HALIMA XUDOYBERDIEVA
TOG’AY MUROD DEGANI — TOG’DAY
MUROD DEGANI...
Bismillahir rohmanir rohiym.
Tog’ay Murod — faqat ijodkor, yozuvchigina emas, o’tmishni chuqur biladigan o’tkir ko’zli tarixchi hamdir. Chunki uning asarlarini qo’ldan qo’ymay o’qimoqdalar, o’qish barobarida o’zlarining kimliklarini chuqurroq bilmoqdalar, o’z ildizlarini topmoqdalar, chuqurroq insoniylashmoqdalar.
Tog’ay Murod haqida Jasur Kengboev mana bunday yozadi:
«Nihoyat bir kuni Tog’ay Murod degan adibning «Otamdan qolgan dalalar»ini ko’rib qoldim. Sotib oldim. Romanni o’qib oromimni yo’qotdim.
Xalqimizning sovet tuzumi siyosati yuritgan paytidagi nochor, xo’rlangan turmushi, «baxtli hayoti» haqida tarix kitob¬laridan o’qigandim.
Ammo... bu darajada ta’sirlanmagan ekanman. Xalqimiz, millatimiz boshiga ne-ne qora kunlar tushgani, men tengi bolalar, o’quvchilar ilk qadamini maktabdan emas, paxta dalalaridan boshlagani, juda ko’p ayollar, onalarimiz asardagi Ziyod oshnamning onasi singari dalalarda «Paxta urib ketgan bolam-ay», deya faryod chekib o’tganini bilib oldim. Bir so’z bilan aytsam, men shu roman orqali kimligimni tushunib yetdim! Ota-bobom kim ekanini bildim!».
Shu o’rinda mashhur amerika adibi Ernest Xemengueyning «Katta yozuvchi bo’lish uchun xudo bergan 99 foiz iste’dod bilan birgalikda ijodkor og’ir bolalikni boshidan kechirgan bo’lishi kerak», degan nihoyatda to’g’ri xulosasini keltirishni istardim. Biz istaymizmi-yo’qmi, asarning asosida ijodkorning boshidan o’tgan voqealar yotadi. Aynan bo’lmasa-da, voqealar ba’zan to’ldirilishi, umumlashtirilishi mumkin. Ammo asos yozuvchining o’z kechinmalari bo’lmasa asarlar bu qadar tabiiy chiqmas edi.
Tog’ay shunday katta muammolarni, dardlarni qog’ozga tushiribdimi, demak, undan kattaroqlarini o’z boshidan, o’z qalbidan o’tkazgan. Tog’ay, yurakda shuncha zil-zambil yuklarni ko’tarib, mayin jilmayib yurishga qaerdan kuch topardingiz, do’stim!
Tog’ay Murod bilan yoshlarimiz yaqin emasmi, boshdan kechgan voqealarni ham o’xshashligini qarang. Mening onam Sharofat Xonnazar qizi o’ttiz besh yoshida, paxta dalasida o’qariqdagi dorilangan suvdan ichib qo’yib vafot etganlar. Men o’n besh yillar oldin yozgan «Enamning aytganlari» she’rim ana shu boshimizga tushgan musibatli kunlar haqida edi.