Jilg'a
Sen bir jilg'a, ummonlarga qo'shilgaysan,
Sen bir so'qmoq, dovonlarga qo'shilgaysan.
Bolaliging jahonida Shohjahonsan,
Bir kun ulug' jahonlarga qo'shilgaysan.
Ko'rib biyron so'ylaguvchi tillaringni,
Men o'yladim tilsiz kechgan yillarimni.
Olloh bermish senga porloq yo'llaringni,
Ajib davru davronlarga qo'shilgaysan.
Sinib yotmish saksoninchi yillar aro
Bir qanotim mening jonsiz, majruh, yaro,
Menga boqma, bir qanotim senga panoh
Menga boqsang, armonlarga qo'shilgaysan.
Sevinchingdan ne hasratlar uzlat qilgan,
Bu kunlarga kimlar yetmay hasrat qilgan.
To'ylaringda oyu quyosh xizmat qilgan,
Oyu quyosh, osmonlarga qo'shilgaysan.
Bobolaring bunday kunni ko'rdi qachon?
Vatan qayta Vatan bo'ldi, angla, ishon.
Temuriylar chinoridan qolgan nishon,
Yana shohu sultonlarga qo'shilgaysan.
Har giyohga,har bir xasga vola bo'lsang,
O'z qirlaring, o'z dashtingda lola bo'lsang,
Bir odobli, bir chiroyli bola bo'lsang,
Shunday sheru dostonlarga qo'shilgaysan.