Yana yomon ishlarga birovni nohaq o‘ldirish, namoz o‘qimaslik, ota-onani og‘rintirib, ularga osiy bo‘lishlik, ro‘zani sababsiz ochib yuborish, Payg‘ambarimizga tuhmat qilish, mast qiladigan ichimlik ichish, birovning narsasini nohaq tortib olish kabi ishlar ham kiradi.
Musulmon bolalar, ayniqsa, yolg‘on gapirish, va’da berib bajarmaslik, birovning narsasini o‘g‘irlash, aldamchilik, qimor o‘ynash, o‘tgan darslarda aytilgan harom narsalarni yeyish, chaqimchilik, kerilib, maqtanish, och ko‘zlik, yolg‘on guvohlik berish, buzuqlik kabi og‘ir gunoh bo‘ladigan yomon ishlardan ehtiyot bo‘lishlari kerak. Chunki odam yaxshi bo‘lsa Allohni tanib, namozlarni o‘qib, ro‘zalarni tutib yursayu yuqoridagi gunohlarni qilsa, savoblari o‘chib ketadi. Jannatga kirishi qiyinlashadi. Shuning uchun bunaqa yomon ishlarni aslo qilmaslikka harakat qiling.
Bordiyu birorta oshnangiz yoki katta bolalar ana shunday ishlarga boshlasa, sira ko‘nmang. «Quddus amakim aytganlar, bu ishlar gunoh bo‘ladi», deb ularni ham qaytaring. Shunda sizning savobingiz ikki baravar ko‘payib ketadi. Alloh taolo va Hazrati Payg‘ambarimizga suyukli, yoqadigan islomiy farzand bo‘lasiz. Gapimni yaxshilab eslab, unga doim amal qilib yuring, xo‘pmi, do‘mboqchalarim?!