Fasl
Namozni chala o‘qiydigan, uning ruku’ va sajdalarini to‘liq qilmaydigan kimsaning uqubati
«Bas, namozlarini «unutib qo‘yadigan» «namozxonlarga vayl bo‘lsin» oyatining tafsirida shunday deyilgan: «U namozni chala o‘qiydigan, ruku’ va sajdalarini to‘liq qilmaydigan kimsadir».
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kishi masjidga kirib keldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidning chekkasida o‘tirgan edilar. U kishi namoz o‘qidi-da, kelib u zotga salom berdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: «Senga ham salom bo‘lsin, qaytib borib, namoz o‘qi, sen namoz o‘qiganing yo‘q», dedilar. U yana namoz o‘qidi-da, kelib salom berdi. «Senga ham salom bo‘lsin, qaytib borib boshqatdan o‘qi, sen namoz o‘qiganing yo‘q», dedilar. U namoz o‘qidi-da, kelib salom berdi. Nabiy: «Senga ham salom bo‘lsin, qaytib borib boshqatdan o‘qi, sen namoz o‘qiganing yo‘q», dedilar. Haligi kishi keyingi marotaba aytilganida: «Yo Rasululloh, menga o‘rgatib qo‘ying», dedi. «Agar namozga tursang, tahoratni mukammal ol. Qiblaga yuzlangach, takbir ayt va o‘zing bilgan Qur’on sura-oyatlarni o‘qi. Keyin to qanoat hosil qilguningcha ruku’da tur. So‘ngra to‘la tik bo‘lguningcha qaddingni rostla. So‘ng qanoat hosil etguningcha sajda qil. So‘ngra to‘la o‘tirguningcha qaddingni rostla. Keyin qanoat hosil etguningcha sajda qil. So‘ngra to‘la tik bo‘lguningcha qaddingni rostla. Xullas, butun namozingda shunday qil», dedilar» (Buxoriy va Muslim rivoyati).