Yo‘l yurayotganida yer va osmon, suv va quruqlik, yurish va ulov: ot, eshak, xachir, tuya, avtomashina, poyezd, samolyot, kema va hali inson zoti bilmagan turli naqliyot vositalarini fikrlab, ularga sabab bo‘lgan temir, po‘lat, mis va xilma-xil ma’danlarni o‘ylab ogohlanadi.
Ish-xizmat, savdo-sotiq asnolarida rizqning orqasidan quvib Allohni unutmaslikka, dunyo hirsiga berilib, taqvoni unutmaslikka, oxiratni qo‘ldan bermaslikka urinadi.
Ibodat asnosida bu ne’matni hamma narsadan ustun qo‘yib, ixlos va muhabbat bilan, xorlik va zorilik, ogoh dil bilan mehribon Parvardigoriga bandalik qilishga beriladi.
Uxlash oldidan yana kecha va qunduzning almashinib turishini fikrlaydi, tavbayu istig‘for bilan, tunni libos va orom qilib bergan Robbisiga shukrlar qiladi. Xufton va bomdod namozlari orasidagi uyqusi ham ibodat o‘rniga o‘tadi.
Shuningdek, mo‘min kishi oilasi va yaqinlari bilan munosabatda, turli ne’matlar oldida, go‘zallik qarshisida, betob bo‘lganida, ozor yetkazuvchi narsalarga duch kelganida, hamisha, har qachon, har qayda muqaddas Qur’onga muvofiq yashashga intiladi.
Insonning o‘rinli sukuti ham ibodatga aylanadi. Jimlik ikki xildir: sukut — oddiy jim turish, sumut ("sod" bilan) — Allohning qudrati, san’ati, ne’matlarini tafakkur qilgan holda jim turish. Ikkinchi holda banda Allohga yaqinlikni kasb etadi.