Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov  ( 178915 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 ... 43 B


Abdullоh  14 Mart 2009, 15:55:34

   Shoxonov. Eshitishimcha, Suymenqulning sog‘ligiga yomon ta’sir o‘tkazgan baxtsiz hodisa ro‘y beradi. Bu voqea A.Vidugrisning filmini suratga olish paytida sodir bo‘ladi. Suymenqul unda Qosim rolini ijro etadi. Qoya bo‘ylab orqasiga chekinib borayotgan Suymenqul pastlikdagi qirrador toshlar ustiga qulab tushadi. Boshqa paytlari shunday hodisa ro‘y berib qolsa, akter hech narsa bo‘lmaganday sapchib o‘rnidan turib ketaverardi. Biroq, bu gal hatto o‘rnidan qimirlay olmaydi. Yiqilgan chog‘ida xasta buyraklari qattiq zaxa yeydi. Do‘stlari Frunzedan vertolyot chaqirishib, Cho‘qmorovni kasalxonaga jo‘natishadi.
   Kasalxonadan chiqqan Suymenqul suratga olish ishlarini qolgan joyidan davom ettirdi. Qattol qoyani yengib o‘tib, o‘z rolini nihoyasiga yetkazadi.
   Aytmatov. Naql qilishlaricha, Olloh ham sabr-toqatli bandalarini yaxshi ko‘rar ekan. Biroq, Cho‘qmorov tortgan azob-uqubatlarni hatto gapirishning o‘zi azob. 1982 yildan boshlab to umrining oxirigacha, keyingi o‘n yil mobaynida u ellik olti marta operatsiya qilindi. Buning uchun qancha matonat, qancha kuch, qancha sabr-toqat kerak!
   Shoxonov. Odamlarning aytishicha, Suymenqul og‘ir kasallikka chalinib, Moskvada bemorxonada yotgan paytlari Siz undan tez-tez xabar olib turar ekansiz.
   Bitta juda zarur apparat olib berilishiga katta yordam berasiz...

Qayd etilgan


Abdullоh  14 Mart 2009, 15:56:06

   Aytmatov. Men hayron qoladigan hech narsa qilganim yo‘q. Yanglishmasam, 1982 yilning bahor faslida rafiqam Mariyam bilan kasalxonada yotgan Suymenqulni borib ko‘rdik. Uning ko‘zlaridan hayotga, ijodga tashnalik yaqqol sezilib turgan bo‘lsa-da, ammo o‘zi xiyla bukchayib, oriqlab qolgan edi.
   —   Dastlab, menga sun’iy buyrak qo‘yishmoqchi bo‘ldilar, — dedi Suymenqul. — Tavakkal qilishga rozi bo‘ldim, lekin vrachlar tavakkal qilishga ko‘nmadilar.
   So‘ng gap orasida, xorijda qandaydir qimmatbaho apparat bor ekan, o‘shani ichimga o‘rnatib qo‘yishsa, yana besh-olti yil yashashim mumkin ekan, deb qoldi. U kimdandir shu gapni eshitibdi.
   —   Buning uchun juda katta pul kerak. Pul topish qiyin. Nima bo‘lganda ham, endi bu yog‘ini taqdirimdan ko‘raman...
   Yuragim sirqirab ketdi. Bu o‘z fojiasiga tik qaray oladigan matonatli insonning so‘zlari edi. Odamni hayron qoldiradigan tomoni shunda ediki, u hamma narsa to‘g‘risida istehzo bilan, hazil aralash gapirardi. Yordam-pordam haqida ishora ham qilmasdi.
   Men ertasi kuni mana shu masala bo‘yicha Markazqo‘mga uchrashdim. «Eski maydon»dan ruxsat olganimdan so‘ng o‘sha paytdagi Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasining raisi Apas Jumagulovga sim qoqdim. Uning va Qirg‘iziston Kompartiyasi Markazqo‘mining birinchi kotibi Turdakun Usubalievning yordami bilan u paytlari bizda nodir hisoblangan shvedlarning buyrakni davolaydigan apparatini sotib olish uchun davlat byujetidan uch million so‘m pul ajratishga erishdik.

