Sevgi
Sevgi mening kechmishimdir, bugunimdir,
Olovimdir, kulimdir, ham kukunimdir.
Bu yo'llarda oxir bir kun to'kilgumdir,
Sevgi mening ko'nglimdagi tugunimdir.
Bu tugunni yecholmadim, yecholmadim,
Siz o'ylagan daryolardan kecholmadim.
Sevgi mening erib ketgan qorimdirur,
So'ng boychechak bo'lib ungan zorimdurur.
Yakka-yolg'iz qolib ketdi majnuntolim,
Majnuntolim, xabar olgil, qiyin holim.
Sevgi mening shovullagan teragimdir,
Yulduz kuygan, oy yig'lagan kuragimdir.
Qumga singib ketgan tiniq jilg'am mening,
Qumda lola unsa agar ilg'ang meni.
Sevgi mening nayson yuvgan ko'ylagimdir,
O'lgunimcha o'ylagumdir, o'ylagumdir.
Quyosh ko'rpa qavib qo'ygan bog'imdir u,
Ko'ksimdagi dog'imdir u, dog'imdir u.
Sevgi mening munisgina chirog'imdir,
Dilga yaqin, lekin ko'zdan yirog'imdir.
Qaniydi o'z qadamimni puxta qo'ysam,
Bir xol birlan bu savdoga nuqta qo'ysam.
Sevgi mening hech tuganmas azobimdir,
Guvohimdir, gunohimdir, savobimdir.
Butun umr shunday o'tar ko'ngillarim,
Ey,siz mening gulgun uka-singillarim,
Sevgi tiniq kulgungizdir, saqlang uni,
Sizning go'zal mulkingizdir, asrang uni.
1991