Imom Sahl rahmatullohi alayh bunday deganlar: «Yeyishi haloldan bo‘lmagan kimsaning qalbidan hech bir parda ko‘tarilmaydi, azob-uqubatga yo‘liqadi, namozi, ro‘zasi va sadaqasi ham unga foyda bermaydi».
Imom Sufyon rahmatullohi alayh bunday dedilar: «Halol yeyishga nihoyatda e’tibor bering, harom yeyishdan ehtiyot bo‘ling! Halol yeb, Qur’on oyatini o‘qisam, menga ilmdan yetmish eshik ochiladi. Agar haromdan o‘zini saqlamaganning ovqatidan yesam, Qur’on oyatlarini takror-takror o‘qisam hamki, menga hech bir ilm eshigi ochilmaydi».
Shayx Ali ash-Shozaliy rahmatullohi alayhning quyidagi so‘zlariga quloq tuting:
«Kim haloldan yesa qalbi yumshaydi, nurlanadi, uyqusi kamayadi, Allohning jamolini ko‘rishdan mahrum bo‘lmaydi. Kimki halol bo‘lmaganni yesa qalbi qotadi, qo‘pollashadi, qorayadi, dargohi ilohiydan mahrum bo‘ladi, uyqusi ortadi. Har a’zo gunoh qilishni istaydi. Chunki halol bo‘lmagan narsalarni yeyish gunohga boshlaydi».
Bu mavzuni ustozim Aliyyul Havvos rahmatullohi alayhning so‘zlari bilan yakunlamoqchiman: «Harom yeb ibodat qilgan kimsa, aynigan tuxumni bosib yotgan kabutarga o‘xshaydi. Aynigan tuxum bosgan kabutar nafsini qiynasada so‘ng hech bir polopon chiqara olmaydi.
Harom yeyishning zararlaridan biri: harom olovga aylanadi, fikrlash qobiliyatini, zikrning lazzatini ketkizadi, niyatlarning ixlos deb ataluvchi mahsulini kuydiradi, basiyratni ko‘r qiladi, ko‘zni qoraytiradi, dinni zaiflashtiradi, g‘aflat va unutish balosiga giriftor etadi, hikmat va ma’rifat halovatidan to‘sib qo‘yadi. Qisqasi, qulning gunoh qilishiga asosiy sabab harom yeyishidir».