Yumshoqlik, muloyimlik dunyo va dunyo ishlariga oid, lekin din va diniy xususlarga munosib emas. Inson dunyosi uchun yumshoq bo‘lib, lekin dini uchun tog‘ misoli mustahkam, cho‘yandek metin, marmar kabi qattiq bo‘lishi lozim. Shuning uchun ham hazrati Umar roziyallohu anhu aytibdilarki: "Men dinda toshdan ham qattiqman". Ba’zi buyuklarimiz aytganlar: "Tog‘larni o‘ymoq, teshmoq, qo‘pormoq mumkin, lekin mo‘min kishini dinidan zarracha ajratib bo‘lmaydi". Bir mo‘min fidokorlik uchun molini, hatto jonini ham berar, lekin dinidan hech narsa bermaydi.
Yumshoqlik, soddalik, musomaha asosan dunyoviy ishlarga muvofiqligini tuyaning misolida ko‘rish mumkin. Arablarning mashhur hayvoni, jonivorlar sarasi bo‘lgan tuya - fitratan juda ajoyib yaratilgan bo‘lib, insonga doimo itoatda. Ko‘rsatilgan joyga cho‘kadi. Nimaga undasangiz, bajaradi. Holbuki, bir aravani taxta ko‘prikdan, loydan, so‘qmoqlardan o‘tkazish naqadar qiyin ish. Tuya esa boshqacha jonzot. Shuning uchun mo‘min kishining holi tuyaga o‘xshatilgan. Qarang, tuyaning oyoqlari yumshoqligidan yerga bosilgan sayin yoyiladi, ayniqsa qumda qiynalmay yuradi. Boshqa hayvonlar bunday emas. Buning ustiga tuya suvsizlikka chidamli. Og‘ir yuklar tashiydi. Sabru qanoat qiladi, shunga qaramay, bahaybat vujudi ozgina yemish bilan to‘yadi. U juda aqlli hayvon, bir marta yurgan yo‘lini eslab qoladi. Ma’lumki, arab cho‘llarida hali ham yo‘llar qurilmagan. Bugun hatto haydovchilarimiz yo‘llarini yo‘qotib qo‘ymoqdalar. Lekin tuyalar u bepoyon cho‘llarda yo‘llarini yo‘qotmay, manzil sari to‘g‘ri yetib boradilar. Shu sababli Qur’oni karimda "Tuyaga qaramaysizmi? "deya uning xilqatidagi zakovat, sabr-bardosh, qanoat va boshqa ajoyib sifatlari zarbulmasal qilingan.
Alloh mo‘minlarni yengillik, yumshoqlik sifatlari bilan eslaydi. Bu ikki xislat axloqi hasana - go‘zal xulqlardandir. Qur’oni karimda ham bu ikki axloq madh etilgan. Habibi adib payg‘ambarimizning go‘zal, yumshoq muomalalari soyasida zamonasining johil va razil qalbli insonlari, u zotning atrofida jam bo‘lishib, iymonu Islomga musharraf bo‘lishdi. Bu din yo‘lida hatto jonlarini fido etishdan qaytmadilar. Holbuki, agar payg‘ambar qattiq qalbli bo‘lsa edi, mazkur yaxshiliklarning hech biri sodir bo‘lmagan bo‘lardi. Chunonchi, fir’avnlar boshqalarga nisbatan shiddatli bo‘lganlari sababli muvaffaqiyat qozonolmaganlar, ulardan bir necha ehromlar va la’natga sazovor bo‘lgan qisqa tarixlaridan bo‘lak hech qanday meros qolmagan.
"Nam bo‘lmaki, qisilgaysan, quruq bo‘lmaki, singaysan" misoli kabi Luqmoni Hakimning o‘g‘liga qilgan nasihatidagi "Lazzatli bo‘lma, yutilgaysan, achchiq bo‘lma, otilgaysan" maqolida ham hikmat bor. Ya’ni o‘ta yumshoqlik ham, o‘ta qattiqlik ham maqbul emas, vaziyatga qarab ish ko‘rish, munosabat bildirish eng to‘g‘risidir.
"Amallarning eng xayrlisi o‘rtachasidir" hadisidagi qoidaga ko‘ra, sog‘lom aql egasiga ifrot (haddan oshish) va tafrit (loqaydlik, e’tiborsizlik) hech bir holatda, hech bir so‘zda va amalda munosib emas. Har ishning o‘rtachasi maqbul va maqtovga loyiqdir. Mo‘mindagi yumshoqlikdan murod — g‘aflatga qarshi o‘laroq, yaxshilikka moyi qalb maylidir. Shuning uchun "tobe bo‘lish istalganda darhol bo‘ysunadi" deyilgan. Tuyaga qaerni ko‘rsatsangiz, o‘sha yerga cho‘kadi, bu o‘xshatishdan murod — mo‘minning yengillik va yumshoqlik sifatlari nazarda tutilmoqdaki, Rasululloh sallallohi alayhi vasallamning yo‘llariga, amr va qaytariqlariga itoat etishda bu xislatning naqadar ahamiyatli ekanligiga e’tibor bersinlar. Parvardigori olam barchamizni o‘ziga taslim va itoat etuvchi, o‘rtacha yo‘l tutuvchi bandalaridan qilsin, omin.