Abdulla Qodiriy. O'tkan kunlar (roman)  ( 400938 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 49 50 51 52 53 54 55 56 57 58 59 ... 62 B


shoir  29 Noyabr 2006, 07:37:27

Otabek Kumushka yer ostidan kulib qaradi, Kumush ham kulib javob berdi.
— Shu kishi birav bilan urishadirlarmi? — dedi Zaynab, — ikki yildan beri menga bir
og‘iz qattig‘ so‘z aytkanlarini bilmayman...
— To‘g‘ri aytasiz, — dedi Kumush, — bu kishi emas, men urishkan edim... Bu kishida
sira gunoh yo‘q va arazimizga bir to‘ng‘uz sababchi bo‘lg‘an edi.
— Kim balo ekan ul? — dedi Zaynab.
— Bizning shaharning eng yaramasi, — dedi Kumush va Otabekdan so‘radi, — siz
eshitdingizmi, yaqinda o‘shani bir bek o‘ldiribdir?
Otabek kulimsiradi:
— Eshitdim...
— O‘sha bekning haqiga eshitkan kunimdan beri duo qilib kelaman...
Zaynab so‘radi:
— Sizlarda qanday dushmanlig‘i bor ekan?
Otabek «endi nima deysan» degandek qilib Kumushka qaradi. Kumush bo‘lsa parvosiz
javob berdi:
— O‘sha to‘ng‘iz uylanmakchi bo‘lib manim bir o‘rtog‘img‘a sovchi qo‘yib yurar edi...
Men ersa o‘rtog‘imni unga tegishdan aynatkan edim. Aynatishim halig‘i to‘ng‘uzning
qulog‘ig‘a yetib meni bu kishiga chaqibdir. Bu kishi bo‘lsa, nega biravni o‘rtasig‘a tushasan,
deb mendan xafa bo‘ldilar...

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:37:34

 «Bu kishi» Kumushning yolg‘on uyushdirishidan kuldi, Zaynab ersa erini oqlab tushdi:
— Ayb sizda ekan, — dedi, — siz ham nega biravning o‘rtasig‘a tushasiz?
— Ayb mendalikka menda, — dedi Kumush va Otabekka qaradi. — Nafsilamrga
qarag‘anda ayb bizning oramizg‘a cho‘p bo‘lib tushkan xolamning qizi Zaynabda, shundog‘
emasmi? — deb so‘radi.
Otabek sachrab Kumushka yuz o‘girdi:
— Bu o‘rtag‘a Zaynabni nimaga kelturib tiqasiz, endi?
Kumush kuldi va eski holini buzmadi:
— Siz hovliqmang, bek, — dedi, — tunovi kun xolamnikiga borg‘an edim, xolam qizi
Zaynabdan shikoyat qilib hamma gapni Homid cho‘chqaning qulog‘ig‘a yetkizguchi o‘z qizi
Zaynab gumbaz bo‘lg‘anini birma-bir aytib berdi, bildingizmi?
Otabek zo‘rg‘a-zo‘rg‘a xaxolashdan o‘zini tutib qol-di:
— Nima bo‘lg‘anda ham ayb sizda, nega boshda o‘zingiz bu ishka aralashdingiz, axir?
— dedi.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:37:42

Zaynab:
— O‘zingizning aralashishingiz chakki-da, — deb qo‘ydi.
Kumush jiddiy tus oldi:
— Siz aytkandek Zaynab gumbazda ham ayb yo‘q, menga qolsa hamma gunoh bek
otam bilan xon oyimda,— dedi. — Orzu-havaslik joyni qidirmasdan qizlarini bir kishiga
berib qo‘ya qolsalar — albatta bu savdolar yo‘q edi... Nahotki ikki yildan beri necha
bechorani zir qatnatib ovora qilsalar, Toshkand qishlog‘i bilan Marg‘ilonning orasi ozg‘ina
yo‘lmi, axir?
Otabek xaxolab yubordi:
— Hamon aybni o‘z bo‘yningizga olmaysiz, astag‘-firulloh...
Zaynab Kumushdan:
— Bek otangiz bilan xon oyingiz kim?
— Haligi men aytkan o‘rtog‘imning ota-onalari... Orzu-havas qidirib bechora qizlarini
qaritib qo‘ydilar.
— Nega siz tayyor kuyavdan o‘rtog‘ingizni aynatdingiz?
— Davlati bo‘lsa ham o‘zi teri namoyish edi... Kishi davlat uchun erga tekkandan yerga
teksin...
— Albatta, — dedi Zaynab.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:37:50

