Ahmad Lutfiy Qozonchi. Saodat asri qissalari (3-kitob). Olamlarga porladi quyosh  ( 127017 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 B


AbdulAziz  04 Yanvar 2009, 03:40:56

HUZAYMA GUVOH BO’LDI

Bir kuni janobi Rasuli akram (s.a.v.) Madina bozorida bir otga xaridor bo‘ldilar. Ot egasi Sava’ ibn Horis ismli bir badaviy edi. Oldisotdi axdlashuvidan keyin Rasululloh (s.a.v.) pulni olib kelish uchun ketdilar.
Bu orada otning sotilganini bilmagan ba’zi kishilar u badaviyning atrofini o‘rab olishdi. Savdolashishga kirishishdi. Badaviy Nabiyyi muhtaram janobimizning ortlaridan:
— Agar otni olmoqchi bo‘lsang, pulini hoziroq ber. Bo‘lmasa, men uni sotib yuboraman! — deb baqirdi.
Rasululloh (s.a.v.) orqalariga qaytdilar.
— Men bu otni sendan sotib olmadimmi? — deb hayratlandilar.
—   Yo‘q, vallohi, uni senga sotganim yo‘q.
—   Ammo men uni sendan sotib oldim.
—   U holda so‘zingga guvoh keltir!
— Otni sotganingga men guvohman! Sen uni savdolashib sotding.
Rasululloh (s.a.v.) ajablanib, ovoz chiqqan tomonga o‘girildilar. Gapirgan Huzayma ibn Sobit ekan. Savdo tepasida u bo‘lmaganini bilardilar. O’zi ko‘rmagan voqeaga guvohlik berishi g‘aroyib emasmi?!
—   Nimaga asoslanib guvohlik beryapsan, ey Huzayma? — deb so‘radilar:
—   Sizning payg‘ambar ekaningizga qanday ishonsam, o‘shanga asoslanib, ey Ollohning rasuli! Siz Ollohdan keltirayotgan shuncha xabarda rostgo‘y bo‘lasizda, bitta ot savdosida yolg‘on so‘zlarmidingiz?!
Huzayma aniq nishonga urgan, bu gapi mustahkam imonining bir dalili edi.
Rasuli akram (s.a.v.) Huzaymaning ishidan mamnun bo‘ldilar. Uning guvohligi badaviyni haqsizga chiqarish asosiga emas, balki payg‘ambarining aslo yolg‘on gapirmasligi asosiga tayanardi.
Huzayma bu oqilona ishi evaziga Rasulullohning xos iltifotlariga sazovor bo‘ldi. Janobimizning lablari orasidan ushbu so‘zlar to‘kildi:
— Huzaymaning guvohligi ikki kishining guvohligiga tengdir.
Olamlar Sarvari aytgan bu so‘zlarga o‘sha yerda turgan bir necha sahoba ham shohid bo‘lishdi.
Janobi Payg‘ambar (s.a.v.) otni oldilar. Pulini badaviyga berdilar. Ushandan keyin bu ot «Murtajiz» laqabi bilan mashhur bo‘lib ketdi1.
Oradan yillar o‘tganida ham Huzayma u kunning aziz xotirasini ko‘nglida saqlayajak. Payg‘ambarimizning vafotlaridan keyin Qur’on oyatlari to‘planayotganida, Tavba surasining oxirgi ikki oyati Rasuli kibriyo janobimizning huzuri saodatlarida yozilganini ayta oladigan yolg‘iz shaxs shu Huzayma bo‘lajakdir.
— Bu oyatlarni Rasulullohning ko‘z o‘ngilarida yozganingga guvoh keltir, ey Huzayma! — deyishganida:
— Faxri koinot janobimiz mening guvohligimni ikki kishining guvohligi o‘rniga qabul qilganlar, sizlar buni bilasizlar, — deya javob berajak.
Muammo shunday hal etilajak, Rasululloh janobimizning (s.a.v.) sevgili birodarlari Huzayma Qur’onning oxirgi yozilgan oyatlariga imzosini shu xilda bosajak.

