— Buyruq bilan qaytarishning qizig‘i yo‘q, olib qochishning mazasi boshqa, — dedi Elchin, o‘zini go‘llikka solib. — Valya, repetitsiyaga bormayman. Seni hozir Zeli og‘ani kuzatib qo‘ygan uyga olib boraman. Yettinchi qavat, o‘ngdagi birinchi eshik. Sening adashing, Valentina Mixaylovna. Kirasan, aytasan, o‘sha kitobni o‘zing olasan. Keyin, rozi bo‘lsang, restoranda otamlashamiz.
— Yaxshi. Ammo uyga birga kiramiz. Aldab ketasan, degan gumonda emasman. O‘sha narsa ikkalamizga tegishlimi, demak, birga kirib, birga olamiz.
Yettinchi qavat, o‘ngdagi jigarrang charm qoplangan eshikni yoshi elliklarda bo‘lgan, ammo malohatini saqlab qololgan ayol ochib, Elchinni ochiq chehra bilan qarshi oldi.
— Bu Valya, Zeli og‘aning xotini, — dedi Elchin, «o‘ynashi» deyishni ep ko‘rmay.
— Xotini emasman, nega yolg‘on aytasan? — dedi Valya. — O‘ynashiman. O‘ynash xotindan ham yaqinroq bo‘ladi, shunday emasmi, Valentina Mixaylovna.
— To‘g‘ri, — dedi uy bekasi kulib, — Zelyaning uylanganiga baribir ishonmas edim. U uylanib, oyoq-qo‘llarini bog‘laydigan erkaklardan emas. O‘ynash ekaningizga ishonaman. Chunki Zelyaning didi zo‘r. Uncha-muncha juvonni o‘ynash tutmaydi.
— Valentina Mixaylovna, sizda Dostoevskiyning kitoblari bormi? — deb so‘radi Elchin.
— Bor. To‘liq asarlar to‘plami bor. Nima edi?
— To‘rtinchi jildda menga atalgan bir xat bor ekan, ko‘zingiz tushmadimi?
— Savol qiziq, men kitob o‘qiymanmi? Muqovasi chiroyli bo‘lgani uchun javonga terib qo‘yganman. Kir, qaray qol.
To‘rtinchi jildda darhaqiqat maktub bor edi. Elchin qog‘ozni olib, Valyaga uzatdi. Valya xatga ko‘z yugurtir- di-yu, rangi bo‘zarib, uni yana Elchinga qaytardi-da:
— Qaysi tilda yozgan o‘zi? — deb ming‘irladi.