Otabek Kumushning so‘z o‘yuniga ajablanar va xoy shayton, degandek unga qarar edi.
Kumush yana tinchiy olmadi:
— Bizning urishib qolishimiz uchun Karim sandiqchining ham daxli bor, — dedi.
Otabek jo‘rttaga so‘radi:
— Qanday daxli bo‘lsin. Sizga qolsa, butun shahar daxldor ekan-da?
— Shoshmang jonim, — dedi Kumush, — nega o‘ylamay-netmay eshigiga bosh urib
kelgan bir yigitni quvlab soladir?
— Astag‘firulloh... uning quvlanishig‘a ham Homid sabab bo‘lg‘an. Homidning
yomonlig‘ig‘a ersa siz sabab bo‘lg‘ansiz...
Zaynab nimadir so‘ramoqchi bo‘lg‘an edi, Kumush unga yo‘l bermadi.
— U ham emas, bu ham emas, — dedi, — hammasi xudoning taqdiri.
Otabek:
— Ana endi to‘g‘ri aytdingiz.
Kumush:
— Ikki o‘rtada dum qidirib quloqdan ham ajralg‘an puchuq oyimning holi ham
xudoning taqdiri!

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:38:00

Otabek kuldi. Zaynab keyingi so‘zlarga tushuna olmag‘an, shunga ko‘ra Kumushdan
izohlar olmoqchi edi. Kumush unga izohlar uyushdirishni xohlamag‘anliqdan so‘zni chetka
chalg‘itib yubordi:
— Necha yoshqa kirdingiz, Zaynab opa?
— O‘n to‘qquzg‘a shekillik.
— Hali siz bola ekansiz, — dedi Kumush.
— Siz nechaga kirdingiz?
— Meni so‘ramang, men endi qarib qoldim...
Zaynab unga hasadlanib qaradi va kuchlanib aytdi:
— Hali yoshqa o‘xshaysiz-ku.
— Necha yoshqa kirgan deb o‘ylaysiz?
Zaynab Kumushning to‘lib yetmagan gavdasiga va o‘n olti yoshlar chamaliq g‘ubor
tegmagan husniga hayron bo‘lib, mulohazasini aytishdan qo‘rqdi. Zaynabka qolsa ehtimolki
Kumush o‘zidan ham yosh chiqar edi.
— Men qayoqdan bilay...
— Yigirmaga kirdim.
— Mendan bir yosh katta ekansiz.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:38:15

— Sizdan albatta kattaman, — dedi Kumush.
Kumushning «albatta kattaman» degan so‘zini Otabek ichidan tasdiqladi, uning
husndagina emas, aqlda va boshqada Zaynabdan necha barobar yuqorida ekanini o‘yladi.
Orag‘a bir necha daqiqaliq so‘zsizlik kirdi. Otabek yer ostidan Kumushka nigoh tashlar,
Zaynab gilamning popugini chirmab nimaningdir xayolini surar, Kumush bo‘lsa hech kimga
ham qaramay mudrag‘an sumol o‘lturar edi. Kumushni bu holda ko‘rib Otabekning yuragi
achidi...
— Yo‘lda charchag‘an ko‘rinasiz, Kumush.
Zaynab gilamdan ko‘zini oldi, Kumush mudrashdan cho‘chidi...
— Qaydam...
— Biz ketaylik, siz tinchib uxlang, — dedi Otabek.
— Mayli... Xuftanni ham o‘quy olmaydirg‘an o‘xshayman.
— Zarari yo‘q, — dedi, — yolg‘iz qo‘rqmaysizmi... Yoningizda Zaynab yotsinmi?
— Zaynabnisa siz bilan yotsin... Men yolg‘izliqg‘a o‘rganganman...
— Onangizni chaqirib beraylik bo‘lmasa.
— Rahmat.
— Yolg‘iz yotib qolgangizni ayniqsa oyim eshitsa...

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:38:23

— Siz bilan Zaynabnisa yolg‘iz yotib qolg‘animni aytmasangiz, hech kim bilmaydir...
O‘rin o‘shami?
Zaynab nimagadir juda ham quvonib ketdi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Kumushni
o‘rin yozishg‘a qo‘ymay o‘zi par to‘shakni olib yerga soldi. Kumush mudrag‘an ko‘yi
Zaynabka tashakkur aytib to‘rdagi burchakka o‘lturib oldi. Otabek berigi burchakdan turib
uni qo‘li bilan yanar va kulimsirab xo‘mrayar edi. Kumush mudrag‘an ko‘yi, suzilgan ko‘yi
iljayib javob berar edi...
O‘rnini solib bitirgandan keyin, Zaynab qanoatlanib uydan chiqmoqchi bo‘lg‘an edi, uni
Kumush to‘xtatdi:
— Zaynabnisa, — dedi, Zaynab qaradi, — bu kishini tashqarig‘a chiqib yotishg‘a
qo‘ymang, tuzikmi?
— Nimaga?
— Nimagaki, dadamning ko‘ngliga gap keladir.
— Xo‘b, — dedi Zaynab va eshitdingmi degandek qilib eriga qarab olg‘andan keyin
uydan chiqdi. Uning keticha Kumush Otabekka qattig‘ qilib aytdi:
— Qani, siz ham uyingizga!..
Zaynab juda ishong‘an holda o‘z uyiga borib yetdi.
— Chindan aytib yotibman, eshitasizmi?

