FASL
Do‘stlar - suhbatdoshlarning haqlari va shartlari
Bilg‘ilki har kishi suhbat qilmoq va do‘st bo‘lmoqga yaramas. Bas, ul kishi birla do‘st va hamsuhbat bo‘lg‘ilki, aningda uch xislat bo‘lg‘ay:
Avvalgi xislat - oqil bo‘lsinki, axmoqdan va aning suhbatidan foyda yetmas. Bil’aks, oxiri bu kishig‘a ham ahmoqlig‘i siroyat (ya’ni ta’sir) qilur. Axmoq uldurki, senga yaxshilik qilmoqni xohlar, ammo senga ziyon bo‘ladurg‘on ishni qilar. Axhmoqdan yiroq bo‘lmoq Haq taolog‘a yaqin bo‘lmoqdur. Axmoqni yuzig‘a qaramoq gunohdur. Bas, axmoq uldurki, yaxshi-yomonni, to‘g‘ri va egrilikni farqlashga farosati yetmas. Anga yaxshilik qilsang fahm qilmas.
Ikkinchi xislat - xush fe’llik va chiroyli muomaladur. Buning aksi - kim yomon xulqni tark etmasa vaqti kelib, yomon odati, badxuyligi tutib qolsa, xaqiqatni va barcha yaxshi xislatlarni zoye’ qilishlikdan xor qilmas (uyalmas).
Uchinchi xislat - salohdur. Gunoh, ma’siyatga rag‘bati bor (salohsiz) odam Xudoi taolodan qo‘rqmaydi va andisha qilmaydi. Kimki Xudoi taolodan qo‘rqmasa, anga e’tiqod qilib bo‘lmas. Chunonchi, Xudoi taolo xabar beribdur:
«Va lo tuti’ man ag‘falno qalbahu an zikrino vattaba’a havohu». (Kahf,28).
Oyatning tafsiri: «Itoat qilmanglar va ergashmanglar ul kishig‘aki, g‘ofil qilduq ani o‘z zikrimizdan va ul kishi o‘z nafsining xohishiga qarab ish qilur».
Agar mubtadi’ (bid’atchi) bo‘lsa, aningdin yiroq bo‘lg‘ilki, aning bid’ati va shumligi senga yetar. Hazrati Imom Ja’far Sodiq r.a. aytibdurlar: Besh toifa suhbatidan yiroq bo‘lg‘il va xazar qilg‘il:
Avvali - yolg‘onchiki, ani yolg‘oniga aldanib, mag‘rur bo‘lursen.
Ikkinchi - axmoqki, senga manfaat yetkururman deb ziyon yetkurur.
Uchinchi - baxil kishi senga manfaat yetar vaqtda sendan qochar.
To‘rtinchi - tangdil (yuragi tor) odam muhtojlik vaqtida uzoqlashar.
Beshinchi - fosiqki, seni bir luqmaga sotar.
Bilgilki, bu xislatlarning hammasi bir kishida jam’ bo‘lmog‘i kamdur. Va lekin kishi birla chin do‘st, ulfat bo‘lmoqni xohlasang, xushfe’l, ya’ni insonga yoqimli, xush tabiat, xush xulq kishini talab qilg‘il. Va do‘stlikka ul kishini ixtiyor qilg‘ilki, din ishida ul senga manfaat yetkurgay va yo sen anga manfaat yetgurgaysen. Suhbat va do‘stlik huquqini bilgilki, aytibdurlar, ikki do‘stliqning misoli ikki qo‘lg‘a o‘xshashdur, bir-birini yuvib, pok qilur.
Do‘stlik haqqi, do‘stlarning o‘zaro ado etiladigan burchlari ko‘pdir. (Do‘stlar o‘n burchini bilsinlar).