Imomi Nasoiy sahih isnod bilan Abdulloh bin Umardan rivoyat qiladilar: «Qur’onni jam’ qildim va uni har bir kecha to‘la o‘qir edim. Buni eshitib Payg‘ambar alayhissalom: «Uni (Qur’onni) har oyda (to‘la) o‘qi(b chiq),» dedilar». (Hadisning asli «Sahih»da).
Sha’biy aytadilar: «Payg‘ambar zamonlarida Qur’onni, olti kishi jam’ qilgan edi: Ubay, Zayd, Muoz, Sa’d bin Ubayd, Abu Zayd va Mujammi’ bin Joriya».
Muhojirlardan Usmon, Ali, ibn Mas’ud, Solim Mavlo Huzayfa, Abdudloh bin Umar va ibni Oslar ham Qur’onni jam’ qilganlikdari haqida rivoyat bor.
Ibni Sirindan rivoyat qilinishicha, hazrati Ali raziyallohu anhu aytdilar: «Rasululloh vafot qilganlarida, to Qur’onni jam’ qilmagunimcha jum’a namozidan boshqa namozlarda rido(ustki kiyim)imni kiymayman, deb qasam ichdim. Shunday qilib uni jam’ qildim ( yod oldim)».
Xuddi shunday hadis Ikrimadan ham rivoyat qilingan. Unda aytilishicha hazrati Abu Bakr Siddiq Ikrimaga: «Ha, (Ali ridosini kiyganini) ko‘rmadim», deganlar.