Qayd etilgan


Abdullоh  14 Mart 2009, 15:56:47

   Shoxonov. Bilishimcha, o‘sha apparat sharofati tufayli nafaqat Suymenqulga, balki buyragi xasta bo‘lgan yana yuzlab bemorlarga ham yordam beriladi.
   Men Suymenqulning og‘asi bo‘lmish oqsoqol Namirbek Cho‘qmorovni ayricha hurmat qilaman. Suymenqul kasalxonada yotgan yillar mobaynida u doim Frunzedan Moskvaga kelardi. Namirbek og‘a haftalab, oylab jon talashib yotgan jigarining yonidan jilmasdi; bemorni parvarish qilardi, ruhini ko‘tarardi. Bunday insonparvarlik har qanday qarindoshning ham qo‘lidan kelavermaydi.
   Keyingi o‘n yil davomida «Fristul» apparati yordami bilan har bir-ikki kunda Suymenqulning qonini tozalab turishardi. Agar bunday kasalga chalingan bemor uch-to‘rt kun o‘sha apparatdan foydalanmasa, bevaqt vafot etishi hech gap emas. Namirbekning aytishicha, Suymenqulning qo‘llari, oyoqlari, bo‘ynilari, boshi — yoppasiga igna bilan ilma-teshik etib yuborilgan edi. Mana shu yillarda o‘tkazilgan 56 operatsiyani ham qo‘shib qo‘ysangiz, beixtiyor yoqangizni ushlaysiz. Shunday bo‘lishiga qaramasdan, u doim kinolarda suratga tushardi, yangi-yangi rasmlar chizar edi! Qozoq yoki qirg‘iz tuprog‘ida tug‘ilgan bunchalik ijodga tashna insonni shaxsan men hech qachon uchratmaganman.
   Moskvadagi buyrak kasalliklari Markazining bosh vrachi, mashhur professor Aleksey Belousov Suymenqul to‘g‘risida bunday degan edi: «O’z tajribamda minglab bemorlarga duch kelganman. Biroq, bu qadar hayratlanadigan darajada matonatli, ruhan bardam insonni hech qachon ko‘rmaganman. U har bir og‘ir operatsiyaga mayda chivin chaqqanchalik ham e’tibor bermasdi». Axir, bu so‘zlar Cho‘qmorov tabiatan boshqacha bo‘lganiga dalil emasmi? Axir, u bekorga bukilmas, qat’iyatli, jasoratli insonlar timsolini yaratmagan-ku?!

Qayd etilgan


Abdullоh  14 Mart 2009, 15:57:38

   Yana bir voqeaga e’tiborni qaratmoq lozim. Sizga ma’lum bo‘lsa kerak, Suymenqul nihoyatda saxiy, olijanob inson edi. Boya eslatib o‘tganimiz, qonni tozalaydigan apparat Sovet Ittifoqida ishlab chiqarilmasdi. O’z filmlari bilan To‘lamush Ukeev Gollivud kinofestivalida qatnashadi. Natalya Arinbosarovaning sobiq eri, mashhur rejissyor Andrey Konchalovskiy o‘zining shaxsiy mablag‘iga o‘shanday qimmatbaho apparat xarid qiladi-da, T.Ukeevdan berib yuboradi. U bir paytlar Sizning qissangiz asosida suratga olingan «Jamila» filmida Suymenqul bilan birga qatnashgan edi.
   Suymenqul o‘sha apparatlarni nima qiladi? Ulardan bittasini Belousov rahbarlik qiladigan markazga hadya etadi. Ikkinchisini o‘zi bilan bir palatada yotgan gurji yigitga beradi. Suymenqulning tomirlariga tikib qo‘yilgan uchinchi apparat esa oradan ma’lum vaqt o‘tgach ishdan chiqadi.
   —   Suymenqulning o‘limi u bilan bitta kasalxonada davolanayotgan bemorlarga juda qattiq ta’sir qiladi, — deb eslaydi Namirbek og‘a. — Insoniylik har doim hurmat qozonadi. Bir marta o‘n kunga uyga ketib, yana Moskvaga qaytib bordim. Qarasam, stol bo‘m-bo‘sh, yegulik hech  vaqo qolmabdi. Ma’lum bo‘lishicha, dori-darmon, meva-cheva xarid qilish uchun qoldirilgan hamma pulni Suymenqul o‘zi bilan yonma-yon yotgan oltoylik bir yigitga berib yuboribdi. Yigitning uyga qaytib ketishi uchun puli yo‘q ekan. Odatda, kerakli dorini topolmayotgan yoki boshqa biror muammoga duch kelgan bemorlar yordam so‘rab Suymenqulga murojaat
etishardi. Shundan so‘ng u To‘lamush Ukeev, Bo‘lat Shamshiev va o‘sha paytlari Tashqi ishlar vazirligida ishlayotgan Roza Otinboeva, Stalbek Turg‘unboev kabi yor-do‘stlariyu tanish-bilishlarini har xil iltimoslarga ko‘mib tashlardi.

