8. Fir'avn qasrida
Nil daryosi sohillarida Fir'avnning ko'p qasrlari bor edi.
Fir'avn sohil bo'yidagi qasrlarida istirohat qilardi. Kunlardan bir kun u ayoli — misr malikasi bilan oyoqlari tagida shovillab oqayotgan daryoga tikilib o'tirardi. Banogoh to'lqinlar quchog'ida allalanib kelayotgan sandiqqa ko'zi tushdi.
- Ey hojam, anavi sandiqni ko'rayapsizmi?- dedi Misr malikasi.
Fir'avn e'tiborsiz javob berdi:
- Nilda sandiq nima qiladi? U bir yog'ochdir-da.
- Yo'q, aniq sandiq oqib kelayapti deya e'tiroz bildirdi malika.
Bu orada sandiq ular oldiga ancha yaqin kelib qolgandi. Atrofdagilar ham — "Ha, ha sandiq ekan",- deb qichqirib yuborishdi.
Shoh hizmatkorlaridan biriga sandiqni tutib kelishni buyurdi. Sandiq keltirildi. Uni ochgan kishilar hayratdan yoqa ushlab qolishdi. Sandiq ichida do'ndiq bir go'dak jilmayib yotardi.
Hamma uni bir-bir qo'liga olib tomosha qilib chiqdi.
Fir'avn ham hayron edi. Hizmatkorlardan biri "Bu bola Banu Isroildan, shoh uni albatta qatl qiladi" dedi.
Lekin Misr malikasi bolani yoqtirib qolgandi. U qo'lidagi jajji go'dakni bag'riga bosib, o'pib erkalar ekan, eriga qarab shunday dedi:
- "(Bu bola) Men uchun ham, siz uchun ham, ko'z quvonchidir. Uni o'ldirmanglar. Shoyadki, uning bizlarga nafi tegsa yoki uni bola qilib olsak".
Shunday qilib Muso ibn Imron Fir'avn qasrida yashay boshladi. Fir'avn jallodlari shuncha tirishsalar ham, bu bolani topa olmagan edilar. Vaholanki, ular lochindek o'tkir ko'zlari va chumolidek sezgir burunlari bilan o'lib-tirilib qidirishgandi.
Alloh taolo irodasiga muvofiq go'daklar jallodi Fir'avn kelajakda uning mol-mulkini tortib oladigan go'dakni o'z uyida tarbiya qila boshladi. Bechora Fir'avn...
Shunday qilib, shoh ham, uning vaziri Homon ham, butun askarlari ham qattiq yanglishdilar.
"Bas, uni Fir'avn xonadoni (o'sib-ulg'aygach) o'zlariga dushman va g'am-tashvish bo'lishi uchun tutib oldilar. Albatta Fir'avn, Homon va ularning lashkarlari hato qiluvchi bo'ldilar".