O'zbek shoirlarining ajoyib sherlari  ( 327386 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 ... 54 B


Muhammad Amin  28 Dekabr 2007, 12:08:25

Ko'z yosh to'kma, Ona

Nimadir u, ko'zingga kelgan,
Xayolingga, ona, ne keldi?
Yig'lab turib hattoki kulding,
Nimadir u, ko'zingga kelgan?

Menga juda o'xshaydi, ona,
Ko'zlaringda yaltiragan yosh.
Menda o'sha ko'zu, o'sha qosh,
Menga juda o'xshaydi, ona.

Ona, uni to'kma, iltimos?
Ko'zlaringdan to'kilay agar.
Sevinchingdan bermasam xabar,
Ona, uni to'kma iltimos.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  28 Dekabr 2007, 12:09:03

Xafa bo'lmang, Onajon

Qanday go'zal, qanday lojuvard,
Xayol kabi ko'rinar jahon.
Lekin mening yuragimda dard,
Mendan xafa bo'lmang, onajon.

Uxlamasman tonggacha, ona,
Tongda yorim chiqar begumon.
Ko'zingizga uyqu begona,
Mendan xafa bo'lmang, onajon.

Sevganimning yoniga boray,
Yuragimda qolmasin armon.
Unga yig'lay, unga yolboray,
Mendan xafa bo'lmang, onajon.

Ishq yor bo'ldi munis ko'nglimga,
Meni ado etdi ul jonon.
Ko'z tutmangiz bugun yo'limga,
Mendan xafa bo'lmang, onajon.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  28 Dekabr 2007, 12:10:17

 Zarofat

Daryo mavjlariga yozilmish g'azal,
Maysalar egilib o'qiydir kitob.
Shodlanib xandalar otar bir lahza,
Bir lahza oh tortib qo'yadir oftob.

Qamishlar shivirlar daryo tomonda,
Ko'kda oq bulutlar kezar bemajol.
Bir tirik nafosat borliq, jahonda,
Kimgadir elanar, qilar iltijo.

Bu qadar go'zallik qaysi ochunda,
Bu qaysi kitobdir, kimning daftari,
Kimning olamidir qilich uchinda?

Qaltirab porlaydir bir chiroq g'arib,
Bir qushcha sayraydir ruhim ichinda,
Bir qushcha yig'laydir meni axtarib.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  28 Dekabr 2007, 12:11:39

Sirojiddin Sayyid sherlari mavzulari:

Ustimizdan o'tgan oylar
Yog'och so'ri
Bag'ishlov
Oddiy tilaklar
Mangu nomlar
Mir Alisher
Ko'ngil
To'rtliklar
Bir sog'inch
So'roq
Sherali Jo'rayevga
Vatan qo'shig'i
Jilg'a
Vatan yodi
Ustodi avval
Bolalik
Yog'och so'ri
Umr asta aylanmoqda aziyatga
Xijolatlik
Sening umring
Hikmat
Ziyorat
Momomga bag'ishlov
Bahor
Shoir go'zal erur nolasi bilan
Mensiz yasholmaydi...
She'riyat, sen abadiy
Dashnabod anoriga
Qaydan toparsan?
Bandadan qaytmasa...
Na kerak?
Xudoga topshirdim
Odam topilmaydi
O'zingga havola
O'g'il va qiz
Ma'lum gap
Bahor ko'priklari
Kelib ketmoq
Sevgi
Sinoat
To'y oqshomida
Yor-yor
To'y
Zilolahon, g'am ko'rmasin boshingiz
Bir turlanguvchi gul
Xotiralar ko'li
Ko'rmayin ham, kuymayin ham
Hajr
Oy
Qaro zulfing qaro qildi
Gulxanlig'ing aytsin
Ey, parivashlar
Afsus
Oy nurlari yoyiladi sayhonlarga
Fasl
Men yasholmagan umr
Ingichkajon
Sizga
"Tiko" mingan sanamlar
O'rganing
Sochlaringni maydalay
Kulguli
Choponga hazil qasida

Qayd etilgan


Muhammad Amin  28 Dekabr 2007, 12:11:58

Ustimizdan o'tgan oylar

"Ustimizdan o'tgan oylar"
Yarim edi, to'lin edi.
Ko'nglim edi, ko'ngling edi
Ustimizdan o'tgan oylar.

