1895/6. Suhaybdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Agar jannat ahli jannatga kirsa, Alloh taolo ularga: «Biror narsa xohlaysizlarmi? Men uni (sizlarga ato qilib, ne’matlarimni) ziyoda qilay», deydi. Ular: «Ey Alloh, Sen bizning yuzlarimizni oppoq qilding, jannatingga kirgizding va do‘zaxingdan panoh berding, yana boshqa ne’matlaring ham bormi?» deyishadi. Shunda Alloh taolo jamolini ko‘rsatish uchun to‘siq (parda)ni ochadi. Ular Allohning jamolini ko‘rishganidan keyin Unga nazar solishdan mahbubroq ne’mat yo‘qligini bilishadi», dedilar. Imom Muslim rivoyati.
Alloh taolo:
«Iymon keltirib, yaxshi amallar qilgan zotlarni esa iymon-e’tiqodlari sababli Parvardigorlari hidoyat qilur - noz-ne’mat bog‘larida ostlaridan daryolar oqib turur. U joydagi duolari: «Ey tangrimiz, O’zingni poklaymiz», deyishi, u joydagi o‘zaro salomlari (bir-birlariga) tinchlik tilashdir. Oxirgi tilaklari esa butun olamlar Parvardigori - Allohga hamdu sano aytishidir», deb aytgan (Yunus surasi, 9-10-oyatlar).
Bizni (Islomga) hidoyat qilgan Allohga hamd bo‘lsin. Agar Alloh bizni hidoyat etmaganida, biz aslo hidoyat topmas edik. Allohim, quling, rasuling, nabiyying Muhammad alayhissalomni, ayollari va zurriyotlarini rahmat va yaxshilikda qil, xuddi Ibrohim alayhissalomni va oilalarini rahmat va yaxshilikda qilganingdek. Omi nabiy va Muhammad alayhissalomni, u zotning ayollari va zurriyotlarini barakotli qil, xuddi Ibrohim alayhissalomni va oilalarini olamlarda barakotli qilganingdek. Albatta Sen maqtovga loyiq ulug‘ Zotsan.