RASULULLOH SEVGAN ODAM
Muoz ibn Jabal (roziyallohu anhu) yordamsevar bir odam edi. Birovlarning ko‘nglini olishni yaxshi ko‘rardi. Uning bu xislati vaqti kelib qo‘lida hech narsa qolmasligiga sabab bo‘ldi. Tirikchiligini o‘tkazish uchun hatto ba’zan qarz olishga majbur bo‘lib qoldi. Qarzini o‘tash vaqti kelib, haqdorlar eshigini qoqib kelishganida Muozning uzr so‘rashdan boshqa ularga beradigan hech vaqosi yo‘q edi. Lekin uzr so‘rash dardga davo emasligini uning o‘zi ham bilardi.
Kelganlarning qoshlari chimirilib, yana kelarmiz, deb ortlariga ketishdi, ketayotib, biror chorasini topgin-da endi, deb eslatib qo‘yishni ham unutishmadi.
Muoz uyiga kirarkan, qorong‘i o‘y-xayollar qurshovida qolgan edi. Nima qilsa ekan, bu qorong‘ilikdan chiqish yo‘lini qanday topsa ekan? «Marhamat, istaganlaringni qilinglar!» deb bo‘lmasdi. «Boshingizni bilgan toshingizga uring, mening sizdan qarzim yo‘q!» deya olmasdi. Uyiga qamalib olishdan ham foyda yo‘q.
Nima qilarini bilmay, birmuncha muddat tolg‘in ko‘zlarini xona devorlariga tikib turdi. So‘ngra shart o‘rnidan turdi-da, Payg‘ambar masjidlariga yo‘l oldi.
Janobimiz uning dardini diqqat bilan tinglab bo‘lgach, qarz berganlarning uyiga bir-bir bordilar. Har biri bilan gaplashdilar. Lekin bu gaplashishlardan na muddat ortga surildi va na biror qulaylik tug‘ildi. Aksiga olib, qo‘lda g‘animat ham yo‘q, bo‘lganida Janobimiz masalani oson hal etib qo‘ya qolar edilar. Muozni juda yaxshi ko‘radigan Payg‘ambarimizning bu ishga g‘ayratlariga guvoh bo‘lgan bir sahobiy keyinchalik: «Agar Payg‘ambar (s.a.v.) orachiliklarida biron qarz muddati kechiktirilsa edi, Muoz uchun kechiktirilgan bo‘lar edi», degan edi.
Endi nima qiladi Muoz? Havo yoqimli, kunlar qanday go‘zal, deb hech narsa bo‘lmaganday yuraversinmi? Yo‘q, bunday qilishga undagi uyat tuyg‘usi yo‘l bermaydi, obro‘-e’tibori, sharafi bor uning. Bu ahvolga chek qo‘yish lozim edi. Rasululloh (s.a.v.) Muozning mol-mulkini sotishga chiqardilar. Kelgan mablag‘ni qarz berganlarga tarqatib, masalani hal qildilar. Muoz endi uysiz-bog‘siz, besh tangasiz qoldi. Ammo bu chorani qo‘llagan Janobimiz uni bu ahvolda tashlab qo‘ya olmasdilar ham.
O’sha kunlar edi. Rasululloh (s.a.v.) Yamanga borib, u yerda Islom dinini tushuntirish, shar’iy hukmlarni tatbiq etishga ko‘ngilli bir odam axtardilar. Abu Bakr (r.a.) ko‘ngilli bo‘lib chiqqan edi, uni qaytardilar. Keyin hazrati Umar (r.a.) keldi. Uni ham qaytardilar. Nihoyat bu vazifaga Muoz ibn Jabal talabgor bo‘ldi. Darhol qabul etildi.
Endi Muoz bemalol nafas ola olardi. «...Kim Ollohdan qo‘rqsa, u Zot uning uchun (barcha g‘am-kulfatlardan) chiqar yo‘lni (paydo) qilur. Va uni o‘zi o‘ylamagan tomondan rizqlantirur...»* oyatining siri ochildi.