Suvlar u payt billur edi,
Ketmasak ham bo'lur edi.
Bir narsani bilur edi,
Ustimizdan o'tgan oylar.

Kiyik ko'zing-suzuklaring,
Sirg'alaring, uzuklaring,
Sening bilakuzuklaring -
Ustimizdan o'tgan oylar.

Keyin olam rangga to'ldi,
Qancha qizlar yanga bo'ldi.
To'ylaringda tanga bo'ldi,
Ustimizdan o'tgan oylar.

1990

Qayd etilgan


Muhammad Amin  28 Dekabr 2007, 12:12:16

Yog'och so'ri

Yog'och so'ri, bu dunyoda nima ko'rding?,
Nima ko'rdim bu dunyoda, yog'och so'ri?
Kechalar sen yolg'izgina o'ylar surding,
Mening esa ado bo'ldi qalbim qo'ri.

Onam yanglig' mushfiq oylar yorug'ida
O'qimagay endi singlim yozgan xatim.
Qay bir aziz devorlarning yorug'ida
Xazon yanglig' qolib ketdi muhabbatim.

Boshing uzra oltin to'kkan o'rik qani?
Qani otam o'tqizgan ul toyfi uzum?
Mung'aytirmish yillar yomg'irlari seni,
Ariqlarga ko'milmishdir maning yuzim.

Mana bu-men onam bilan tushgan surat,
Otam bilan suratlarga tushmabman ham.
Umr nadir? Bir lahzalik suhbat faqat.
Bu suhbatga men bir hikmat qo'shmabman ham.

Kuz kelganda hovlimizga ochib eshik,
Ne so'ylading diydiragan chumchuqlarga?
Men ko'nglimni g'oz-g'oz etib, ipday eshib,
Topshirmishman bir shafqatsiz urchuqlarga.

Bolalik yo'q. Yo'qdir sirli qutichalar,
Qayda qoldi bahorimning jolalari?
Hovlidagi pastu baland musichalar
Musichamas, bu akamning bolalari.

Bunda o'sgan gullar har qayga sochilgan,
Sen alarni mahzun, xomush o'yladingmi?
Bir kechada hovlida oppoq ochilgan
Olcha guli opamning chit ko'ylagimi?

1995

Qayd etilgan


Muhammad Amin  28 Dekabr 2007, 12:12:40

Bag'ishlov

Uzun-uzun karvonlar,
Hazin-hazin zamonlar,
Zarbof-zarbof choponlar,
Qator-qator a'yonlar,
O'tdi ketdi hoqonlar
Qancha beku boyonlar,
Bir el qoldi dunyoda,
Bir el qoldi yoronlar!

Halolligu poklikdan
Uyiga eshik etgan.
O'zi erday, er ishlab
Tuproqni qo'shiq etgan.
Ko'kda oy,quyoshlarni
Ko'rkiga oshiq etgan,
Yuragida tog'laru
Ko'kragida osmonlar.

Xudo o'zi hohlasa
Imkonlarga yetkizgay,
Daryolarga mavj berib,
Ummonlarga yetkizgay.
El qadriga yetguvchi
Sultonlarga yetkizgay,
Toleiga bitgaydir
Ulug' davru davronlar.

Dilbandlari o'smoqda,
Ko'zlari jonga jondir.
Birlari Jaloliddin,
Birlari Shohjahondir.
Har biri bir qo'rg'ondir,
Qilich birlan qalqondir
Bu qadu bu qomatlar,
Bu qoshlar, bu mijgonlar.

Farzand bo'lsang, elga boq,
Elni ko'r, elga aylan.
Olamda nokas ham ko'p
Elu dinidan qaytgan,
So'z qadriga yetkuvchi
Zotlar ham bilib aytgan:
Qaydan bilsin el qadrin
El ko'rmagan nodonlar!

