Muhiddin ota mehmonlarning tashrifi mezbonga yoqmaganini sezdi. Bosh egganicha sukutga berilgan Asadbekni turli xayollar oqimidan tortish maqsadida so‘z qotdi:
— Haydar oshnangiz ko‘p icharkan, chamasi, a?
— Ko‘p emas, tinmay ichadi, u haromi, — dedi Jalil. — O‘tgan yili ramazondan oldin «baliq yeb, xalqumni tozalayapman», devdi. «Sen Qora dengizning barcha baliqlarini pishirib yesang ham halquming toza bo‘lmaydi», dedim.
— Hay-hay bo‘tam, bandani bunday haqoratlamang.
— Men uni haqoratlamadim. Siz uning qiliqlarini bilmaysiz. Agar Abu Jaxl tirilib kelib shu kaltakessakka ro‘para bo‘lsa, «olamda mendan o‘tadiganlar ham bor ekan-ku», deb ko‘ngli ancha taskin topardi.
Muhiddin ota «hay-hay, astag‘firulloh», deb Asadbekka qarab oldi. Jalil bir kuni Kesakpolvon bilan jig‘illasha turib «senlar ko‘p qon to‘kkansanlar», deganida uning tirjaygancha «qon yorug‘lik, akaxon», deb javob berganini ham aytmoqchi bo‘ldi-yu, oshnasiga gap yoqmayotganini bilib, indamadi.
Asadbek Jalil bilan Muhiddin otaning gaplariga be’etibor edi. Agar xayoli joyida bo‘lganida «Abu Jaxl deganing kim?» deb so‘rar, Jalil esa chala ilmini jamlab, musulmonlarga, xususan Ollohning rasuliga qilingan yomonliklardan gapirib berarmidi...
Ular shom yaqinlashganini bahona qilib o‘rinlaridan turishdi.