Tohir Malik. Shaytanat (ikkinchi kitob)  ( 265295 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 ... 54 B


AbdurRohman  31 Oktyabr 2007, 14:04:44

— Nima desang, de: men chechenman! Ha, meni qiymalab tashlasang ham har bir bo‘lak go‘shtim «men chechenman!» deb hayqirib turadi. Ana, tog‘larni ko‘ryapsanmi? Mening bobolarimning bobolari, ularning-da bobolari ana shu tog‘lar kabi mag‘rur bo‘lishgan. Otam ham mag‘rur edi, men ham mag‘rurman. Chechen bo‘lganim uchun mag‘rurman. Mening bolalarim ham mag‘rur. Ularning bolalari ham mag‘rur bo‘ladi. Tog‘ni shamol yoki yomg‘ir yemirib tamom qilganda bizning g‘ururimiz ham yemiriladi, uqdingmi, dono odam?
    Haydovchi shunday deb qo‘shiq ayta boshladi. Zelixon bu qo‘shiqni avval eshitmagan edi. Ayrim tanish so‘zlardan, qo‘shiqning avjidan vatan haqida ekanini angladi.
    «Baxtli odam ekan, bu o‘jar, — deb o‘yladi Zelixon. — Vatani bor, g‘ururi bor. Bolalari ham bor. Ular ham mag‘rur. Xuddi tog‘ cho‘qqilariday mag‘rur... Menda nima bor?»
    Shu gaplarni xayolidan o‘tkaza turib Ismoilbeyning g‘amgin chehrasi ko‘z oldiga kelib, qulog‘i ostida uning ovozi jarangladi: «Vatani yo‘qning iymoni yo‘qtur...»
    Zelixon xayolga berilib, qo‘shiq tugaganini sezmay qoldi. Haydovchi unga avval ko‘zgu orqali qaradi, so‘ng bir o‘girilib oldi:
— Nimalarni o‘ylayapsan? Qo‘shiqqa tushundingmi?
— Tushundim. Vatan haqida kuylading.

Qayd etilgan


AbdurRohman  31 Oktyabr 2007, 14:06:42

— Hech baloga tushunmabsan. Men dedimki, agar Vatan meni suymasa men uni suyarman. Agar meni nimtalasalar-da bir bo‘lagimni Qora dengizga, birini Oq dengizga, birini Hazorga tashlasalar mayli, roziman, faqat bir o‘tinchim bor: yuragimni Vatanda qoldirsinlar. Ana shunda mening nimtalarim yuragimga talpinarlar, kelarlar va birlasharlar! Yurak — Vatandir, Vatan — yurakdir! Kim o‘z yuragidan voz kechadi? Hech kim! Ey Rabbim, o‘zga yurtda jonimni olib, jannatdan joy berganingdan ko‘ra, jonimni o‘z Vatanimda olu shuning evaziga joyni do‘zaxingdan beraver! Endi qo‘shiqning mazmunini angladingmi, birodar?
— Angladim, — dedi Zelixon. Keyin bir tin oldi-da, Ismoilbey so‘zlarini takrorladi: — Vatani yo‘qning iymoni yo‘qtur...
— Yaxshi aytding. Ona tilingni bilmasang ham, kallang joyida ekan.
— Buni men aytmadim. Bir turk oqsoqoli aytgan edi. Urush davrida ularni ham Vatandan haydaganlar. Musofirlikda o‘ldi, Vataniga qarab turib, joni uzildi.
— Qarab turib, dedingmi? Tushunmadim?
Zelixon Ismoilbeyning so‘nggi daqiqalarini aytib berdi. Haydovchi gardanini silab qo‘yib:
— Ha-a... — dedi. — O‘zbeklar yomon qilishdi. Ulardan buni kutmagan edim. O‘zbek yigitlar bilan birga xizmat qilganman. Mo‘min bolalar edi, hayronman...
— Nega hayron bo‘lasan? Ularni bila turib shu ig‘vo gaplarga ishondingmi?
— Ishonmay bo‘ladimi? Televizorda ko‘rsatib turibdi. Gapirib turibdi. Kattasi ham aytdi, qulupnay talashishibdimi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  31 Oktyabr 2007, 14:07:22

