U cho‘ntaklarini kavlab, hisob-kitob chiptalari, konvertlar, g‘ijimlangan qog‘oz parchalarini ola boshladi.
— Bu emas, yo‘q, bu ham emas... Ha-ha, mana shunga o‘xshayapti. — U konvertning orqa tomoniga yozilgan misralarni o‘qishga kirishib ketdi.
— Menga ko‘rsating-chi, mensimay taklif qildi Meyzlik.
— Rosti, bu juda zo‘r she’r emas, — kamtarlik qildi shoir. — Ammo xohlasangiz, o‘qib beraman.
U ko‘zlarini yumib, qiroat bilan o‘qiy ketdi:
Tun pardasida saf tortganda uylar,
Mandolinada tong chalganda kuylar.
Qirmiz yuzin ochib kelar qizaloq,
Olis Singapurga ketganday uchib,
Poygachi avtoda ruhini quchib...
To‘zonga qulagan uzilgan lola,
Orzu-umidlari so‘ngandi beshak.
Iroda, matonat, vayron xotira,
Baxtsizlik bo‘lurmi, bundan-da o‘ksik!
O, oqqushjon bo‘yni, qontalash siyna!
Ikki besabr novda beparvogina,
Ajal nog‘orasin savardi dardli —
Fojiada inson yo‘qotdi qadrin.