Ibn Abbos (r.a.) va Abu Ubayda (r.a.) aytadilar: «Uning (qariyaning) ismi Yatrun edi. Abu Ubayda: «Yatrun Shuaybning akalarining o‘g‘li edi», - deb, Ibn Abbos esa: «Yatrun Madyanning egasi edi», - deb qo‘shimcha qilganlar.
Umar, Ibn Abbos, Shurayh al-Qoziy, Abu Molik, Qatoda, Muhammad ibn Ishoq va boshqalar shunday rivoyat qiladilar: «Shuaybning qizi: «Ey, ota, uni ishga yollagin!» - deganda, otasi unga: «Uning haqida nima bilasan?» - deb so‘radi. Qiz javob berdi: «O’n kishi zo‘rg‘a ko‘taradigan katta toshni bir o‘zi ko‘tarib, bizga yordam berdi. Men uni chaqirib kelayotganimda, oldinda yo‘lboshlamoqchi edim. U menga: «Sen orqamga o‘tib yur, burilish joyga kelganda qaysi tomonga yurishimni ko‘rsatish uchun mayda tosh otib menga yo‘lni ko‘rsat» - dedi.
Ibn Mas’ud (r.a.) aytadilar: «Odamlarning o‘tkir farosatlisi uchtadir:
1. Misr azizi, chunki u xotiniga: «Uning hurmatini joyiga qo‘y» - dedi;
2. Shuaybning qizi, chunki u otasiga: «Ey, ota, uni ishga yollagin!» - dedi;
3. Abu Bakr Siddiq, chunki u o‘zidan keyin Umarni xalifalikka tavsiya etdi». (O’sha manba, 230-6et.)