behzodbek:
Assalomu alaykum,
Qanday zo'r, yoshlarimiz adabiyot, ma'rifat haqida shunday chiroyli suhbatlar qilishyapti. Judayam xursandman. Hozir yoshlarimiz kitob o'qishmayapti, ma'naviy qashshoqlashib ketishyapti, degan gaplarni ko'p eshitamiz, ko'cha-ko'yda yurgan tengdoshlarimizning ishlarini ko'rib ham bundan boshqa fikr xayolimga kelmaydi. Lekin, baribir, adabiyot o'lmas ekan. Unga bo'lgan qizizqish, ishtiyoq hanuz mavjud va bundan so'ng ham davom etadi.
"O'tgan kunlar" haqida birodarlarimiz Assalom va Abdulazizlar aytgan ramziylik haqidagi fikrlarga qo'shilaman. Ma'lumki, o'tgan kunlar haqida ko'plab ilmiy ishlar, izlanishlar qilingan va hanuz qilinmoqda. Menga, shular orasidan, domla Tohir Malikning yozganlari juda yoqadi.
Adashmasa, "20 asr o'zbek romani" seriyasi ostida chop etilgan "O'tgan kunlar" nashri oxirida Tohir Malikning asar haqidagi bir maqolasi ilova qilingan. Men o'qimagan birodarlarimizga shu maqolani o'qishlarini tavsiya etardim. Aynan, ramziylik, Qodiriyning aytmoqchi bo'lgan gaplari haqida hurmatli adibimiz judayam nozik va ishonchli fikrlar berganlar.
Abdulla Qodiriy shaxs sifatida ham buyuk inson bo'lganlar. Va men bu insonni shahid ketganlar, deb ishonaman.
"O'tgan kunlar" dagi muhabbat masalasiga oid yana bir fikr aytmoqchi edim. Ma'lumki, asar markazida Otabek va Kumushning muhabbati turadi. Adib ular muhabbatining qanchalar kuchli ekanligini, yoki Kumushning nechog'lik go'zalligini tasvirlash uchun ortiqcha bo'rttirishlar, so'zlar qo'llamaydi. Qodiriy shunchalar nozik detallar ishlatganki, bular bevosita adib maqsadlari yo'liga xizmat qilgan. Diqqat qilmagan kitobxon bu narsani ilg'amasligi ham mumkin.
Bir misol. Otabek Kumushni 1-bor ko'rgan holat. O'shanda Asr namozi vaqti edi. Otabek anhor bo'yida tahorat olayotgan edi. Shu payt bexosdan Kumushga ko'zi tushdi. Uning husni jamoliga shunchalik asir bo'ldiki, natijada tashqi dunyoni unutdi. Oxiri ahvol shunchalikka borib yetdiki, asr vaqti ham chiqib ketdi, namoz qazo bo'ldi.
Muhtaram forumdoshlarimizga ma'lum bo'lsa kerak, asr namozini qazo qilish Islomda juda qattiq qoralanadi. Hatto shunday hadislar borki, ularni o'qib joningiz chiqib ketay deydi. Ulardan birida asrni qazo qilish butun umr qilingan xayrli ishlarning yuvilib ketishiga sabab bo'ladi, deyilgan. Demak, bundan shunday xulosa chiqadiki, asrni o'z vaqtida o'qishga qattiq say-harakat qilmoq lozim.
Otabek yaxshigina dindor, ilmli yigit ham edi. Asrning qadrini, albatta, uning bilmasligi mumkin emas. Lekin uning Kumushga bo'lgan muhabbati bir lahzada shunchalar alanga oldiki, natijada asrni ham unutdi.
O'ylaymanki, Abdulla Qodiriy hazratlari mazkur narsani ayni shu holatlarni ifodalash uchun qo'llagan.