Alloh subhonahu va Ta’olo har bir payg‘ambarni alohida o‘ziga xos mo‘‘jizalar bilan quvvatladiki, bu mo‘‘jiza o‘z sohibini haqiqatdan ham Allohning vakili — elchisi ekanligini isbotlaydi. Ana shunday mo‘‘jizakor payg‘ambarlarning 25 tasini Alloh Qur’oni Karimda nomlarini keltirib, ba’zilarining hayot va faoliyatlari haqida, ummatlari bilan bo‘lib o‘tgan munosabatlari haqida, ba’zi ummatlarga Alloh Ta’olo tomonidan qilingan karamu marhamatlar va ba’zilariga qilingan uqubatlar haqida bayon qilgan.
Mo‘jizalar ko‘rinishdan tabiat qonunlariga ziddir. Har qanday kishining ham bu narsaga aqli yetavermaydi. Lekin mo‘‘jizalar bor va haqiqatdir. Bu mo‘‘jizalarni tushunib yetish, qabul qilish uchun inson, avvalo, Allohning buyuk qudratiga, ko‘z bilan ko‘rinmaydigan ba’zi haqiqatlarga ishonmog‘i kerak bo‘ladi. Qur’oni Karim aql bovar qilmaydigan hollarning ham bo‘lishi mumkinligi xabarini berib, mo‘‘jizalarning yolg‘iz Alloh tomonidan sodir bo‘lishini, payg‘ambarlar ham xohlagan paytda mo‘‘jiza ko‘rsata olmasliklarini bildiradi.
Mo‘jizalarga ishontirmoq uchun ko‘rsatilgan dalillar nihoyat darajada haqiqiy bo‘lishi kerak. Karamu marhamatlar, uqubatlar Payg‘ambarimizning mo‘‘jizalari bilan bog‘liq bo‘lgan dalillar boshqa hodisalarning tarixiy dalillaridan ham ishonarli va quvvatlidir.
Ilohiy payg‘ambarlarning birinchisi, Allohning huzuridan avlodlari — ummatlariga Islom dinini birinchi olib kelgan zot — Hazrati Odam (a.s), payg‘ambarlarning eng oxirgisi, ummatlariga hech qachon buzilmas, o‘zgarmas Islom dinini keltirgan zot — Hazrati Muhammad(s.a.v.) dirlar.
Insonlar orasidan payg‘ambarlik darajasiga tanlab olingan kishilarning soni juda ko‘p. Payg‘ambarlik vazifasi nuqtai nazaridan hamma payg‘ambarlar tengdirlar, oralarida farq yo‘q. Fazilat jihatidan esa ular bir-birlaridan ajralib turadilar. Bu jihatdan Muhammad, Ibrohim, Muso, Iso, Nuh alayhissalomlar boshqalarga qaraganda ustundirlar. Bularning ham ichlarida eng afzali Payg‘ambarimiz Sarvari olam Muhammad Mustafo (s.a.v.)dirlar.