— Sizning oldingizda yeshinaymi?
— Uyalsangiz men yuzimni o‘girib turay, — dedi va yuzini chetka burdi.
— Qaramang bo‘lmasa, — dedi Kumush yeshinar ekan, — «bo‘lg‘ani yo‘q, bo‘lg‘ani
yo‘q» degan so‘zni besh-olti qayta takrorladi va o‘ringa kirib olg‘andan keyin ham
«bo‘lg‘ani yo‘q, bo‘lg‘ani yo‘q» deb kular edi.
Otabek nihoyatsiz «bo‘lg‘ani yo‘q» dan zerikib qaradi:
— Aldamchi.
— Bu aldashlar — aldash emas, siz hali qarab turing, qochqoq.
— Aniq qo‘rqmaysizmi yolg‘iz?
— Nega qo‘rqay, ikki yil yolg‘iz yotib, endi juda o‘rgandim... Ehtimol siz yolg‘izliqdan
qo‘rqarsiz.
— Kinoyangiz...
— Bu kinoya emas, to‘g‘ri so‘zim, — dedi Kumush,— men bu holda yolg‘iz ham
emasman...
— Bu nima degan so‘zingiz tag‘in?
— Ya’ni hamrohim bor, deganim — mendan qo‘rqmang, deganim...
Otabek yana tushunmadi...