Qayd etilgan


Abdullоh  14 Mart 2009, 15:58:39

   Tabiatan mehribon, saxiy bo‘lgani tufayli Suymenqulning dafn marosimiga minglab ta’ziyachilar to‘plandilar. Kasalxonada birga davolangan turli millat vakillari sim-sim yig‘ladilar. Ayniqsa, yigirma olti-yigirma yetti yoshlar chamasidagi qo‘ltiqtayoqqa va onasining yelkasiga suyanib turgan rus yigitining so‘zlari ko‘pchilikning yodida qoldi.
   —   Men allaqachon narigi dunyodagi marhumlar ro‘yxatidan o‘rin olganman. Faqat Suymenqul topib bergan qimmatbaho dori-darmonlar tufayli umrimni uzaytirib yuribman, — dedi u hayajonlanib. — Menga hatto o‘zimning otam ham bunchalik yaxshilik qilgan emas. Endi tez orada men ham bu insonning orqasidan rixlatga ketsam kerak. Biz onam bilan shu kunga atab besh ming so‘mga yaqin pul to‘plab qo‘ygan edik. Hozir qo‘limda o‘sha puldan uch ming so‘mi bor. Agar menga rahmingiz kelib, bu pulni olmasangiz, yuragimga xanjar urgan bo‘lasiz. Mana shu pulni buyuk insonga sajda qilayotganimning belgisi sifatida qabul qilishingizni so‘rayman. — Yigitning samimiy so‘zlarini eshitishib, to‘planganlar duv-duv kuzyosh to‘kdilar.
   Avezovning asarlari asosida suratga olingan filmlarda Cho‘qmorov yaratgan bosh qahramonlar nozik ma’naviy dunyosi, aql-idroki bilan ajralib turadi. Bular qozoq adabiyotining mumtoz namoyandasiga o‘rnatilgan o‘lmas yodgorlikdir. Sir emas, o‘shangacha qozoqlarning o‘zlari kino tilida Avezov asarlarining mohiyatini bu qadar yuksak darajada ochib berolmagan edilar. Agar Suymenqul hayot bo‘lganda, shak-shubha yo‘qki, mustaqillik yo‘lini tanlagan Qozog‘iston Respublikasining xalq artisti bo‘lardi. Shunday esa-da, Qozog‘istonning Qirg‘izistondagi elchixonasi tomonidan ta’sis etilgan «Oltin ko‘prik» mukofotining eng birinchisini birodarlashuvga, ikki xalq madaniyatining taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan Suymenqul Cho‘qmorovga taqdim etdik. Mukofot marhumning bevasi Salima Shobozovaga topshirildi (u kishi ham olamdan o‘tdilar). Elchixonaning Katta zalida Cho‘qmorov asarlarining ko‘rgazmasi ochildi. Unda Siz ham ishtirok etdingiz. San’atkorga yodgorlik o‘rnatganimizdan so‘ng, u tug‘ilgan ovulda Suymenqul Cho‘qmorovning uy-muzeyi ochilishini so‘rab Respublika Prezidentiga, Hukumatga xat jo‘natdik.

Qayd etilgan


Abdullоh  14 Mart 2009, 15:59:39

   Aytmatov. Axir, Jo‘lon shoirona til bilan aytgan «Cho‘qmorov Qirg‘izistonning timsoli» degan ibora hozir og‘izdan-og‘izga ko‘chib yurmayaptimi?
   Hozir Qirg‘izistonning qat’iyatli, qayrag‘ochdek bukilmas o‘g‘loni, deyarli har kuni o‘lim bilan yuzma-yuz bo‘lib, hayot uchun kurashgan bo‘lsa-da, o‘zidan keyin juda katta ma’naviy meros qoldirdi. Undan qolgan o‘chmas xotira tufayli o‘zining ikkinchi hayotini — o‘z asarlaridagi hayotini boshladi...
   Eh, yonimizda qanchadan-qancha yulduzlar so‘nib ketdi...
   Bizning suhbatimizga yakun yasaydigan birorta she’ring bormi?
   Shoxonov. Bor.
   Aytmatov. Sen uni yoddan bilasanmi? O’qi.

