AZIZIM
Masofa darsligin o‘rgatarkan yo‘l,
So‘roqlar o‘rnida uchtalab nuqta.
Yuragim yoshlari yosh emas, u — do‘l,
Eh, yo‘llar oralab yuragim cho‘g‘da.
Do‘llarim-a, ering, oqing chakkillab,
Chanqagan sanchiqlar qonsin simirib.
Yolg‘izlik, qo‘ysang-chi bizni erkalab,
Yashirdik o‘lsak ham yana tirilib.
Sensizlik qa’riga cho‘kdim, yolg‘izim,
Qutqar, meni qutqar, bir yaxshilik qil,
Shuncha olislandik, yetar, azizim,
Bizsizlikdan toldi axir ikki dil.