2-bob. Badr janggida o‘ldiriladigan kishi haqida Rasulullohning aytganlari (bashoratlari) to‘g‘risida
Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhu Sa'd ibn Muoz haqida shunday deydilarki, «Sa’d ibn Muoz Umayya ibn Xalafning do‘sti erdi. Umayya qachon Madinaga borsa, Sa’dning uyiga, Sa’d Makkaga kelsa, Umayyaning uyiga tushardi. Rasululloh (u kishiga Ollohning salomi bo‘lsin! ) Madinaga kelganlaridan so‘ng, Sa’d umra qilish uchun Makkaga bordi-da, odatdagiday Umayyaning uyiga tushdi. Unga: «Bo‘sh vaqtingda meni kuzatib tursang, Baytullohni tavof qilib olardim!» —dedi. Umayya kunning yarmida Sa’dni tavofga olib chiqdi. Ularga Abu Jahl duch kelib, Umayyadan: «Ey Abo Safvon, yoningdagi kishi kim?» — deb so‘radi. Umayya: «Bu kishi Sa’d»,— deb javob berdi. Abu Jahl Sa’dga: «Sen ota-bobosining dinidan qaytgan kishilarni bagriga olib, o‘zlarini ularning yordamchisi deb hisoblayotgan kishilarning biri bo‘la turib, Makkada xotirjam tavof qilayotganingga taajjub! Bilib qo‘y, agar sen Abu Safvon birlan birga bo‘lmaganingda erdi, bola-chaqang oldiga salomat qaytmagan bo‘lar erding!» — dedi. Sa’d ovozini baland ko‘tarib, Abu Jahlga dedi: «Sen ham bilib qo‘y, agar menga tavof qilmoqni man’ qilsang, men ham senga bundan badtarroq qilaman — Madinadan o‘tadigan Shom yo‘lini to‘sib qo‘yaman!». Umayya Sa’dga: «Ey Sa’d, butun vodiy ahlining ulugi bo‘lmish Abulhakimga baqirma!» — dedi. Shunda Sa’d: «Ey Umayya, biz bilan ishing bo‘lmasin, Ollohga qasamyod qilurmenkim, Rasulullohdan eshitganman, albatta bular seni ham o‘ldirishlarini aytganlar»,— dedi. «Makkadami?» — deb so‘radi Umayya. Sa’d: «Bilmayman»,— dedi. Shundan keyin, Umayyaning diliga qattiq gulgula tushib, uyiga qaytdi-da, xotiniga: «Ey Safvonning onasi, bildingmi, Sa’d menga nima dedi?» — dedi. Umayyaning xotini: «Sa’d nima dedi?»—deb so‘radi. Shunda Umayya: «Sa’d menga aytdiki, Muhammad alayhissalom Quraysh albatta Umayyani o‘ldiradi, deb ularga xabar bergan emishlar. Men Sa’ddan: «Makkadami?»—deb so‘rasam, u bilmayman, deb javob berdi. Ollohga qasamyod qilurmen-kim, men Makkadan chiqmayman!» — dedi. Badr kuni kelgach, Abu Jahl odamlarni yig‘di-da, ularga: «Savdo karvonlaringizni himoya qilingizlar!»—dedi. Umayya himoyaga chiqishdan bosh tortdi. Abu Jahl uning oldiga kelib: «Ey Umayya! Sen vodiy ahlining ulug‘i bo‘la turib karvon himoyasiga chiqmayotganingni odamlar ko‘rsa, ular ham bosh tortadi»,— dedi. Abu Jahl shunday qattiq qistovga oldiki, oxiri Umayya bunday dedi: «Mayli sen yengding, Ollohga qasamyod qilurmenkim, Makkaning eng uchqur tuyalaridan sotib olurmen!». Keyin, Umayya xotiniga: «Ey Safvonning onasi, menga yo‘l tadorikini ko‘r!» — deb buyurdi. Xotini unga: «Ey Abo Safvon, yasriblik birodaringiz o‘zingizga aytgan gapni unutdingizmi?»—dedi. Umayya: «Yo‘q, lekin men ular birlan birga ozgina bo‘lib qaytib kelaman»,— dedi. Umayya yo‘lga chiqqach, qaerda tushmasin, tuyasini tushovlab qo‘yardi. U shul tariqa yo‘lda davom etib, Badrga borganda Olloh taolo undan o‘z omonatini oldi».