Al-Buxoriy Al-Barrodan rivoyat qiladilar: «Lo yastavil qo’iduna...» oyati nozil bo‘lgan paytda Payg‘ambar alayhissalom menga:
—Zaydni chaqir, lavhu qalam va kurak suyagini olib kelsin, — dedilar.
Shundan so‘ng, Zaydga:
—Yoz, «lo yastavilqo’iduna...» deb, amr qildilar. (hadis).
Imom Muslim Abu Saiddan quyidagi hadisni keltiradilar: Rasululloh (s.a.v.) aytdilar: «Mendan Qur’ondan bo‘lak hech narsani yozmanglar».
Mana shu tartibning o‘ziga binoan Payg‘ambar (a.s.) Qur’onni namozlarda va boshqa munosabatlar bilan tilovat qilgan chog‘larida sahobai kiromlar uni yodlab olar va o‘rganar edilar. Shunday qilib, Qur’onning yozilishi va qalblarda yod olinishi, uning nozil bo‘lishi bilan bir vaqtda kechdi, sahobalarning ba’zilari Qur’onni to‘la yod olgan bo‘lsalar, ba’zilari esa bir qancha suralarni yod bilar edilar. Rasululloh vafot etgan vaqtlarida Qur’oni Karim to‘liq holda sahobalar tomonidan yod olinib, xurmo, toshtaxtacha va boshqa narsalarga yozilgan edi. Rasululloh davrlarida Qur’onni to‘liq yod olgan sahobalardan o‘ttiz kishi sanab o‘tilgan. Rasulullohning 44 ta vahy yozuvchi kotiblari bo‘lgan. Shundan 14 talari mashhur. Ular navbatma-navbat kotiblik qilganlar. Bulardan tashqari huzurlarida hozir bo‘lgan boshqa kishilar ham Payg‘ambar (s.a.v.) aytgan oyatlarni yozib olar va yodlar edilar.