— Xafa bo‘lmaginu, ammo ahmoq ekansan. Oldingi gaplaringni eshitib senga ixlosim oshayotuvdi. Bu gaplaring ko‘nglimni aynitdi.
— Xo‘p, men ahmoqman. Televizor yolg‘onni aytayotgan ekan, o‘zbeklaring nimaga jim turishibdi? G‘ururi bormi o‘zi ularning? Bizga tuhmat qilyapti, deb dunyoni alg‘ov-dalg‘ov qilib yuborishmaydimi!
— Aytishga oson. Hozir men cho‘ntagimdan ingichka sim arqon olib bo‘yningga tashlab siqay, sen esa dunyoni alg‘ov-dalg‘ov qilib ber menga.
Haydovchi indamadi. Yo‘l ikkiga ayrilgan joyga yaqinlashgach, mashinani sekinlatdi.
— Menga qara, birodar, ovulingga bugun borishing shartmi?
— Nima edi?
— Shu yerdan o‘ttiz chaqirim yursak, mening ovulimga yetamiz. Sen chechen bo‘lsang ham hozir qo‘noqsan. Qo‘noqni ovulimdan chetlab olib ketsam, menga la’nat yog‘iladi.
— Shoshilayotganim yo‘q... Meni birov kutayotgani ham yo‘q.
— Shoshilmaganing yaxshi, ammo birov kutmagani yomon. Chechenni birov kutmasa yomon, juda yomon.
    Kichikroq bir dovonni oshib o‘tishgach, pastda bir qishloq ko‘rindi. Aslida ularni bu yerda hech kim kutmayotgan edi. Haydovchi daryo yonidagi bir uy oldida mashinani to‘xtatdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  31 Oktyabr 2007, 14:09:19

— Bu uy opamniki, — deb ichkari kirdi. Bir ozdan so‘ng qaytib chiqib, Zelixonni ichkari taklif qildi. Xonadonda erkaklar ko‘rinmadi. Ayollar tezlik bilan joy hozirlashdi. Choy qaynaguncha erkaklar ham kelishdi. Dam o‘tmay hovli odamga to‘ldi. Birov Zelixonga sen kimsan, qaerdan kelding, boshingda qanday tashvishlar bilan yuribsan, demadi.
    Bu xonadonda bir soatcha o‘tirishgach, boshqa xonadonga taklif etildilar. Shu zaylda yarim tunga qadar mehmondorchilik bo‘ldi. «Hammani ham shunday kutishadimi yo mengagina iltifot ko‘rsatishyaptimi?» deb o‘yladi Zelixon.
    Tunda daryo bo‘yidagi sayhonlikda gulxan yoqildi. Zelixonni boshlab kelgan taksi haydovchisi yurakni larzaga soladigan hazin qo‘shiq  boshladi. Bir nafasdan so‘ng uch-to‘rt erkak unga jo‘r bo‘ldi. Sayhonlikka odam to‘plana boshladi. Qishloqdagilar uxlayapti, deb o‘ylagan Zelixon ajablandi. Hazin qo‘shiq oxirlagach, kuy yangradi. Dilni yayratdi. Yoshlar o‘yin-kulgi boshladilar...
Tongga yaqin haydovchi bir ozgina mizg‘ib olgach, yo‘lga tushdilar. Zelixon undan «qalay, ovulim yoqdimi?» degan savol kutdi. Undan hadeganda sado chiqavermagach:
— Ovuling menga yoqdi, — dedi.
— Hayron bo‘lma, sening ovuling ham xuddi shunday, — dedi haydovchi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  31 Oktyabr 2007, 14:12:09