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Yanvar 2009, 03:41:15

 * * *
Hijratning oltinchi yili muharram oyining o‘ninchi kuni Muhammad ibn Maslama boshchiligidagi bir qism askar Najid tomonlarga yo‘lga chiqdi.
Maslama o‘g‘li bu safardan ko‘zlagan maksadiga erishmadi, u yoqdan bir qancha tuya va qo‘ylarni o‘lja olib qaytdi, xolos. Yo‘lda bir odamga duch kelishdi. Uning mushrik ekanini bilgach, tutib, Madinaga keltirishdi. Masjidning ustunlaridan biriga bog‘lab qo‘yishdi.
U odam qo‘lga tushganida bir qo‘rqqan bo‘lsa, ketayotgan yo‘llarining Madinaga eltishini anglagach, peshonasidan oqayotgan sovuq terlar tamoman ajal terlariga aylandi. Bir vaqtlar Rasulullohning (s.a.v.) jonlariga qilgan suiqasdining jazosini endi achchiq va og‘ir bir shaklda olajagiga hech shubha qolmadi.
Uni ustundan yechib oladigan bir xayrxoh inson ham toiilmaydi. Holbuki, u bunday yaxshilik evaziga ko‘p narsalar berishi mumkin edi.
Rasululloh (s.a.v.) bomdod namoziga chiqqanlarida, ustunga bog‘li bu odamni ko‘rdilar, ganidilar.
— Bu odamning kimligini bilasizlarmi? — deb so‘radilar sahobalardan.
—   Yo‘q, bilmaymiz, — deb javob qilishdi.
—   Bu odam Sumoma ibn Usoldir. Sumoma bir titrab tushdi.
Namozdan keyin janobi Payg‘ambar (s.a.v.) unga yaqin keldilar:
—   Nimalarni o‘ylayapsan, ey Sumoma? — deb so‘radilar.
—   Yaxshi narsalarni o‘ylayapman, ey Muhammad. Agar meni o‘ldirsang, qo‘li qon bir kishini haqli o‘laroq o‘ldirgan bo‘lasan. Gunohimni kechib yuborsang, yaxshiligingni tashakkurla kutib oladigan bir insonga ikrom qilgan bo‘lasan. Shoyad mol evaziga meni ozod etishga rozi bo‘lsang, tilaganingni tila, o‘tashga hozirman, — dedi Sumoma.
Faxri koinot (s.a.v.) indamay hujralariga kirib ketdilar. Xotinlariga:
— Uyda bor yemakdan Sumomaga chiqartiringlar, — dedilar va: — Sut bilan ikrom qilinglar, — deb qo‘shib qo‘ydilar.
Sumomaning o‘sha kuni shu tarzda kechdi. Ertasi Janobimiz ayni savolni yana so‘radilar va ayni javobni oldilar.
Uchinchi kuni ham shu savoljavob takror bo‘ldi. Janobimiz yonlaridagilarga o‘girilib:
— Uni qo‘yib yuboringlar, — deb marhamat qildilar.
Sumoma joniga bunday osongina omonlik berilishini sira kutmagan edi. Hayajonlanib ketdi. Uch kun qo‘loyog‘i bog‘li holda ushlab turilganiga qaramay, ochlikda va suvsiz tashlab qo‘yilmadi, hatto xos mehmonlarga tortiq qilinadigan yemaklardan ikrom etildi!
Sumoma yana bir marta o‘ylab ko‘rdi. Necha oylar avval o‘zi o‘ldirmoqchi bo‘lgan odami bugun uni avf etganini xayolidan kechirdi. Holbuki, o‘shanda suiqasdga hech kanday sabab yo‘q edi. Umrida ko‘rmagan, umuman tanimaydigan bir insonni o‘ldirishga chiqqan edi o‘ziyam. Hozir o‘sha ishiga jazo o‘laroq qatl etilsa, g‘oyat tabiiy edi. Ya’ni, birontasi Sumomaga suiqasd qilgan bo‘lsayu uni tutib olsa, hech ikkilanib o‘tirmay, osonlik bilan o‘ch olgan bo‘lardi.
U qorong‘i biror xonaga kamab qo‘yilishi ham mumkin edi. Aksincha, musulmonlar kunda besh daf’a to‘planib, ibodat qilinadigan masjidda saqlandi xossatan. Rasululloh janobimizni yaqindan ko‘rdi, u zot (s.a.v.) o‘qigan Qur’onni va musulmonlarga xitoban so‘zlagan so‘zlarini eshitdi.
Jami bu ishlarning natijasi o‘laroq bog‘lari bo‘shaldi va o‘zi ozod qo‘yib yuborildi. Har xil tuyg‘ular ila yo‘g‘rilgan ko‘p nigohlar uni ta’qibida masjiddan chiqdi. Bir so‘z demasdan, hech minnatdorlik qarzi yo‘q odam kabi keta boshladi. Suvsiz kolgan bir sahroyining ishiga o‘xshardi uning bu qilig‘i... Tashakkur ham aytmadi. Qo‘lini silkitasilkita Madinadan ancha uzoqlashganidan keyingina ozod bo‘lganiga to‘liq ishondi. Masjidda banddan bo‘shatilgach yoki shahardan chiqib ketayotganida orqasidan otilgan bir o‘k yo nayza ila narigi dunyoga jo‘natilishi ham qiyin emasdida. Zero, saxro qonuniga ko‘ra, hamma narsani kutsa bo‘ladi...
Ammo bu yer cho‘l emasdi, Madina edi. Rasululloh janobimizning shaharlari edi. Bu yerning qonunlarini
303
Olloh taolo belgilagan, Rasululloh janobimiz yuritar edilar.
Sumoma bir xurmozor bokka kirdi. U yerdan suv topib, cho‘milib chiqdi. So‘ngra orqasiga qaytib, to‘g‘ri masjidga yo‘l oldi. Rasulullohning huzurlariga bordi. Qarshilariga tiz cho‘kdi:
— Sizning xaqiqatan payg‘ambar ekaningizga ishonaman, men ham Sizning diningizga kiraman, — dedi.
Rasululloh (s.a.v.) shaxodat kalimalarini aytib turdilar, u aynan takrorladi. Keyin:
— Yo Muhammad! Bu dunyoda Sizning yuzingizdan ham ko‘proq nafratimni qo‘zg‘aydigan qiyofa yo‘q edi. Endi menga yuzlarning eng sevimlisi Sizning yuzingizdir! Bu kungacha men eng ko‘p yoqtirmagan din, vallohi, Sizning diningiz edi, endi hamma dinlar ichida eng sevimlisi Siz keltirgan shu dindir! Qasam ichamanki, boshqa hech bir shahardan Siz turgan bu shaharchalik irganmasdim, endi menga hamma shaharlardan eng yoqimlisi shu shahringizdir!.. Odamlaringiz meni tutib olishgan paytda umra niyati bilan Makkaga ketayotgan edim. Menga nimani buyursangiz, o‘shani qilaman.
Janobimiz unga musulmonlikni qabul etgani uchun mamnuniyatlarini izhor etdilar. Mujdalar berdilar. Umrasini oxiriga yetkazishni buyurdilar.
Sumoma u yerdan samimiy musulmon bo‘lib ayrildi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Yanvar 2009, 03:41:29

* * *
Sumomaning umraga kelayotib Madinada Islomni qabul etgani xabari o‘zi hali Makkaga kirib kelmasidan burunoq yetgan edi. Uni qarshilaganlar norozi bir ifoda ila:
— Sobiiy bo‘libsanmi?! — deb so‘rashardi.
— Yo‘q, men sobiiy bo‘lmadim. Ammo Muhammadning payg‘ambar ekaniga inondim, dinini qabul etdim, — deya javob qilardi Sumoma.
Uning bu javobi makkaliklarning to‘nini teskari kiydirdi:
—   Daf bo‘l bu yerdan, ey Sumoma. Bundan keyin oramizda senga do‘st ko‘zi bilan boqadigan bir kimsa yo‘qdir! — deyishdi.
—   Bo‘lmasa bo‘lmasin! Sizlarning do‘stligingizga muxtoj emasman. Ammo shuni hech xotiralaringdan chiqarmanglarki, agar Rasululloh janobimiz (s.a.v.) amr et. Kuyoshga sig‘inuvchi kimsalar, Yamoma tarafdan sizlarga bittagina bug‘doy donasi ham kelmaydi! Mard bo‘lsalaring, eplab opkelinglar, ko‘raman.
Shunday deya Sumoma Makkadan chiqib, Yamoma sari yo‘l oldi.
Darhaqiqat, kelgusida Sumoma so‘zining ustidan chiqajak va Makkaga dondun kelmay qo‘yajak. Oxirida makkaliklar bu yo‘lning ochilishini so‘rab, Rasulullohga bosh urib kelajaklar va Sumoma Sultoni anbiyodan (s.a.v.) kelgan bir maktubdan keyingina taqiqni o‘rtadan ko‘tarajakdir. (Muslim, 3/1386.)