Qayd etilgan


Abdullоh  14 Mart 2009, 16:00:04

   Shoxonov.
   
   Anduhdan qoraygan, bo‘ybermas, qadim
   og‘riq singib ketgan oddiy xonada     
   jon berar Tolstoy shu onda, shudam.
   Boshiga engashar sho‘rlik xotini
   va shivirlar: «Rozi bo‘l, ayblarim ko‘p!»
   Sukunat.
   O’yladi: «Azizam, yig‘lama,
   yig‘lama, dardlarim senikidan ko‘p.
   Bir oyoq go‘rdadir, bag‘ring tig‘lama.
   Sevgim qaytdi balo bo‘lib boshimga,
   loqaydliging etdi qalbimni g‘ijim,
   tushuna olmading... yashabqoshimda.
   Bilaman, ko‘nglingdan nelar kechadi,
   Tolstoyga xotin bo‘lish azob.
   Undan-da og‘irroq dardga chidadim —
   tushunmaslik bo‘ldi senga bir mazhab.
   Istasang — anglarding, istamading, yo‘q.
   Yarim asr yonma-yon yashadik, ammo
   birimiz suv bo‘lib, ikkinchimiz cho‘g‘.
   Men sendan roziman... endi alvido!»
   Asta yumdi g‘ussa bosgan ko‘zini.
   Tolstoy endi yo‘q. Mangulik daho!
   O’z xotiniyat tushunmadi o‘zingni,
   donolar ichinda, ey, sohibnavo!
   Mehru muruvvatni izlaymiz qaydan?
   Issig‘u sovuqdan xabar olar kim?
   Uch narsani mezon bil, tushunish shartdir:
   insoniy yuksaklik, teranlik, kenglik.
   Qalbdan qalbga tekis so‘qmoq yo‘q, axir!
   Anglamaslik — azob, go‘yo bir jarlik.
   Yuzma-yuz kurashdir — yo‘l topmoq qalbga,
   qanchalik tik bo‘lsa, baxtga eltadi.
   Nahot, tushunmaslik bandaning aybi?
   Kim istamas tushunmoqni, yitadi!
   Manzilga yetmagan qancha yo‘llar bor,
   Loyqadan ko‘milgan buloqlar qancha ?!
   Tushunmaslik — sotqin va xunxor,
   zimiston qo‘ynida boshlarni yanchar.
   Jordano gulxanin yoqqan ham sensan,
   Galileyni tiriklayin yutgan ham o‘zing.
   Birjonni arqon-la yiqqan ham sensan,
   sen o‘chirding Ulug‘bekning yulduzin.
   Dunyoda tavqi la’natga botding,
   senga hayf shirin so‘z, kechirim, shafqat,
   Abayga qulochlab shapaloq tortding,
   Avezovga yetdi, nihoyat, navbat,
   hasadgo‘y ko‘zlaring tikib suqlanding,
   quloqqa chalindi g‘arib mish-mishlar:
   «Roman degan bunday bo‘lmaydi,
   o‘qib ko‘ngul to‘lmaydi».
   Avezov mish-mishlardan shunchaki kuldi:
   BAHONI XALQ BERAR VA XALQ UNUTMAYDI!
   Shunday bo‘lganmi? Bo‘lgan.
   Demak, hisob-kitob tugamas hali.
   
   Qarab turib tanimaysan. So‘qirmisan, ayt!
   Tushunmaslik ayb emas deb, kimlar aytadi?
   Tushunishni istamaslik, bu ham jinoyat!
   Tushunmaslik — begim kunlarining rutubatidir,
   Ufqni yopib turar, kunduz kuyoshni.
   Shahdam qadam tashlab yosh avlod boradir,
   Hali tirik bo‘lsak, tushunaylik mana shu yoshni!