2

    Uch-to‘rt odam qulochi arang yetadigan yo‘g‘on chinor qishloq guzari hisoblanardi. Chinor soyasida gurunglashib o‘tirgan qariyalar to‘xtagan mashinaga, undan tushgan yo‘lovchiga jiddiy e’tibor qaratmadilar. Haydovchi ularga yaqinlashib, salom bergach, maqsadini aytdi. Shundagina qariyalar mashinadan tushib, ochiq eshikka jag‘ini tirab turgan Zelixonga tikilib qarashdi.
Haydovchi iziga qaytdi-da, Zelixonga:
— Avval shularga salom ber. Bular ota-bobongni eslashdi, — dedi. Keyin joyiga o‘tira turib qo‘shib qo‘ydi: — Ovulimni ko‘rding. Boshingga ish tushib qolsa to‘g‘ri boraver. Kechagi gaplarimga xafa bo‘lma. Men to‘g‘ri gapni yaxshi ko‘raman.
Zelixon unga rahmat aytib, kelishilgan kira haqini uzatdi. Haydovchi bir pulga, bir Zelixonga o‘qrayib qaradi-da:
— Sening chechenligingga ishonmay qoldim! — deb eshikni jahl bilan yopdi.
Zelixon shitob bilan qo‘zg‘olgan mashina ortidan bir oz qarab turdi-da, pulni cho‘ntagiga qayta solib, og‘ir qadamlar bilan qariyalar tomon yurdi.
    Nazarida bobosi olamdan o‘tgach, bu yerga kelib qolganday, shu qariyalar davrasiga qo‘shilganday, hozir esa davradan ajralib chiqib quchoq ochib kutib oladiganday edi. Shu fikrda davraga yaqinlashgach, bobosiga o‘xshagan bir qariyani ko‘rdi-yu, yuragi shig‘ etib ketdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  31 Oktyabr 2007, 14:12:59

    Oqsoqollar salomiga alik olishib u bilan qadrdonlarday quchoqlashib ko‘rishishdi. So‘ng davra o‘rtasidan joy berishdi. Zelixon bulardan ham «tilingni bilmaysanmi» degan ta’nani eshitmayin, deb xijolat bo‘lib turgan edi, bobosiga o‘xshatgan qariya ruschalab gap boshladi:
— Bobongni tanirdim. U tengsiz polvon edi. Chechen ovullar nima ekan, u yoqda ingush ovullar, u yoqda avarlar, qo‘miqlar... Eh-he, kurash bor joyda polvonlar undan zirillab turishardi. Uning kuragi bir marta yerga tekkan. Uni o‘ttiz oltinchi yilda men yengganman. Xuddi shu yerda. — Qariya shunday deb mo‘ylovini burab qo‘ydi. — Men yosh edim, u esa keksaya boshlagan edi. Yiqitishga yiqitib qo‘yib, «ustoz, kechiring» debman. U o‘rnidan turib, meni quchoqlab, peshonamdan o‘pdi. Keyin bir tarsaki tushirdi. Odamlar hayron bo‘lib so‘rashdi: «Quchoqlab o‘pganing nimayu urganing nima?» U aytdi: «Meni yenggani uchun quchoqlab o‘pdim. Kechirim so‘ragani uchun tarsaki tushirdim» Ha... shunaqa odam edi... Ammo otangdan polvon chiqmadi. U urushga mendan oldinroq ketgan edi. Men qaytdim, undan darak bo‘lmadi...
    Qariyalar shoshilmasdan, birining gapiga ikkinchisi aralashmasdan qiziqqan savollarini so‘ray boshladilar. «Shu paytgacha nima uchun kelmading?» degan savolga Zelixon «Uy-joy, bola chaqa bilan o‘ralashdim», deb bahona qildi. Bu gapni eshitib oqsoqollar jim bo‘lishdi. Ayrimlari «attang» deganday boshla-rini sarak-sarak qilib qo‘yishdi. Bobosiga o‘xshagan qariya esa burgutniki kabi o‘tkir nigohini unga qadadi-da:
— Bobong tirik bo‘lganida shu gaping uchun bir tarsaki tushirardi, — dedi.
Zelixon «nima uchun?» deb so‘ramadi. Yolg‘oni fosh bo‘lganini sezdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  31 Oktyabr 2007, 14:13:50

