O'zbek shoirlarining ajoyib sherlari  ( 327417 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 ... 54 B


Muhammad Amin  28 Dekabr 2007, 12:05:18

Ortiq ko'rishmaymiz

Yo'q! Ko'rishmaymiz, xayr endi,
Ortiq ko'rishmaymiz yuzma-yuz.
Sahrolarda sevgimiz qoldi,
Qor ostida qoldi sevgimiz.

Ortiq ko'rishmaymiz yuzma-yuz,
Mehr to'la yoniq yuz bilan,
Yo'q, yo'q, endi hech qaramaymiz,
O'rtalikda mash'um bir tuman.

Sahrolarda sevgimiz qoldi,
Kuygan yantoq misol quyoshda.
Xato sevgi qo'shilib tomdi
Zahar-zaqqum bo'lib ko'z yoshdan.

Qor ostida qoldi sevgimiz,
Sho'rlik sevgi topmadi omon.
Yakka-yakka bo'ldi ismimiz,
Har xil yo'ldan ketdik har tomon...

Qayd etilgan


Muhammad Amin  28 Dekabr 2007, 12:05:36

Qaytmasman hech

Xayr senga, yaxshi qol endi,
Faryod urar ko'zingda sevinch.
Xayollarga bir dam tol endi
Huzuringga men qaytmasman hech...

Seni o'rtar achchiq pushaymon,
Ayrilmoqdan qo'rqmaysan mendan,
Sevgi uyi uzlatda vayron -
Bir tasalli tilamas sendan.

Bir kun ko'rib meni ko'chada,
Ana u, deb qo'lingni cho'zgin.
Yodgorlikdek so'nggi kechadan
Yo'l ustida to'xtagin bir zum.

Boshing egib kelma men tomon.
Sen ketaver"¦ yonimga qaytma...
Ko'rib qolsang undan ham yomon,
Yo'q, yo'q, "Meni kechir" deb aytma...

Xayr senga, ketar bo'ldim men,
Ketar bo'ldim shu qop-qora kech.
Qaytmasam-da muhabbatimdan,
Huzuringga men qaytmasman hech.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  28 Dekabr 2007, 12:05:55

Atrofda bahor

Termilaman olis ufqqa,
Botgan kundan qolmishdir dog'lar.
Yomg'ir urar qorong'ulikka,
Sovuqqina shovullar bog'lar.

Yana keldim mahzun go'shaga,
Bunda bir nay yotibdi sinib.
Qo'y, sig'inma ortiq o'shanga,
Qo'y, sig'inma unga, sevgilim.

Men hech narsa so'rmasman, dilbar,
O'tmishingdan so'zlama zinhor.
Men ham bir bor sevganman, yetar...
Qarasang-chi, atrofda bahor...

Qayd etilgan


Muhammad Amin  28 Dekabr 2007, 12:06:16

Arosat sevgi

Juda baxtli eding u bilan,
Dunyoni to'ldirib yurarding.
Sen o'shani o'ylaysan hamon,
O'sha bilan banddir yuraging.

Uning bilan kechgan damlardan
Senga qolgan shirin xotira.
Mening esa achchiq g'amlardan
Tortib ketdi ko'zlarim xira.

Lekin sevgim joy topolmadi
Xotiralar yotgan qalbingdan.
Sen uni hech unutolmading,
Men ham kecha olmasman sendan

Qayd etilgan


Muhammad Amin  28 Dekabr 2007, 12:06:32

Xazon qo'shig'i

Shivirlaydi oyog'imda yashab o'tgan xazonlar,
Ko'zlarimga igna yanglig' sanchilmoqda mezonlar.

Huvillagan qishloq uzra quyuq tuman cho'kmoqda,
Yiroqlarda nay ko'nglini so'nggi bora to'kmoqda.

Dala bo'm-bo'sh, ko'milgandek unga ko'hna savollar,
Faqatgina kezib yurar, izg'zib yurar shamollar.

Faqatgina ko'rinadir kuygan daraxt mung'ayib,
Qayda qoldi mangu bahor, qayga bo'lding sen g'oyib?

Qayd etilgan


Muhammad Amin  28 Dekabr 2007, 12:06:52

Oppoq tush

Derazamga uriladi qor,
Jaranglaydi jarangsiz kumush.
Derazamga uriladi qor,
Qor singari oppoq bo'ldi tush.

Bir ajoyib qor yog'ar bu kech,
Uchib tushar mening yonimga...
Men-ku seni o'ylamasman hech,
Sen tushasan ammo yodimga...

Qayd etilgan


Muhammad Amin  28 Dekabr 2007, 12:07:06

Qo'lingni qo'ygil yor

Aylanib tushar qor yo'limga,
Qo'lingni qo'ygil yor, qo'limga.

Sen qolding muhr kabi labimda,
Sen - bir dard asabiy - qalbimda.

Ko'zlarimga berkitay va lekin
Yoshday oqib ketma, sevgilim.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  28 Dekabr 2007, 12:07:24

Benavosan nechun

Sabolarda o'ynaydi navo,
Ariqlarda suv oqadi shan,
Ohanglarga to'libdir havo,
Benavosan nechun yolg'iz san?

Kuzgi bog'lar shivirlashar jim,
Kuzgi bog'lar kuychi za'faron.
Kuylarmikan shunday yuragim,
Qo'llaringni qo'ygil, mehribon?

Benavosan nechun, dilbarim,
Hayot seni etmasmi maftun?
Maftun etmaydimi gul bargi,
Maftun etmaydimi she'riy tun?

Qara qanday porloq erur ko'k,
Tingla, qo'shiq aytar yulduzlar.
Bu - oy to'kkan shu'la emas, yo'q,
Bu - navoga aylangan so'zlar.

Ufqlarda yoniq afsona -
Olgin Erkin Vohid she'rlarin.
Oydin yo'llar qo'shig'in, mana,
Yo'llar o'zi aytar, dilbarim.

Sabolarda o'ynaydi navo,
Ariqlarda suv oqadi shan,
Ohanglarga to'libdir havo,
Benavosan nechun yolg'iz san?

Qayd etilgan


Muhammad Amin  28 Dekabr 2007, 12:07:45

Qanday go'zal bu olam

Og'ir tun, qurir tinka,
Qanday izg'irin kecha.
Bu yomg'ir tinar qachon,
Yerga botadi tovon,
Loy yopishar etikka.

Lekin hamon kutasan
U tanish tol ostida.
Arazing bo'lar tamom,
Qari to'nka ustida
O'ltiramiz yonma-yon.

His va xayol kechasi,
Haroratli bir sovuq.
Gulxan yoqaman va sen,
Obbo, tamaki ham yo'q,
Meni asta quchasan.

Yomg'ir qorga aylanar,
Ko'zingda kular alam.
Ohista bosh aylanar,
Qayga qochib borar g'am?
Qanday go'zal bu olam?!

Qayd etilgan


Muhammad Amin  28 Dekabr 2007, 12:08:06

Tungi sog'inch

Mudrar yarim kecha uyquda,
Bulut suzar va oyni yopar.
Oyni yopar, lekin behuda
Yana bir on o'tmasdan yonar.

Kecha olar uyqusida dam,
Kecha uzra posibon - chiroy.
Seni ko'rgim keldi juda ham
Ajib qo'shiq aytgan chog'i oy.

Qayd etilgan