OTAMGA
Ota, bugun o‘tar qizingiz,
Sham misoli so‘nib boryapti.
Asli qonun har bir so‘zingiz,
Poyingizda boshim egyapti.
Kulib turgan qora ko‘zlarim,
Yig‘lashini bilmaysiz, ota.
Og‘ir olmang ushbu so‘zlarim,
Faryodimni sezmaysiz, ota.
Qizingiz o‘z orzularini
Ko‘mdi qora tuproq qa’riga.
Dilidagi qayg‘ularini
Asrab qo‘ydi bugun qalbiga.
Siz hayotim mazmuni, ota,
Orzu asli ustunmas sizdan.
Yengarmidik qayg‘uni birga,
Rozi bo‘ling, men o‘jar qizdan...
Mayli, armon bo‘lsin orzuim,
Izmingizdan chiqmayman beun.
Yurakdagi bu dardlarimni,
Yozgan she’rim aytadi bugun.
"Yoshlik" jurnalidan olindi.