— Boshqa sabablar ham bor, — dedi boshini egib.
— O‘sha boshqa sabablarni gapirishing joiz edi. Bizni bu avloqda po‘panak bosib yotgan chollar, deb o‘yladingmi? Qamoqdan qachon chiqding?
— Bir yil bo‘lib qoldi.
— Nima qilmoqchisan?
— Ovulga sig‘sam, shu yerda qolaman.
— Ovulga sendaylardan millioni bo‘lsa, millioni sig‘adi. Qani, tur o‘rningdan, orqamdan yur.
Ular bir yuk mashinasi sig‘adigan tuproq yo‘ldan yuqoriga qarab yurishdi. Qariya Zelixondan chaqqonroq edi. Uch-to‘rt qadamdayoq ilgarilab ketdi. Aylanma yo‘llardan bir oz yurishgach, pastqamroq bir uy qarshisida to‘xtashdi.
Hovlida jo‘xori chopiq qilayotgan odam ularni ko‘rib, ishini to‘xtatdi-da, peshvoz chiqdi:
— Keling, Alibek og‘a, — dedi u qariyaga, so‘ng Zelixonga sinovchan tikildi: — Zelixonmisan?
— Ha, Zelixon, yanglishmading. Men senga aytardim-a, bir kunmas-bir kun keladi, deb... — Qariya Zelixonga qaradi. — Mana shu sening uying. Arslon urushdan qaytganda uyi kuyib ketgan edi. Maslahatlashib, shu yerga ko‘chirdik. Sen xohlagan kuning uyni bo‘shatib beradi.
Arslon o‘z o‘g‘lini kutib olayotgan ota mehri bilan Zelixonni mahkam quchoqladi.
— Otang mening qadrdonim edi. Sen tug‘ilganda chunon yayraganmizki, sen so‘rama, men aytmayin.

Qayd etilgan


AbdurRohman  31 Oktyabr 2007, 14:14:43

    Uy uch xonadan iborat, ikkitasini Arslon band qilgan, bittasiga uy egalaridan nimaki qolgan bo‘lsa, asrab qo‘yilgan edi. Egallangan ikki xona supurib-sidirilganda, bu xona ham albatta tozalanardi. Arslon Zelixonni shu uyga boshladi. Xona egasizga o‘xshamas, uy bekasi hozirgina yig‘ishtirganday sarishta edi.
— Bu xona ketganlaringdan beri seni kutyapti, — dedi Arslon. — Bobong bilan onangni Xudo rahmat qilsin, ularning qaytish qilganlaridan xabarimiz bor. Alibek og‘am to‘g‘ri aytdilar, seni kutdik. Xudoga shukr, kelding. Ota-onang, bobongning buyumlari shu yerda. Hatto... — Arslon kulimsiradi, — sening ishtonchalaring ham javonda turibdi...
U shunday deb Zelixonni yolg‘iz qoldirdi.
    Zelixon oyog‘idan mador ketayotganini his qilib, asta tiz cho‘kdi.
    Shu uyda kindik qoni to‘kilgan, shu uyda emaklab yurgan, shu uyda «ona» deb tili chiqqan. Bu uyda otasi, onasi, bobosining izlari bor. Bu devorlarga ularning ovozlari singib qolgan... Balki ruhlari ham shu uyda uni necha yillardan beri chirqirab kutayotgandir? Nega shu paytgacha kelmadi? Agar Ismoilbey o‘lmaganida, o‘lim oldidagi gaplarini aytmaganida umuman kelmasmidi bu yerlarga... Shu tomonlarga necha marotaba yo‘li tushdi. Bir yili «ovulimni borib ko‘ray», deb qasd ham qildi. Ammo yarim yo‘ldan qaytdi, oyog‘i tortmadi. Oyog‘i tortmaganining sababi bor — hali unda iymon ko‘z ochmagan edi. Ruhi jaholat botqog‘ida biqsib yotardi.
    U o‘rnidan turib javonga yaqinlashdi. Eshigiga yuzini qo‘yib turdi. Shu eshikni onasi necha marotabalab ochgan. Qo‘llari taftlari hanuz saqlanib qolgandir?..
    Oradan ko‘p o‘tmay hovlida jonlanish sezildi. Zelixon tanimagan ovuldoshlari uni ziyorat qilgani yig‘ila boshlagan edilar.

