Surxondaryo. Abu Iso at-Termiziy maqbarasi
Hozirgi Sherobod tumani hududida joylashgan ushbu maqbara XI- XII asrlar me'moriy yodgorliklaridan hisoblanadi. At-Termiziy hijriy 209 yilda (mil. 824-825 y.) tavallud topgan. Hofiz az-Zahabiy "Miyzon al-e'tidol "kitobida Termiziyning hijriy 279 yilda vafot etganini zikr qilib, "Vafot etgan vaqtlarida 70 yoshda edilar", deydi. Ismu nasablari - Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn az-Zahhok as-Sulamiy al-Bug'iy at-Termiziy. Alloma to'plagan hadislar ishonchliligi va mo''tabarligi jihatidan "Sihohi sitta" (oltita eng sahih hadislar to'plami)ning biri sanaladi. Yoshliklarida ko'p yillar davomida Iroq, Hijoz kabi arab o'lkalarida hadis o'rganib, ularni jamlagan. 250 hijriy yilda Termizga qaytganlar. Shu yili Nishopurda Imom al-Buxoriy bilan uchrashib ko'p hadislar xususida mubohasalar olib borganlar. Bu buyuk vatandoshimizdan "Al-Jome' as-Sahih" ("Sunani Termiziy"), "Ash-Shamoil" ("Shamoili Muhammadiya"), "Al-Hol", "At-Tarix", "Az-Zuhd", "Al-Asmou val-kunya" ("Ismlar va kunyalar") kabi asarlar bizgacha yetib kelgan.