Yurak
Ilk bora suyangan qutlug' ostona,
Bolaligim isi ufurgan xona,
Otamning, onamning mehriga qona -
Faqat muhabbatdan tikilgan yo'rgak,
Vatan! - deb,
Vatan! - deb urgil, ey, yurak!
Tolengdan fol ochgan yulduzing shu yurt,
Sen gulsan, chechaksan - ildizing shu yurt.
Sadoqat islarin hovuchingda tut,
G'uruni simirib ochilgan kurtak,
Vatan! - deb,
Vatan! - deb urgil, ey, yurak!
U shunday javharki, bebaho nodir,
Ayrilsang, alami o'limga qodir.
Sarhadlari mushtday bag'ringga jodir,
Behisht bog'laridan suylangan ertak,
Vatan! - deb,
Vatan! - deb urgil, ey, yurak!
Bir tong otgaydir-ki, farahbaxsh, feruz,
Farzandlik burchingdan ochiladi so'z.
U uchun shart bo'lsa, jon tomiring uz.
Men uchun, sen uchun eng ulug' beshak,
Vatan! - deb,
Vatan! - deb urgil, ey, yurak!
Iroda Umarova