Ya’ni, kimki bir odamni qasos olish yoki qilgan jinoyati uchun jazolash kabi sabablarsiz, bekordan-bekorga o‘ldirsa, go‘yo barcha odamlarni o‘ldirgandek bo‘ladi. Chunki uning uchun odamning farqi yo‘q. Shuningdek, kimki boshqa insonni o‘ldirishni harom deb bilsa va bu jinoyatdan qo‘lini tiysa, undan barcha insonlar salomat bo‘lishadi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Yettita halok qiluvchi gunohdan saqlaninglar!» deb, ularning ichida «Alloh (o‘ldirishni) harom qilgan jonni nohaq o‘ldirish», deya zikr etganlar.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «Alloh nazdidagi eng ulkan gunoh qaysi?» deb so‘ragan edim, «Allohga boshqani teng deb bilishing, holbuki, U seni yaratgan», deya javob berdilar. «Bu rostdan ham ulkan gunoh, so‘ng qaysi?» degan edim, «Ovqatingga sherik bo‘lishidan qo‘rqib, farzandingni o‘ldirishing!» dedilar. «Keyin-chi?» deb so‘ragan edim, «Qo‘shningning xotini bilan zino qilishing», deya javob berdilar» (Muttafaqun alayh).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar ikki musulmon qilichlari bilan to‘qnashsalar, o‘ldirgan ham, o‘lgan ham do‘zaxda», dedilar. «Yo Rasululloh, bu-ku qotil, biroq maqtulning gunohi nima?» deb so‘rashdi. Shunda u zot: «U ham birodarini o‘ldirishga ishtiyoqmand edi», dedilar (Muttafaqun alayh).