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Yanvar 2009, 03:41:52

* * *
Hijratdan buyon olti yil kechdi. Jumadulavval oyi keldi. Bir kuni Zayd ibn Horisa yetmish kishilik birlikka boshliq etilib, Shom tarafidan kelayotgan tijorat karvonining yo‘lini to‘sishga chiqarildi. Bunday karvonlarni qo‘lga kiritishga harakatdan murod Qurayshning anchamuncha kuchaygan, vaxshiylashgan adovatini kssish, yuragiga vahima solish edi.
Zayd (r.a.) ko‘l ostidagi bu kuch ila darxol yo‘lga tushdi. Is degan joyda karvon tutildi. Boshlig‘i Abul Os ibn Robi’ Janobi Payg‘ambarimizning sevimli qizlari Zaynabning eri edi.
Keltirilgan mollarni Rasululloh (s.a.v.) askarlarga bo‘lishib berdilar. Abul Os esa, kechasi qochib, xotini Zaynabga bosh urib bordi, himoya istadi.
Bomdod namozi o‘qilayotgan paytda masjidda Zaynabning (r.a.) tanish ovozi yangradi:
— Ey musulmonlar! Men Rasulullohning qizlari Zaynabman. Xabaringiz bo‘lsin, men Abul Osni himoyamga oldim, — dedi.
Namoz o‘qib bo‘lingach, Nabiyyi akram (s.a.v.) ashoblariga o‘girildilar:
—   Namoz chog‘i men eshitgan gaplarni sizlar ham eshitdilaringmi?
—   Ha, ey Ollohning payg‘ambari, eshitdik, — deyishdi.
Janobimiz bu hodisani hozirgina eshitib turganlarini, avval bexabar ekanlarini bildirdilar. Keyin qizlarining uyiga bordilar. Abul Osning mushrik ekanini, shu sababdan undan qat’iyyan uzoqlashishni, oilaviy hayot davom etishi mumkin emasligini tushuntirdilar.
Hazrati Zaynab (r.a.):
— Abul Os mollarining qaytarib berilishini istab kelibdi, — deya o‘rtada boshqa hech qanday gapso‘z bo‘lmaganini anglatdi.
Nabiyyi akram (s.a.v.) xabar yuborib, askarlarni to‘pladilar. O’lja mollar qaytarib berilsa, mamnun bo‘lajaklarini, qaytarilmasa ham qayg‘urmasliklarini, chunki ular bu mollarga to‘la haq qozonishganini ang 3 latdilar.
Askarlar Janobimizning bu rijolarini qabul etishdi. Ulushlariga tekkan hamma narsani qaytarib berishdi. Rasululloh (s.a.v.) Abul Osga musulmon bo‘lishni taklif qildilar, lekin u qabul qilmadi. Ozodsan, qayoqqa ketsang, ketaver, deyildi.
Abul Os Hazrati Zaynabning (r.a.) himoyasidan foydalanib, Madinani tark etdi. Karvonni boshlab Makkaga yo‘l oldi. Shaharga yetgach, mollarini egaegalariga topshirdi.
— Menda hech kimning haqi qolmadimi, ey Qurayshxalqi? — deb so‘radi.
— Yo‘q, qolmadi, — deyishdi.
 U holda men o‘zimning musulmon bo‘lganimni e’lon eta olaman. Guvohlik beraman, Ollohdan boshqa hech bir iloh yo‘qdir. Yana guvohlik beraman, Muhammad uning quli va payg‘ambaridir! — dedi.
Eshitganlar hayron bo‘lishdi.
— Xo‘p, mayli, ey Abul Os, modomiki sen uning diniga kiribsan, bu mollarni bizga opkelib berishingda ne hikmat bor? — deb so‘rashdi.
Abul Os mard insonlarga yarashadigan bir tarzda:
— Agar keltirmaganimda, bu mollarni qo‘lga kiritish uchun musulmon bo‘ldi, deb o‘ylashlaring mumkin edi, — deb javob berdi.
Abu Os ortiq kutmadi. Yo‘lga chiqdi. Janobi Payg‘ambarimizning huzurlariga yetishdi. O’zining musulmon bo‘lganini yana bir marta ifoda etdi.
Sarvari anbiyo janobimiz Hazrati Zaynabni yana unga berdilar. Yangidan nikoh kilmadilar. Oila hayoti eski nikoh ustida yangidan boshlanadigan bo‘ldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Yanvar 2009, 03:42:41