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:38:31

Otabek o‘zini g‘aflatka solib Kumushning yonig‘a bordi:
— Siz...
— Men?
— Siz quvsiz...
— Men quv emasman, — dedi kulib Kumush, — men hali urushig‘liq holdaman,
yarashqanim yo‘q.
— Boya nimalarni so‘zladingiz, sir ochiladimi, deb jonim bo‘g‘zimg‘a keldi.
— Nega sir ochilsin? — dedi, — men siz bilan o‘tkan ishlar haqida so‘zlashmoqchi
bo‘lib turar edim — o‘zi jo‘rttaga kirib keldi. Men ham so‘zimni to‘xtatmay jo‘rttaga boshqa
yo‘lda aytib chiqdim. Nima, bir narsa payqadimi?
— Payqamadi-ku... Shundog‘ bo‘lsa ham men juda qo‘rqdim.
— Hali shu yuragingiz bilan uch kishini o‘ldirdingizmi, men ishonmayman, — dedi
Kumush va Otabekning xanjar tekkan qo‘lining chizig‘ig‘a ko‘zi tushdi. — Pichoq yomon
kesipti... Chumchuq so‘ydingizmi? Qani chiqing, men yotaman.
— Yota beringiz.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:38:39

— Sizning oldingizda yeshinaymi?
— Uyalsangiz men yuzimni o‘girib turay, — dedi va yuzini chetka burdi.
— Qaramang bo‘lmasa, — dedi Kumush yeshinar ekan, — «bo‘lg‘ani yo‘q, bo‘lg‘ani
yo‘q» degan so‘zni besh-olti qayta takrorladi va o‘ringa kirib olg‘andan keyin ham
«bo‘lg‘ani yo‘q, bo‘lg‘ani yo‘q» deb kular edi.
Otabek nihoyatsiz «bo‘lg‘ani yo‘q» dan zerikib qaradi:
— Aldamchi.
— Bu aldashlar — aldash emas, siz hali qarab turing, qochqoq.
— Aniq qo‘rqmaysizmi yolg‘iz?
— Nega qo‘rqay, ikki yil yolg‘iz yotib, endi juda o‘rgandim... Ehtimol siz yolg‘izliqdan
qo‘rqarsiz.
— Kinoyangiz...
— Bu kinoya emas, to‘g‘ri so‘zim, — dedi Kumush,— men bu holda yolg‘iz ham
emasman...
— Bu nima degan so‘zingiz tag‘in?
— Ya’ni hamrohim bor, deganim — mendan qo‘rqmang, deganim...
Otabek yana tushunmadi...

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:38:47

— Hamrohingiz...
— Hamrohimmi? — dedi Kumush, — hamrohim biravning xayoli, biravning fikri. Bas,
bundan ham yaxshi rafiq bormi? Ba’zi vaqtlarda bu yo‘ldosh uyqudan ham shirin.
Otabek «hamroh»ga tushundi va yotib Kumushning yuzidan o‘pdi:
— Lekin men bu so‘zingizga ishonmayman.
— Nega ishonmaysiz?
— Negaki, siz anovi... kechasi hamrohsiz edingiz... Pish-pish uxlar edingiz...
Kumush Otabekning yelkasiga qo‘lini tashladi:
— O‘shal vaqtlarda hamrohsiz uxlag‘anim to‘g‘ri, — dedi, — chunki biravlardan
butunlay umidim kesilgan, hamrohim menga hamisha umidsizlikgina berar, dahshatimnigina
ortdirar edi. Ammo o‘sha kunlarda uyqu menga juda shirin bir narsa bo‘lib
qolg‘an, men uyqudag‘ina biravlarni ko‘rar va kunduzlari ham uyqu qidirar edim. Endi
bo‘lsa yana yo‘ldoshim xayol... Tag‘in nima deysiz?
— Hech narsa demayman... Lekin siz ikki yil burung‘i Kumush emassiz.
Kumush ko‘rpaga burkanib oldi:
— Chiqing... uyqum keldi.

Qayd etilgan