Qatoda (r.a.) aytadilar: «Muso (a.s.) dedilar: «Rabbim, menga nozil qilgan kitobingda «ummatlarning eng yaxshisi» haqida xabar topdim. Ular odamlarni yaxshilikka buyurar, yomonlikdan qaytarar ekanlar. O’shalarni mening ummatim qilgin!» Alloh taolo dedi: «Ular Muhammad (s.a.v.)ning ummatlaridir».
Muso(a.s.) dedilar: «Rabbim, kitobda men bir ummat haqida xabar topdimki, ular oxir zamonda yaratiladilar, ammo jannatga birinchi kiradilar. O’shalarni mening ummatim qilgin!» Alloh dedi: «Ular Muhammad (s.a.v.)ning ummatlaridir».
Muso (a.s.) dedilar: «Rabbim men kitobda bir ummatning xabarini topdimki, ular sening muqaddas kitobingni yoddan o‘qir ekanlar. Ulardan avvalgi qavmlar kitoblarini qarab o‘qir ekanlar, kitob ko‘tarilib ketgandan keyin esa uni yoddan o‘quvchilar topilmagani uchun ahkomlardan bexabar qolar ekanlar. Mazkur ummatga esa avvalgilarga berilmagan «hifz» ne’matini ato etganing uchun, ular orasidan ahkomlar yo‘qolmas ekan. O’shalarni mening ummatim qilgin!» Alloh dedi: «Ular Muhammad (s.a.v.)ning ummatlaridir».
Muso (a.s.) dedilar: «Rabbim, kitobda bir ummatning xabarini topdimki, ular sening huzuringdan nozil qilingan birinchi kitobga ham, oxirgi kitobga ham, ya’ni barcha muqaddas kitoblarga imon keltirar ekanlar, zalolatga qarshi jihod qilar ekanlar, hattoki «g‘ilay kazzob»(Dajjol)ga ham qarshi kurashar ekanlar. O’shalarni mening ummatim qilgin!» Alloh dedi: «Ular Muhammad (s.a.v.)ning ummatlaridir.» Muso (a.s.) dedilar: «Rabbim, men kitobda bir ummatni topdimki, ularning biri sadaqa qilsa, ikkinchisi bu sadaqani yer va sadaqa qiluvchiga esa ajr yozilar ekan. Avvalgi ummatlarning sadaqasini Alloh dargohida qabul qilsa, osmondan olov tushib, sadaqani yeb ketar, agar qabul qilmasa, osmondan olov tushmas va sadaqani qurt-qumursqalar, vahshiy hayvonlar yer edi. Mazkur ummatning sadaqalari boylaridan olinib, kambag‘allariga berilar ekan. O’shalarni mening ummatim qilgin». Alloh dedi: «Ular Muhammad (s.a.v.)ning ummatlaridir». Muso (a.s.) dedilar: «Rabbim, kitobda men bir ummatning xabarini topdimki, ulardan biri yaxshilikni niyat qilsa, ammo amalga oshirmasa, unga bir savob, agar amalga oshirsa, unga o‘ntadan yetti yuztagacha savob yozilar ekan. O’shalarni mening ummatim qilgin!» Alloh dedi: «Ular Muhammad (s.a.v.)ning ummatlaridir.» Muso (a.s.) dedilar: «Rabbim, kitobda men bir ummatning xabarini topdimki, ular shafoat qilar va shafoatlari qabul qilinar ekan. O’shalarni mening ummatim qilgin!» Alloh dedi: «Ular Muhammad (s.a.v.)ning ummatlaridir».
Qatoda aytadi: «Menga rivoyat qilishlaricha, Muso (a.s.) kitobdan Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning ummatlari haqidagi yana ko‘plab marhamatlarni ko‘rib, havas qilib: «Rabbim, o‘shalarni mening ummatim qilgin!» - deb munojot qildilar». (Ibn Kasir. Qisasul-anbiyo. Qohira. Dorul-manor. 286-287-bet.)