HUDAYBIYA

Hijratning oltinchi yili ham tugab borardi. Zulqa’da oyining ilk kunlarida Janobi Rasululloh (s.a.v.) bir tush ko‘rdilar. Bomdod namozidan keyin ashobiga ko‘rgan tushlarini aytib berdilar. Kim sochlari taqir olingan, kim kaltalatilgan holda Masjidi Haramga kirib borishayotgan emish.
Rasulullohning (s.a.v.) tushlari vahiyning bir ko‘rinishi hisoblanardi. Bu tush go‘yo Makkaga yo‘l ochilganiga ishorat qilardi. Safar tadorigi boshlab yuborildi. Qisqa vaqt ichida bir ming to‘rt yuz kishilik qurolyarog‘siz bir o‘rda hozirlandi. Faqat, arab odatiga ko‘ra, safar hamrohi sifatida qilichlarini taqib olishdi, xolos.
Ichkarida Sultoni anbiyoning (s.a.v.) kuzatuvlari ostida mo‘minlarning onalari bir joyga to‘planishdi. Oyisha, Hafsa, Ummu Salama, Juvayriya va Zaynab (Olloh hammalaridan rozi bo‘lsin) o‘zaro qur’a tashlashdi. Omad Ummu Salama onamizga (r.a.) kulib boqdi.
Musulmonlar tez yo‘lga tushishdi. Zulxulayfaga yetganda Rasululloh g‘usl qildilar. «Labbayk, Ollohumma labbayk...» deya ehromga kirdilar. Qurbonlikka atalgan yetmishta tuyaga belgi qo‘yib chiqildi: o‘rkachlaridan bo‘yniga qarata xiyol chiziq tortilib, qon chiqarilgan edi. Tuklari uzra qon qotib, ko‘rganlar bu hayvonlarning qurbonlikka atalganini bilishardi. Ba’zan ishorat sifatida bo‘yinlariga bir narsalar ham osildi.
Janobimiz bilan birga ashobi kiromdan ham ko‘nlari ehromga kirishdi va yana yo‘lda davom etishdi.
Makkaning hokimlari bo‘lib olgan Qurayshning Islom diniga va janobi Payg‘ambarimizga munosabati ma’lum. Handaq jangiga kelayotganda yer yuzida Islom dinidan nomnishon qoldirmaslikni xayol qilishgan. Bir yil ichida ular yaxshi bo‘lib qolmagan, albatta. «Ka’baning ziyoratiga keldik», deyilsa, «Marhabo, biz ham aziz mehmonlarimizning yo‘lini kutib turgan edik», deyishlari amrimahol.
Ammo Janobimizning (s.a.v.) tushlari ham bejiz emas. Shunga qaramay, Rasululloh (s.a.v.) Qurayshdan har narsani kutar, hatto bir urush chiqarishini ham ehtimol tutar, shundan xavotirlanar edilar. Darhaqiqat, Usfon degan joyga kelishganida, Makka tarafdan Bishr ibn Sufyon kelib qoldi.
— Ey Ollohning rasuli! Quraysh sizning Makkaga kelayotganingizdan xabar topdi. Sizni orqaga qaytarib yuborish masalasida birlashishdi, qoplon terilarini kiyishdi. Zi Tivoda kutishyapti. Makkaga kirish haqlaringizni tan olmayajaklari xususida qasamlar ichishyapti. Xolid ibn Valid otliqlari bilan birga Quroul Gamimgacha yetib keldi, — deb xabar berdi. Rasululloh (s.a.v.) achindilar.
— Essiz Quraysh! Urush ularni yedi, bitirdi. Meni boshqa arab qabilalari bilan yuzma-yuz qoldirib, o‘zlari bir chetga o‘tib turishsa bo‘lmasmidi. Ular mendan ustun kelishsa, istaganlari bo‘lardi. Olloh meni ulardan g‘olib qilsa, to‘pto‘p bo‘lib Islomga kirishadi yoxud o‘zlarida kuch topishsa, urushishadi, Nima xayol qilyapti Quraysh?.. Ont ichaman, Olloh menga yuklagan bu vazifa uchun to‘liq zafar qozongunimcha va yo bu yo‘lda o‘lgunimcha mujohada qilaman!
So‘ngra ashoblarining ko‘zga ko‘ringanlarini to‘pladilar va bundan keyingi harakat tarzi haqida fikr so‘radilar. Turli xil qarashlar ilgari surildi. Hazrati Abu Bakr:
— Ey Ollohning rasuli! Siz Ka’bani ziyorat qilish maqsadida yo‘lga chiqqan edingiz. Birov bilan urushish niyatida emasdingiz. Shunday ekan, ayni maqsadda boraveramiz. Bordiyu Ka’bani ziyorat etishimizga to‘sqinlik qilishsa, o‘shanda urushamiz, — dedi.
Janobimiz (s.a.v.) bu qarashni ma’qul topdilar.
— Qani, bo‘lmasa, bismilloh, deb yo‘lga tushaylik, — dedilar.
Har ehtimolga qarshi jang qurollari keltirildi. Nayzalar tuyalarga yuklandi va yo‘lda davom etildi.
Rasululloh (s.a.v.) yo‘lda makkaliklarga duch kelishni istamas edilar.
— Ularga yo‘liqtirmaydigan boshqa bir yo‘l bilan bizni eltadigan odam bormi? — deb so‘radilar.
Aslom qabilasidan birisi chiqib:
— Men oboraman, — dedi va yo‘lboshchilik vazifasini zimmasiga oldi.
Safar har xil mashaqkatlar ila davom etdi.
Xolid ibn Valid boshchiligidagi askarlar musulmon o‘rdasining izlarini ko‘rishdi va boshqa bir yo‘ldan ketishganini anglashdi. Noiloj Makkaga qaytishdi.
Musulmonlar bu paytda Makkaga eng yaqin joy bo‘lmish Hudaybiyaga yetib kelishgan edi. Rasulullohning (s.a.v.) tuyalari birdan cho‘ka boshladi. Bir necha marta turg‘azib, yurishga majbur qilib ko‘rdilar, bo‘lmadi.
— Qasvaning fe’li aynidi, — deyishdi hamrohlari.
Rasuli akram (s.a.v.) e’tiroz bildirdilar:
— Yo‘q, uning bunaqa qilig‘i yo‘q edi. Ammo filni to‘xtatgan Olloh buni ham to‘xtatdi, — dedilar.
Endi bu yerda dam olinishi anglashildi.
Qo‘nishdi. Janobi Rasululloh (s.a.v.) tahorat ola boshladilar. Sahobiylari ulkan bir izdihom bo‘lib to‘planishdi.
— Ha, nima gap? — deb so‘radilar.
— Yo Nabiyalloh, bor suvimiz qo‘lingizdagi meshdadir, boshqa suvimiz yo‘q, — deb javob qilishdi.
Sultoni anbiyo janobimiz qo‘llarini meshkobning ichiga suqdilar. Hammaning ko‘z o‘ngida barmoqlari oralaridan suv otilib chiqa boshladi. Xuddi yerdan bilqillab otilib chiqayotgan buloq kabi. Butun o‘rda olamlarga rahmat qilib jo‘natilgan Janobimizning barmoqlari orasidan qaynab chiqayotgan bu suvdan to‘yibto‘yib ichdi. Meshlarini to‘lg‘azdi. Hayvonlarini sug‘orishga ham suv oldi. O’rdada bu suvdan nasiba olmagan bitta ham jon qolmadi.
Keyin payg‘ambarlar Imomi janobimiz (s.a.v.) muborak qo‘llarini suvdan chiqardilar. Suvning qaynashi to‘xtadi. Chekilgan zahmatlarni unuttirguvchi, ko‘ngillarni tozalaguvchi, qalblardagi imonni kuchaytirguvchi bir mo‘‘jiza bo‘lgan edi bu...
Jobir ibn Abdulloh (r.a.) u kunlarda yangi uylangan bir yigit edi, oradan uzoq yillar keyin sochlari oqargan bir qariya o‘laroq bu hodisani xuddi ko‘z o‘ngida bo‘layotgandek aynan gapirib berajak.
O’sha kecha rosa chiroyli bir yomg‘ir yog‘di. Bunaqa xolatlarda Janobi Rasululloh (s.a.v.) Bilolga buyurardilar, u esa «Namozlaringizni o‘z joylaringizda o‘qinglar!» deb ovoz berar edi.
Yomg‘irli havoda, oyoq ostini ko‘rmasdan, loyga botibnetib kelishning mashaqqati bu tariqa o‘nglandi, har kim namozini tuyasini cho‘ktirgan joyda o‘qidi.
Bomdod azoni eshitildi. Mo‘minlar namozga oshiqishdi. Namozdan keyin Hazrati Rasululloh (s.a.v.):
— Bilasizlarmi Rabbingiz nima dedi? — deb so‘radilar.
— Olloh va rasuli biladi, — deyishdi.
— «Qullarimdan bir qismi menga ishongan, bir qismi esa inkor etgan holda tongga yetdi. Biz Ollohning rahmatila va ehsonila yomg‘irga yetishdik, deganlar menga ishongan, yulduzning qudratini inkor etgandir. Ammo, biz falon yulduzdan yomg‘ir oldik, deganlar esa, yulduzga ishongan, mening kudratimni inkor etgandir», deb marhamat qildi, — dedilar.
O’sha kecha yoqqan yomg‘irdan har tarafda hovuzchalar maydonga keldi. Xalq ularning tepasiga kelib, hovuchlabhovuchlab ichardi. Ammo bu ham yetarli emasdi. Rasuli akramga (s.a.v.) ahvolni tushuntirishdi. Janobimiz kelib, chuqurroq bir hovuzchaning boshiga bordilar. Odamlar u yerda to‘plangan suvni ham pakqos bo‘shatib qo‘ygan edi. Rasululloh chuqurning chekkasiga o‘tirdilar. Suv so‘radilar, uzatishdi. Bir mikdorini og‘izlariga olib, chuqurga purkadilar. Duo qilarkan, idishda ortgan suvni chukurga serpidilar. Bir o‘q olib, Najiya ismli cho‘ponga berdilar, chuqurga tushib sanchib qo‘yishga buyurdilar. Amr bajo keltirildi. Shu payt yerdan xuddi bir quvurdan otilib chiqqandek, suv otila boshladi.
Yuzlarni sevinch qopladi. Najiya chuqur ichida turib olib to‘latib beraverdi, odamlar meshkoblarini uzataverishdi. Yana bir necha kishi chuqurga indi. Shunga qaramay, suv tobora ko‘payib borardi. Atrofga toshar holga kelganida chuqurdan chiqishdi. Shu kundan to Hudaybiyada turishgan muddatgacha endi suvsizlik azobini chekmaydigan bo‘lishdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Yanvar 2009, 03:43:11

