* * *
Asli ismi Fotima bo‘lgan Ummu Jamil, kelgan ayolni uyiga kiritdi. Ammo unga yordam berolmasligini, chunki Abu Bakrni ham, Muhammad bin Abdullohni ham tanimasligini aytdi.
— Qizim, iltimos qilaman, o‘g‘limni bir ahvolda tashlab keldim. Sendan oladigan xabarimdan tinchlanar. Biror narsa yedirib — ichirish imkoniyati bo‘lar, yordam ber.
— Xolajon, ularni tanimasligimni aytdim-ku, — Ummu Jamil qayta rad javobini berdi.
— Jonqizim...
Onaning yolvorishlari Ummu Jamilni yumshatdi:
— Xohlasangiz, siz bilan borishim mumkin, — oxirgi so‘zi shu bo‘ldi Ummu Jamilning.
Ikki ayol birgalikda yo‘lga tushishdi. Uyga kelganlarida hazrat Abu Bakr (r.a.)ni bu holda ko‘rgan Ummu Jamil birdan faryod chekib, «Seni bu holga solganlar albatta, fosiqdir, kofirdir!», deya yig‘lay boshladi.
Ummulxayr ajablandi. Shuncha yolvorganda ham, tanimayman deb turgan bu ayol, endi jon jigaridek kuyinayotgan edi. Xasta esa yana avvalgi savolini qaytardi.
Ummu Jamil esa nihoyatda past ovozda unga javob berdi:
— Onang shu yerda, ey, Abu Bakr, gaplarimizni eshitadi.
— Tashvishlanma, onamdan qo‘rqishning hojati yo‘q, — deb tinchlantirdi uni Abu Bakr.
Shundan keyin ular o‘rtasida suhbat boshlandi:
— Senga shuni aytishim mumkinki, Rasululloh (s.a.v.)ning ahvoli yaxshi, sog‘ —salomat.
— Hozir qaerdalar?
— Arqamning uyida. Ummulxayr hazrat Abu Bakrga:
— O’g‘lim, maqsadingga erishding. Biror narsa yeb olishing kerak — dedi. Ammo xasta:
— Yo‘q, avval Uni ko‘rishim kerak. So‘z beramanki toki Uni ko‘rmagunimcha hech narsa yemayman va ichmayman.