— Shunaqa gap bor-ku? — deb izoh berdi Asadbek.
— Gap bo‘lsa, bu bir bid’at! Nima dedingiz, otaxon?
— Ha, bo‘tam, arvohlarni yo‘qlash duo bilan bo‘ladi.
— Meni adam anchadan beri chaqirar edilar, aslida men ketishim kerak edi.
— Bas qil, go‘rdan chiqib, go‘rga kiradigan gaplarni aytma.
— Ha... to‘g‘ri aytding, go‘rga kiradi...
— Bo‘tam, Ollohga tavakkul qiling, Ollohdan najot so‘rang.
— Hadeb Olloh, Olloh deysiz... Ollohga so‘zingiz o‘tsa, ayting, o‘g‘limni qaytarsin.
Bu gapni eshitgan Muhiddin ota beixtiyor ovozini ko‘tarib «Astag‘firulloh!» deb yubordi. Jalil esa «Voh!» deb nido qilganicha — boshqa gapirmasin, degan maqsadda uning og‘ziga kaftini qo‘ydi:
— Tavba qil, bunaqa ahmoq gapni ayta ko‘rma, tavba qil!
— Bo‘tam, shaytonga bo‘sh kelmang, shaytonni yenging, — dedi Muhiddin ota. — Shaytoni mag‘lub etishning eng oson yo‘li — masjidga chiqing. Masjid qurdirishning o‘zi kifoya emas, unga kirib, sajdaga bosh qo‘ying.
Asadbek do‘stining qo‘lini chetga surib, Muhiddin otaga qaradi. Uning ko‘zlari g‘alati javdiradi:
— Ota, mening Xudo bilan shartnomam bor: endi men uning uyiga qadam bosmayman, u menikiga kirmaydi.
Bu gapdan Muhiddin ota seskanib ketdi. Jalil esa shapaloq tortib yubordi. So‘ng yelkasidan ushlab silkidi:
— Tavba qil, ahmoq! Darrov tavba qil!