* * *
Qurayshiylar Rasuli akramning (s.a.v.) Hudaybiyada qo‘noqlanganlarini eshitishgan edi. Muzoqara uchun Huzoa qabilasidan Budayl ibn Varqoni yo‘llashdi.
Payg‘ambar janobimiz:
— Urush maqsadida kelmadik. Baytni tavof qilamizu qaytamiz, — dedilar va avvalroq Usfonda Bishr ibn Sufyonga aytgan gaplarini ilova qildilar.
Budayl qurayshiylar huzuriga musbat bir qanoat bilan qaytdi.
— Sizlar Muhammad va uning do‘stlari haqida shoshqaloqlik ila xulosa qilyapsizlar, — dedi. — Ular bu yerga Baytni tavof etish maqsadidagina kelishibdi.
Kuraysh uning gapini kesib qo‘ydi:
— Urushish uchun kelgan bo‘lmasa ham, u zo‘rlik bilan bu yerga aslo kira olmaydi. Arablar: «Muhammad Makkaga bilagining kuchi bilan kirdi», deb aytishini xohlamaymiz.
Kuraysh nomidan yana bir necha marta muzoqaraga kelishdi.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) har biriga niyatlarini takrorladilar. Elchilarga qurbonlik uchun belgi qo‘yilgan tuyalarni ham ko‘rsatishar va ular ko‘rganeshitganlarini Qurayshga yetkazishar edi.
Bu muzoqaralardan bir ish chiqavermagach, Rasuli kibriyo (s.a.v.) «Sa’lab» laqabli tuyalariga Xirosh ibn Umayyani (r.a.) o‘tirg‘izib, maqsadimizni bevosita o‘zimizdan eshitishsin, deb Makkaga yubordilar.
Xirosh shaharga kirib kelgach, uni bir guruh odam qarshiladi, tuyaning oyoqlariga qilich solib, bechora hayvonni yerga qulatishdi, o‘ldirishdi. Navbat Xiroshni o‘ldirishga kelganida Ahodish qabilasidan bir guruh kishi o‘rtaga tushib, u bir o‘limdan qoldi. Orqasiga qaytib, Janobi Payg‘ambarimizga voqeani aytib berdi.
Bu orada Quraysh yashirin jo‘natgan va musulmonlarning tinchini buzish vazifasi yuklangan bir to‘da qo‘lga tushirildi. Ayblarini bo‘yinlariga olishdi. Olamlarga raxmat bo‘lgan Janobimiz (s.a.v.) hammasini afv etdilar va qo‘yib yubordilar.
So‘ngra Hazrati Umarni (r.a.) chorladilar. Makkaga borib, maqsadimizni tushuntirib kelasan, dedilar.
Hazrati Umar:
—Yo Nabiyalloh, Quraysh meni o‘ldirmasa, deb qo‘rqaman. Chunki ular mening ularga dushmanligimni bilib turishibdi. Qolaversa, qabilam Bani Ariydan meni qutqarib qoladigan biror kimsa yo‘q. Ammo men sizga Quraysh qadrlaydigan bir odam sifatida Usmon ibn Affonni tavsiya etaman, — dedi.
Hazrati Umarning (r.a.) g‘oyat o‘rinli bu taklifi qabul etildi. Usmon ibn Affon yo‘lga chiqdi.
Hazrati Umar bu masalada juda haqli edi. Uni ushlab olsa, tilkapora qilib tashlashi mumkin bo‘lgan Quraysh Usmonga nisbatan yumshoq muomala qilishi mumkin edi.
Darhaqiqat, shaxarga kiraverishda Abon ibn Said Usmonni ko‘rib qolib, tuyasiga mingashtirib, Makkaga olib kirdi. Hazrati Usmon (r.a.) ularga maqsadni anglatdi.
—   Ey Usmon, xohlasang, borib Ka’bani ziyorat qilishing mumkin, — deyishdi unga.
—   Yo‘q, — dedi Usmon (r.a.). — Rasululloh (s.a.v.) tavof qilmagunlaricha aslo tavof qilmayman!
Vazifasini ado etgach, orqaga qaytmoqchi bo‘ldi. Izn berishmadi. Uni aziz bir asir sifatida tutib qolishdi. Izzat-ikrom ko‘rsatiladigan, ammo chiqib ketishga yo‘l qo‘yilmaydigan bir asir.
Bir necha kun o‘tganiga karamay Usmonning qaytmagani har xil gapso‘zlarga sabab bo‘ldi. Uni Quraysh o‘ldiribdi, degan mishmish tarqaldi. Rasuli akram (s.a.v.) ham g‘oyat mahzun edilar. Bir daraxt tagiga o‘tirdilar, ashoblarni chorladilar. Tarixda «Bay’ati Rizvon» nomi ila mashhur buyuk ahdlashma qilindi. Mo‘minlar bittabittadan kelib, nayg‘ambarlar ichra eng buyuk Payg‘ambarning (s.a.v.) qo‘llaridan tutishar va: «Ey Ollohning rasuli! To o‘lgunimcha yo zafar qozonilguncha qochmasdan jang qilishga so‘z beraman!», deyishar edi.
Bu paytda Hazrati Umar nariroqda nimadir ish bilan band edi. Rasululloh janobimizning bir daraxt tagida o‘tirganlarini, odamlar bittabitta kelib, qo‘llaridan ushlab, birnimalar deb ketishayotganini ko‘rdi. Ug‘li Abdullohni bilib kelishga yubordi.
Abdulloh chopdi, odamlar bay’at marosimini ijro etishayotganini ko‘rib, o‘zi ham Janobimizning qo‘llarini tutdi, bir musulmon yigitga yarashiqli tarzda so‘z berdi. So‘ngra yana chopib kelib, dadasiga voqeani bildirdi.
Buyuk Umar (r.a.) keldi. U ham so‘z berganlar orasida sharafli o‘rnini oldi. Keyin esa, bir ming to‘rt yuz inson bilan ayriayri so‘zlashgan Rasulullohning, ehtimol, toliqqan qo‘llariga dastak bo‘lish niyatida tirsaklaridan tutdi.
Uch kishi Janobimizni rohatsiz qilayotgan daraxt shoxlarini ko‘tarib turishdi. Ham soya hosil qilishdi, ham bay’at marosimining rohatla ado etilishini ta’minlashdi.
Malaklar qanotlarini yoygan on edi bu payt... Yer yuzida bundan ham fazilatli bir jamoat insoniyat yaratilganidan beri ko‘rilgan emasdi, boshqa ko‘rilmaydi ham. Kelgusida inadigan Kur’on oyatlari bu ahdlashmadan Buyuk Mavloning rozi bo‘lganini, Janobi Payg‘ambarimizga so‘z berganlar, aslida, Olloh taologa so‘z berganlarini bildirajakdir.
Ayni chokda, yomg‘irday yoqqan bu mislsiz rahmatdan nasibasiz biri o‘zini ko‘zdan olib qochish uchun tuyasining qorniga yopishgudek bo‘lib berkinib olgan edi. Shundoqqina huzuriga kelib turgan bu mislsiz ne’matdan bebahra bu kimsa Jadd ibn Qays edi.
— Sho‘ring qursin sening, ey Jadd! Nima seni bunday yashirinishga majbur etdi?
Bekinib turgan joyidan topib olingan o‘g‘ri kabi, Jadd boshini ilkis ko‘tardi:
—   Qo‘rqinchli bir ovoz, — dedi. — Qo‘rqinchli bir ovoz eshitib, bu yerga yashiringan edim.
—   Mayli, qo‘rquving doim bo‘lsin, ey benasib inson!..
Bu yoqda bay’at marosimi tugadi. Rasululloh (s.a.v.) chap qo‘llarini tutdilar. «Bu qo‘l Usmonning o‘rnigadir», deya uning nomidan o‘zlari bay’at qildilar. Bu va’dalashuv to‘la Janobimiz (s.a.v.) istaganlariday shaklda bo‘ldi. So‘ngra ashobiga yuzlandilar:
—Sizlar yer yuzining eng xayrli insonlarisiz! — deya mamnuniyatlarini izhor qildilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Yanvar 2009, 03:44:03