Qayd etilgan


AbdurRohman  31 Oktyabr 2007, 14:15:53

    Uning hovlisi uch kechayu uch kunduz to‘yxonaga aylandi. Qo‘ylarni olib kelganlar kimlar, so‘yganlar kimlar, dasturxon tuzaganlar kimlar — bilmaydi. Uch kun davomida qishloqning erka farzandi sifatida izzatda bo‘ldi. Necha xonadonda mehmonda bo‘lganini sanayman, deb sanoqdan ham adashdi.
To‘rtinchi kuni Alibek oqsoqol kirdi.
— Endi nima qilmoqchisan, shu yerda qolasanmi? — deb so‘radi u dabdurustdan.
— Shunday niyatim bor, — deb javob berdi Zelixon.
— Arslon uyni bo‘shatsinmi?
— Men so‘qqabosh bo‘lsam, bitta xona ham yetadi. Ularga malolligim kelmasa bas.
— Qo‘lingda hunaring bormi?
Zelixon panjalariga qarab, kulimsiradi. Gulday hunari bor-a, ammo cholga po‘lat sandiqlarni qanday ochishiyu, qulflarni qanday ustalik bilan buzishini aytsinmi?
— Yomon, juda yomon, — dedi Alibek oqsoqol. — Chechen yigitning hunarsiz bo‘lishi yomon. Sen otboqarga yordamlashasan, raisga aytib qo‘ydim.
— Ish bo‘lsa qochmas, yana uch-to‘rt kun dam olay, — dedi Zelixon.
Bu gapni eshitib oqsoqol qalin qoshlarini chimirdi. Burgut ko‘zlarini eslatuvchi nigohi yondi:
— Sen erkakmisan? Erkak odam og‘zini ochib yotishi mumkinmi?
Zelixon uning chindan achchiqlanganini sezib:
— Xo‘p, ertadan chiqaman, — dedi.
— Hoziroq ishga jo‘naysan, qani, oldimga tush!
Zelixon qaysarlik qilmay unga ergashdi. Uning izidan bora turib «bobom tarsaki tushirib yaxshi qilgan ekanlar», deb qo‘ydi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  31 Oktyabr 2007, 14:19:16

3

    «Otboqarga qarashasan», deyilganda «em-xashagini berarman, sug‘orarman», deb o‘ylagan Zelixon yanglishgan edi. Yoshi yigirma beshlarda bo‘lgan qoruvli yigit ko‘rinishi ziyolinamo yordamchisiga qarab, qoshlarini chimirib qo‘ydi. Otboqar ham ko‘pchilik qatori Zelixonni ziyorat qilgan, uning o‘tmishi, hunari nima ekanini ham bilardi. Shu bois yangi yordamchisini xushlamayroq qabul qildi. Bir nima deb rad etishga Alibek oqsoqoldan qo‘rqdi. Chol «Ollohga topshirdim», deb ketgach, Zelixon daraxt soyasidagi taxta o‘rindiqqa borib o‘tirdi.
Otboqar unga bir oz qarab turdi-da:
— Yuring, ishlash kerak, — deb otxona tomon yurdi.
Zelixon, «ishlasak ishlaymiz-da», deb ming‘irlab unga ergashdi. Ichkariga kirgach, otboqar devorga suyog‘liq belkurak bilan uzun dastali supurgini olib, unga uzatdi:
— Avval go‘ngni bir yerga to‘plang. Keyin zambilg‘altakda tashib chiqasiz.
Otboqarning buyrug‘i qat’iy, qisqa va lo‘nda edi.
    Bu buyruqdan Zelixonning bir ensasi qotdi, bir g‘ashi keldi, bir jahli chiqdi. Keyin o‘zini yengishga kuch topib, asta ishga kirishdi. «Qamoqda ham bunchalik xor bo‘lmagan eding, akademik, — deb o‘yladi u, — yura-yura topganing go‘ng tashish bo‘ldimi?»
    Bir qadam oraliqdagi go‘ngni surgach, belkurakni joyiga qo‘yib, tashqariga chiqdi-da, soyadagi o‘rindiqqa borib o‘tirdi. Saman otni qashlayotgan otboqar u tomonga bir-ikki norozi qiyofada boqdi. So‘ng Zelixonning bemalol o‘tirib olganidan achchiqlanib, unga yaqinlashdi.

Qayd etilgan