2000

Qayd etilgan


Muhammad Amin  28 Dekabr 2007, 12:13:00

Oddiy tilaklar

Ko'ngillarga safo bergil,
Soflik beru oqlik ber.
Muhabbat ber, muruvvat ham
Mehr ber, mushtoqlik ber.

Otalarga farog'at ber,
Va rohat ber bus-butun,
Onalarga saodat ber,
Umr beru sog'lik ber.

O'g'lonlarga iqbol bergil,
Iymon bergil salomat,
Shijoat ber, oru nomus,
Doim ko'ksi tog'lik ber.

Latofat ber qizlarga ham,
Malohat ber, sadoqat,
Yana husnu chiroyiga
Baxtini ham bog'liq ber.

Yor ko'ksidan panoh bergil
Sevib sevilganlarga.
Sevganlarga yor zulfidan
Dorlik ber, sirtmog'lik ber.

Ayvonlarga munavvarlik
Oy va quyosh mehridan,
Har bir uyga beshiklik ber,
Allalik, uyg'oqlik ber.

Kim bo'lmasin, to'kis ayla
Rizqu nasibasini,
Chekkan ranju zahmatidan
Har on vaqtichog'lik ber.

Do'stlar safin mastahkam et,
Ahil etgil, ittifoq.
Dushmanlarning qatoriga
Toqlik ber, tarqoqlik ber.

Havolanmoq nechun axir,
Insonmiz-ku hammamiz,
Har kimga ham insof bergil,
O'zingdan qo'rqmoqlik ber.

Jilg'alarga javlon bergil,
Chopsin qo'zichoqlarday,
Cho'qqilarga zalvor bergil,
Qorlik ber, viqorlik ber.

Sen qo'llading,keldi oxir
Chechaklarga bul Vatan,
Endi ketmas haqiqatga
Elimga dilxohlik ber.

Endi aytmoq uchun uning
Dunyoda borligini,
Mening shoir dillarimga
Dardkashlik ber, dog'lik ber.

1998

Qayd etilgan


Muhammad Amin  28 Dekabr 2007, 12:13:25

Mangu nomlar

O'chmas Yer yuzida Buxoro nomi,
Toki yashar ekan Buxoriy nomi.

Mangu esaverar Termiz ellari,
Toki nur taratgay Termiziylari.

O'pdi bu tuproqdan neki jon border,
Hazrat Yassaviy bor-Turkiston bordir.

Amudaryolari abadiy azim,
Manguberdilari mangu Xorazm.

Ulug' Temurxonning shavkatu shoni,
Shahrisabz, Samarqand-jahon ayvoni.

Dunyo g'urbatiga nazar tashlablar
O'tdi Boburlaru o'tdi Mashrablar.

Garchi osmon qadar afg'on etdilar,
Ular Vatan nomin osmon etdilar.

Uzilmas bu yurtdan iymon torlari,
Toki hikmat so'ylar Olloyorlari.

Ey, boshidin oyog'i ruh va yod, Vatan,
Ulug' siymolari barhayot, Vatan.

Sening dovrig'ingu shoning o'chmagay,
Abadiyat qadar noming o'chmagay!

2000

Qayd etilgan


Muhammad Amin  28 Dekabr 2007, 12:14:00

Mir Alisher

Tiriklikning bongi Navoiy,
Buyuklikning rangi Navoiy.

Bir yorishdi zim-ziyo olam,
Turkiylarning tongi Navoiy.

Besh asrlik ro'yodur dunyo,
Besh asrlik o'ngi Navoiy.

Bir ummonkim, ibtidosi yo'q,
Yo'qdir uning so'ngi-Navoiy.

O'tgan sayin ildamlab ketgay,
Borgan sayin yangi Navoiy.

Vatan kabi poyoni yo'qdir
Vatan kabi mangu Navoiy.

2000

Qayd etilgan