* * *
Hudaybiyada kechgan bu bay’at marosimi haqidagi xabar Makkaga, Qurayshning qulog‘iga ham yetib bordi. Musulmonlar Baytni ziyorat etish yo‘lida hatto o‘limdan ham qaytmasligini anglashdi. Bunday vaziyatda eng to‘g‘ri yo‘l sulh tuzishdir, degan qanoatga kelishdi. Bu vazifani Suhayl ibn Amrning zimmasiga yuklashdi.
Borasan, u bilan so‘zlashasan, ammo bu yil uning Makkaga kirishiga hech rozi bo‘lmasligimizni aytasan. Arablar: «Muhammad keldi, kuch bilan Makkaga kirdi», demasliklari lozim, — deb ko‘rsatmalar berishdi.
Yetarli ta’limotlarni olgan Suhayl ibn Amr yoniga yana ikki kishini — Huvaytib ibn Abdul Uzzo bilan Mikraz ibn Hafsni olib, Hudaybiyaga keldi. Janobimiz ila ko‘rishdi.
Uzoq davom etgan muzoqara natijasida bir bitimga kelindi. Endi bu bitim yozma holga keltirilishi lozim edi. Bu vazifani Rasuli akram (s.a.v.) Hazrati Aliga (r.a.) yukladilar. Qog‘ozqalam hozirlangach, Sultoni anbiyo (s.a.v.) yozdira boshladilar:
— Yoz: «Bismillohir rahmonir rahim...»  Suhayl darhol e’tiroz bildirdi:
— Bo‘lmaydi. Bunaqa narsani biz bilmaymiz. Qadimdan biz biladigan va qo‘llab kelayotganimiz so‘zni yozamiz, «Bismikallohumma», deymiz.
Janobi Payg‘ambar (s.a.v.) Hazrati Aliga Suhayl aytganidek shaklda yozishni buyurdilar.
Har ikki so‘z ham ma’noda bir edi. Suhaylning bu harakati bir e’tiroz bildirish uchungina xolos, bundan boshqa ma’no tashimasdi. Ya’ni, so‘zini qabul ettirganlik xissi beradigan ma’nosiz g‘urur...
Janobimiz bitim matnini tuzishda davom etdilar:
—   «Bu bitim Ollohning rasuli Muhammad ila Kuraysh nomidan Suxayl ibn Amr orasida tuzilmokda...»  Suhayl yana e’tiroz qildi:
— Seni payg‘ambar deb tan olsak, senga qarshi urusharmidik?! Menikidek, otangning nomini yozdir, — deb turib oldi.
Hazrati Ali Janobimiz aytganlaridek yozayotgan edi. Rasuli kibriyo unga «Ollohning rasuli» kismini o‘chirishni, o‘rniga «Abdulloh o‘g‘li» deb yozishni buyurdilar.
Sulh jarayonini kuzatib turganlar orasida xavotirlanib va asabiylashib o‘rnidan turib ketganlar bo‘ldi. Norozi bo‘lishar, o‘chirtirmaymiz, boshqa so‘z yozdirmaymiz, deyishar edi. Hazrati Ali ham Payg‘ambari zishonning bu amrlarini ado etmadi.
— Vallohi, men «Rasululloh» kalimasini o‘chirmayman! — dedi.
Chunki u Zotning (s.a.v.) rasululloh ekanlariga butun borlig‘ila ishongan, shu ishonch asosida yashashga azm qilgan edi. Shuni deb janglarga kirdi, yana takrortakror kirishi mumkin. Endi qanday qilib u so‘zni o‘chiradi?!
Hazrati Ali va uning do‘stlari bunga Payg‘ambar janobimizning amrlari sifatida emas, Suhayl ibn Amrning orzuyi sifatida qarashayotgan edi. Hazrati Ali o‘chirmaslikka qasam ichgach, Janobi Payg‘ambar «Rasululloh» kalimasi qaysi biri ekanini ko‘rsatishni so‘radilar. Olib, o‘z qo‘llari bilan o‘chirdilar. O’rniga «Abdulloh o‘g‘li» deb yozdirdilar. Bu ish ashobi kiromni yaxshigina asabiylashtirdi.
— Sizlar ishonmasalaringiz ham, yolg‘onga chiqarsalaringiz ham, men Ollohning rasuliman, — dedilar Suhaylga Faxri koinot (s.a.v.).
So‘ngra Hazrati Aliga yuzlandilar:
— Bir kuni bunday holat sening ham boshingga tushajak. Senga ham shunday bir ish taklif etilajak va, ey Ali, sen ham u taklifni qabul qilajaksan, — dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Yanvar 2009, 03:44:25