Qayd etilgan


Abdullоh  14 Mart 2009, 16:01:24

   Aytmatov. Endi esladim, men bu she’ringni oldingi kitoblaringdan birida o‘qigan ekanman. Bu oqilona, teran qo‘shiq.
   Bulut o‘rab-chirmab olgan qoyaning cho‘qqisi kabi biz yuqorida eslab o‘tgan zotlarning har biri o‘z hayoti chorrahalarida tushunmovchilik oqibatida ezilganlar. Sen she’rda shu narsani to‘g‘ri ifodalagansan. Azal-azaldan buyon davom etib kelayotgan jon va jasad kurashida o‘zlarining qudratli iqtidori va bukilmas irodasi tufayli mudom g‘olib bo‘lgan bu insonlar ham dorilbaqoga yuz tutdilar. Kimdir erta ketdi, kimdir kech. Avlodlarga so‘nmas yodgorlik — boy ma’naviy meros qoldirdilar. Ularning xotirasini yod etsang, ko‘ngul quvonchga to‘lib-toshadi, olam charog‘on bo‘ladi, dillar yayraydi! Ishonchim komilki, boshqalarning ulug‘ fazilatlarini, xatti-harakatlarini tan olish bilan ham dunyoviy saltanat taraqqiyotiga munosib ulush qo‘shish mumkin.
   Birinchidan, ularni bilishimiz va eslab yurishimiz o‘zimiz uchun kerak. Ikkinchidan, aziz mozorlariga bir siqim tuproq tashlaganimiz bobolarimizning o‘lmas ruhi va qudrati oldidagi bizning farzandlik burchimiz ham shuni taqozo etadi.

Qayd etilgan


Abdullоh  14 Mart 2009, 16:02:50

   ASRLAR SOYASIDAGI JINOYAT
   YOKI
   MARKIZ DE SAD, DUNANBOY VA AFRIKA
   IKKI TISHLI BALIG’INING ZAHRI

   ...Zamindan mahrum qilish mumkin, boylikdan mahrum qilish mumkin, hayotdan ham mahrum qilish mumkin. Lekin, inson xotirasiga tajovuz qilish mumkin degan gapni kim o‘ylab topdi?! O’-o‘, Xudoyim, biru borim o‘zingsan, netib odamlar ko‘ngliga bunday baloni solding? Axir, olamda bundan boshqa yovuzliklar ham tiqilib yotibdi-ku?!

   Chingiz Aytmatov

   Bir shaffof ichindami, jazira kunda
   Ucharga o‘tirib qilasan parvoz.
   Zaminga qaraysan bulut qo‘ynidan,
   O, zamin tep-tekis misli oq qog‘oz.
   
   Hilviroq jarligu ho‘-o‘, ilonli g‘or
   Go‘yoki yotibdi sokin uyquda.
   Masofa yashirar shunday sir-asror,
   Masofa ismsiz, hidsiz tuyg‘udir.
   
   Ey, mening peshonam — nedir yozug‘ing,
   Suyanchim o‘zingsan, aytaman chindan:
   Do‘st-dushman qalbiga gar tushsa ko‘zim,
   Qarayin uzoqmas, faqat yaqindan.


   Muxtor Shoxonov

Qayd etilgan


Abdullоh  14 Mart 2009, 16:03:38

   Shoxonov. Insoniyat tarixi mobaynida tirnoqlab to‘plangan ma’naviy boylik kundan-kunga qadrsizlanib borayotir. Shak-shubha yo‘qki, faqat Siz bilan men bunday fikrda emasmiz. Ko‘pchilik shunday deb o‘ylaydi. Shafqatsizlik va berahmlik ildiz otib borayotir, yaxshilik va mehr-shafqat o‘zining tabiiy bandargohidan kundan-kun uzoqlashib ketayotir. Bu jarayon qachon boshlandi?
   Begona o‘tlar yulib tatshlanmasa, sholi ko‘karmaydi, hosil bermaydi. O’z vaqtida «o‘toq» qilinmasa, inson ongining tilsimlangan.. sirhonalarida saqlanayotgan ibtidoiy instinktlar va sanamga aylantirilayotgan sadizmga moyillik kayfiyatlari bartaraf etilmasa, insoniyatga qarshi qaratilgan jinoyat dahanaki xavf-xatardan rasmona qoidaga aylanib qolsa ajab emas.
   Tujjoriy televideniya ekranlari, kino va video salonlar «daxshatli filmlar»dan bo‘shamay qoldi. Kechasiyu kunduzi ming maqomda yo‘rg‘alaydigan zo‘rovonlik, tahqirlash, qiynoq manzaralari mamnuniyat bilan namoyish qilinadi. Kitob do‘konlari kallakesarlar, jallodlar to‘g‘risidagi yengil-elpi oldi-qochdi asarlarga to‘lib-toshib ketdi. Bularning yuksak badiiylik tamoyillariga hech qanday aloqasi yo‘q. Lekin, suyak surish kasaliga malham bo‘lishi mumkin. Boz ustiga, «ajal qurollari»ning har xil turlari shahar ko‘chalarida oshkora sotilmoqda.

Qayd etilgan