Zohidning talabi bilan xotin o‘sha kiyimlarni javondan olib ko‘rsatdi. Zohid uning ijozati bilan boshqa kiyimlarini ham ko‘zdan kechirib, ayrimlarini tekshirtirish uchun oldi. Tekshirish natijasi o‘sha kuniyoq ma’lum bo‘ldi: pidjakning yengidagi qon dog‘i, shimdagi tuproq qoldiqlari Zohidni gumon sahrosidan haqiqat vodiysi tomon boshlaganday bo‘ldi. U shosh-qich ravishda tintuvga ruxsatnoma olib, qidiruv guruhi bilan Shokarimovning uyiga bordi. Yerto‘ladagi kavlab, jasad ko‘mib qo‘yilgan joy uning barcha savollariga javob berdi.
Erining o‘sha kuni barvaqt kelgani, so‘ng orada mashmasha chiqib, katta janjalga aylangani, oqibat musht ishga tushganini Oysanam uyda emas, qamoqning so‘roqxonasida aytdi. «Men o‘zimni himoya qildim. «Bo‘g‘aman», deb yopishganlarida itarib yubordim, yiqilib, boshlari dazmolning uchiga tegdi. Shu bilan... jonlari chiqdi», deb uvvos tortib yig‘lashni boshladi.
Masala yechilgach, necha oy davom etgan ish Zohidga oddiy gapday bo‘lib ko‘rindi. Zaripovani ozod qilish haqidagi qarorni yozib berdi. Bir ko‘ngli qarorni o‘zi olib borib, bu jabrdiyda ayolni kuzatib qo‘ymoqchi ham bo‘ldi. Lekin bahsda yengilganini tan olib borishni istamadi. Buning ustiga respublika prokuraturasidan Said Qodirov yo‘qlab qoldi.