi? Jalol Komilov pulni olib o‘lib ketdi. Pulga achinib yurganingda, Haydar akang yo‘qlab keldi. Sen xursand bo‘lib ketding. U esa «falon joydan bittagina o‘lik olib chiqib berasan», dedimi?
— Yo‘q, o‘likligini bilmovdim. «Ikkita kavkazlik yigitning molini olib borib berasan, xitlar bilib qolsa, to‘g‘risini aytib ularni ko‘rsatasan, senga tegishmaydi», deganidi. O‘likni ko‘rganim yo‘q, o‘rab olib chiqishdi. Mashinani aytgan joylariga haydadim. Bir chetda poylab turdim.