«Muhammad ibn Abdulloh» deb yozilgani bilan Janobimizning payg‘ambarliklari inkor etilgan bo‘lmasdi. Zotan, payg‘ambarlikkacha «Abdulmuttalibning nevarasi»  yo «Abdullohning o‘g‘li»  bo‘lib kelganlar.Agar «Muhammad ibn Abdulloh» so‘zi payg‘ambarliklariga soya soladigan bo‘lganida edi, bunga hammadan oldin o‘zlari qarshi turardilar.
Ahdnomaning ilk moddasini Janobimiz oldin kelishib olinganiga muvofiq yozdirdilar:
«Ikki taraf o‘n yil muddat ichida bir-biriga qurol ko‘tarmaydi, odamlar bir-biridan xotirjam bo‘ladi».
Suhayl bu moddaga ilova kiritdi:
— Shu shart bilan: bnzdan bir kishi sizlarning diningizga kirib oralaringizga borsa, aqrabosi talab qilgan taqdirda uni bizga topshirasizlar. Ammo sizlardan kimdir dinlaringizdan qaytib bizga qo‘shilsa, qaytib bermaymiz.
Xavotirli ko‘zlar yana Sarvari olamga qadaldi. «Yo‘q!» deyishlarini kutishardi. Hech bo‘lmasa, bizdan sizga o‘tganlarni ham qaytarishlaring lozim, deyishlarini kutishdi. Ammo Janobimiz e’tiroz qilmadilar. Suhaylning so‘zlarini aynan matnga kiritishni buyurdilar. Oyoqqa turib ketganlar bo‘ldi, ovozini balandlatganlar bo‘ldi. Hazrati Umar (r.a.) chidab turolmadi:
—Ey Ollohning rasuli, bu moddani yozdirasizmi? — deb yubordi. O’zicha Janobimizning diqqatlarini jalb etmoqchi bo‘ldi.
Ya’ni, biz bu moddaga qarshimiz, yozilishini istamaymiz, bu modda haqida bizning ham fikrlarimizni olsangiz bo‘lardi, demoqchi edi.
Rasululloh (s.a.v.) unga:
— Ha, yozdiraman. Bizdan ularga o‘tib ketadiganlarni Olloh yiroq qilsin. Biz qaytib berganlarimizga esa, Olloh o‘zi bir chiqish yo‘lini ko‘rsatajakdir, — deb javob qildilar.
Modda aynan yozildi. Suhayl yana so‘zida davom etdi:
— Sizlar bu safar qaytib ketasizlar. Baytni kelasi yil ziyorat qilasizlar. Chunki biz arablarning: «Muhammad kelib zo‘rlik bilan Makkaga kirdi», deyishlarini istamaymiz. Kelayotganda yo‘lchi silohi bo‘lgan qilichdan boshqa bir qurol ko‘tarib kelmaysizlar. Qilichlaringiz ham qinida turishi kerak. Makkada faqat uch kun yurasizlar, bu uch kun biz Makkani tashlab, tashqariga chiqib turamiz, — dedi.
Janobi Rasululloh bu takliflarni ham bitimga kiritganlaridan so‘ng o‘zlari modda qo‘shdilar.
— «Istaganlar biz bilan, istaganlar Kuraysh bilan axdnoma tuzib, himoyasi ostiga kirishi mumkin».
Suhayl bunga e’tiroz qilmadi. Shu tariqa bitim tayyor bo‘ldi. Bu axdnomaga guvohlar sifatida musulmonlardan Abu Bakr, Umar, Ali, Abdurahmon ibn Avf, Abdulloh ibn Suhayl, Sa’d ibn Abu Vaqkos, Mahmud ibn Maslama (roziyallohu anhum) yozilishdi. Mushriklardan faqat ikkita guvoh — Mikraz ibn Hafs bilan Huvaytib ibn Abdul Uzzo nomlari yozildi.
Ayni shu pallada hayajonli bir voqea sodir bo‘ldi: ahdnoma endi imzolanay deb turganida Suhayl ibn Amrning o‘g‘li Abu Jandal oyog‘iga bog‘langan zanjirlarni surg‘alaysurg‘alay kelib, o‘zini musulmonlar orasiga tashladi. Holsiz va parishon edi.
Islomni qabul qilgani uchun yaqinda otasi uni qamab qo‘ygan, zanjirband etib, qiynoqqa solgan edi. Otasining Makkada yo‘qligidan foydalanib, qamoqdan qochdi. Jonini hovuchlab, Nabiyyi akram janobimizning huzurlariga yetib olishni o‘ylardi. Orqamdan birov kelib tutib olmasinda, degan xavotir hamda oyog‘idagi og‘ir zanjirlar bergan azob ichida kelakelguncha butkul holdan toygan, ado bo‘lgan edi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Yanvar 2009, 03:44:44

Ammo nima bo‘lsa bo‘lsin, endi jonini qutqardi, din qardoshlari sifatida bag‘irlariga oladigan insonlar orasiga yetishdiku! Bundan bu yog‘iga go‘zal kunlar eshigida his etardi o‘zini. Lekin haqiqiy quvonishga hali erta ekanini, sevinchi esa, tug‘ilmasidanoq so‘nishini bilmasdi.
Darhaqiqat, o‘g‘lining qochib kelganini ko‘rgach, Suhayl ibn Amr rosa ko‘pirdi, g‘azabga mindi:
— Ey Muhammad! Bitimimizga binoan o‘g‘lim Abu Jandalni qaytarib berishingni talab qilaman! — dedi. O’rnidan sapchib turib borib, Abu Jandalning yuziga qattiq bir tarsaki tushirdi va bo‘g‘a boshladi.
Bu manzara qarshisida Rasululloh (s.a.v.) teran bir qayg‘uga cho‘mdilar.
— Biz hali bu bitimni imzolaganimiz yo‘q, — dedilar.
Suhayl keskin bir ifoda bilan so‘zlarini kesdi:
— U holda, qasam ichamanki, sen bilan hech qanday bitim tuzmayman! Aslo tuzilmaydi ham!..
—   Uni menga bag‘ishlashingni so‘rayman.
—   Yo‘q, bag‘ishlamayman!
—   Hech bo‘lmasa, uni himoyangga ol.
— Bunday ham qilolmayman. Mikraz ibn Hafs o‘rtaga tushdi:
—Yo Muhammad, sening xotiring uchun uni men himoyamga olaman, — dedi.
Abu Jandal qutulish umidi qolmaganini his etib, yig‘lay boshladi:
—Ey musulmonlar, musulmon bo‘lib kelganim xolda mushriklarning qo‘liga topshirilyapman. Boshimga kelgan falokatlarni ko‘rmayapsizlarmi?! — deya xayqirardi.
Bu hol barcha musulmonlarni parishon qilgan edi. Shuning uchun Janobi Payg‘ambarimiz:
— Sabr qil, ey Abu Jandal va olajaging ma’naviy mukofotni kut. Olloh senga va sening yoningda bo‘lgan zaiflarga bir kenglik va qutulish yo‘li hozirlayajakdir. Biz Quraysh bilan bir sulx bitimi tuzdik. Ularga Olloh nomidan so‘z berdik. Va’damizni buzolmaymiz, — dedilar.
So‘ngra Abu Jandalni sudrab olib ketishdi.
Hazrati Umar (r.a.) joyidan sapchib turdi. Abu Jandalning yonida borayotgan bo‘lib, qilichining qabzasini uning qo‘liga yaqinlashtirarkan:
— Bular mushriklardir. Vallohi, ularning qoni ko‘ppak qonidan farqsizdir!.. — derdi. Bu bilan «Otangni o‘ldirishing mumkin, bir itni o‘ldirgan bo‘lasan, xolos», demoqchi edi.
Abu Jandal uning maqsadini angladi, ammo bu ishni qilmoqchi emas edi.
Abu Jandal bilan uni o‘limga kuzatgandek g‘amga botib xayrlashganidan so‘ng Hazrati Umar (r.a.) ortiga kaytdi. Nabiyyi akram janobimizning yonlariga keldi.
— Siz Ollohning chin payg‘ambari emasmisiz?! —dedi.
—Ha, men Ollohning chin payg‘ambariman.
— Biz haq ustida emasmizmi?! Dushmanlarimiz botil ustida emasmilar?!
—Ha, shunday.
—   U holda nimaga dinimizga pastlikni ravo ko‘ryapmiz?
—   Men Ollohning rasuliman, unga qarshi turolmayman.
—   Xo‘p, Siz bizga, Baytga boramiz, uni tavof qilamiz, demaganmidingiz?
—   Ha, shunday dedim. Ammo, bu yil boramiz, dedimmi?
— Yo‘q, demadingiz.
— U holda, ey Umar, sen Baytga kelasan va uni tavof qilasan!
Hazrati Umar Rasululloh (s.a.v.) huzurlaridan chiqib borarkan, asabi hali ham tarang edi. Xayolida, qani endi yonida yuz kishi bo‘lsayu Makkani bossa, ishg‘ol etsa. Hazrati Abu Bakrning yoniga bordi. Undan ham Janobi Payg‘ambarimizdan so‘ragan savollarni so‘radi va ayni javoblarni oldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Yanvar 2009, 03:45:02

