-U vinzavodga burnini tiqmoqchi. Fe'lini bilasizku.
-Bilaman,bilaman. Bu o'jarni fe'lini yaxshi bilaman. Esingdami, ilgari ham insofga chaqirib gapirganimda, "amalingizdan qo'rqasiz",derdi. Mana hozir amalidan qo'rqadigan boshlig'i boshqa. Bukrini go'r to'g'rilarkan. Lekin sen bukri bo'lsang ham bu dunyoda yuraver. U dunyoga shoshilma. Senga Choqunlani aytib berganmidim? Eshit: Bir tajang uyg'ur yigit bo'lgan ekan. Bir kuni ustarada sochini qirdirib mazza qilib ketayotsa, boshini ari chaqibdi. Nima qilarini bilmasdan arini ketidan quvlabdi. Yetib borib qarasa, eski paxsani orasida otni kallasidek keladigan arining uyasi bor ekan. Shartta cho'pni olib, arini uyasini kovlabdi. Arilar to'zigandan to'zibdi. Shunda tajang yigit boshini arining uyasiga tiqib, "Choqsunla, choqsunla endi otash", degan ekan. Sen o'sha choqsunlaga o'xshaysan. Lekin sen arini uyasini emas, o'limni uyasini kovlashni niyat qilibsan. Bu niyatingdan qayt. Qadamingni o'ylab bos. Bola-chaqang borligini unutma. Seni o'sha haqiqat, adolat, deb javrayotganlaringni hammasigayam jon shirin. Jon shirin. Men ularni bo'yniga qo'ng'iroq ilingan serkaga o'xshataman. O'zlari podani boshlab boradilaru, pichoqqa esa senga o'xshaganlar ilinadi.