Makkaga bu yil kirilmasligi qat’iyyan ma’lum bo‘ldi. Madinaga qaytiladi endi. Faxri koinot janobimiz ashobga:
— Turinglar, qurbonliklaringizni so‘yinglar, sochlaringizni olinglar, — deb buyurdilar.
Hech kimsa o‘rnidan turmadi. Xuddi eshitmagandek. Nabiyyi akram (s.a.v.) ikkinchi daf’a takrorladilar. Yana o‘shao‘sha hol. Buyruq uchinchi bor qaytarilganida ham ahvol o‘zgarmadi.
Rasululloh (s.a.v.) juda xafa bo‘lib ketdilar. Mahzun, chodirlariga kirdilar. Ummu Salama onamiz u zotning g‘amga botganlarini ko‘rib, tashvishga tushdilar.
— Menga nima bo‘lyaptiki, Ollohning rasulini xafa holda ko‘ryapman, — deb kutib oldi.
Janobimiz uch marta takrorlaganlariga qaramay, buyruqlari ado etilmaganini aytdilar. Ummu Salama onamiz Payg‘ambarimizga tasalli berdi:
— Ko‘nglingizni xush tuting, ey Ollohning rasuli. Ular o‘zlari ko‘rgan bu voqeaning ta’siridalar hozir. Maqsadlari Ollohning rasuliga qarshi borish emas. Siz ularning itoat etishini istasangiz, chiqingda, hech kimga bir so‘z demasdan, qurbonligingizni so‘ying va sochingizni oling, — dedi.
Janobimiz tashqari chiqdilar. Odamlarga indamay, qurbonlikka keltirgan tuyalarini so‘ydilar, sochlarini oldilar.
Ashobi kirom Janobimizning ishlarini ko‘rib, o‘rnilaridan turishdi. Har kim qurbonligini so‘ydi, bir-birining sochini taroshladi. Ayrimlari boshlarini taqir qilib oldirishdi, ayrimlari sochlarini kaltalatish bilan kifoyalanishdi.
Endi ortga qaytish vaqti yetgan edi. Nabiyyi akram (s.a.v.) bir duo qildilar. Duo orasida, sochlarini oldirganlarga marhamatingla muomala qil, dedilar.
— Ey Ollohning rasuli, sochlarini kaltalatganlarga ham, deb qo‘shib qo‘ying, — deb rijo qilishdi.
— Ey Olloh, sochlarini oldirganlarga marhamatingla muomala qil, — dedilar.
Yana takror ayni iltimosni qilishdi. Janobimiz ham yana ayni duoni qilish bilan kifoyalandilar. Ashobni qayg‘u bosdi, ichlarini pushaymonlik to‘ldirdi. Nabiyyi akram janobimizning soch oldirganlarni isrorla duo qilishlari, sochlarini chelpiganlar bu duoga kirmaydi, degan ma’noni ifodalardi. Ularning bu ishlarini yoqtirmaganlari ma’lum edi. To‘rtinchi daf’a yana, xayajon va yolvorish ohanglari to‘la bir ifoda bilan:
— Ey Ollohning payg‘ambari, sochlarini qisqartirganlarga ham, deng... — deyishdi.
Shunda Janobimiz ilova qildilar:
Sochlarini qisqartirganlarga ham (valmukassirin)...
Birgina kalima bo‘lgan bu duo yuzlarga ingan tashvish chiziqlarini tuzatdi, ko‘ksilariga qamalgan va huzursiz qilib turgan nafaslar ko‘yib yuborildi. Ashobdan yana biri payg‘ambarlar Sultonidan so‘rab qoldi:
— Ey Ollohning rasuli! Sochlarini to‘la olganlarni ochiq duo qildingiz, chelpiganlarni esa duoga kiritmadingiz. Sababi nima?
— Ular shubhaga tushmadilar, — degan javob oldi. Madinadan bu yoqlarga umra niyati bilan kelishgan edi. Hozir ham pushaymon bo‘lishgani uchun qaytishmayaiti. U holda bu umradan kutilgan savob mukammal qo‘lga kiritilgan bo‘lishi kerak. Oldin ham shunga o‘xshash bir ish bo‘lgan: hijrat niyatida Makkadan chiqqan Jundub keksaligi va xastaligi bois yo‘lda vafot etgan, ammo hijrati asl hijrat qatorida hisoblanishi keyin tushgan oyatlar bilan tasdiqlangan edi.
Kaytish safari boshlandi. Yo‘lda Hazrati Umar Janobi Payg‘ambarimizdan bir nima so‘radi. Javob ololmadi. Ayni savolni ikki, uch marta so‘radi, yana javob bo‘lmadi. Nochor nariroq ketishga majbur bo‘ldi. Ichiga bir ko‘rkuv oraladi. Tuyasini jadallatib, o‘rdaning eng old saflariga bordi.
— Onang seni tug‘masaydi, ey Umar!.. — deya o‘zini qiynashga, azoblashga tushdi.
Oradan hech qancha o‘tmasdan quloqlariga bir ovoz chalindi:
— Ey Umar ibn Xattob, kaerdasan?! Janobi Rasululloh seni yo‘qlayaptilar!..

Qayd etilgan