Shoirlar adabiyotning ramzlar ifodasi uchun qulayligidan foydalanib, o'z asarlarida uch xil ishq haqida ham so'z yurita beradilar. O'quvchi ana shularni o'zi farq eta bilmog'i lozim. Navoiy lirik qahramoni Alloh ishqida yonyaptimi, majoziy muhabbatga giriftormi yoki pok muhabbatda o'rtanmoqdami...
Gap shundaki, tasavvuf ahli majoziy ishqni inkor etmaydilar. Ular majoziy ishqni haqiqiy ishq yo'lidagi ko'prik deb biladilar va faoliyatlarida pok ishq talablariga rioya qiladilar (go'zal vujuddan hech narsa tama' qilmaydilar va buni ko'ngillariga ham keltir-maydilar).
So'fiy sevgilisiga ko'ngil qo'yganida mahbuba yuzida Alloh jamolini ko'radi, uning ishqida yonarkan, men Alloh ishqida yonyapman deb o'ylaydi, bu yo'lda u jisman va ruhan pok bo'lishga harakat qiladi: mahbubasiga pok nazar bilan boqib, pok lazzat olishni o'ylaydi (quchish, o'pish va boshqa shu kabi istakjarni o'ziga yaqinlashtirmaydi), xolos.
Bu jihatdan Alisher Navoiyning muhabbati qissasi eng yaxshi namunadir. So'fiydan talab qilinadigan birinchi narsa tan va fikr (ko'ngil)ning pokligidir. Tan pokligi - zohiriy bo'lgani uchun, uning, eng yaxshi usuli tozalik va bo'ydoqlikdir. Ko'ngul pokligi -biror vujudga va narsaga nisbatan g'araz saqlamaslik. So'fiy nazarida go'zaldan jismoniy bahramandlik va boylikka hirs - dunyo iflosligiga bulg'anish demakdir. Alisher Navoiy bir umr o'zini tasavvuf talablari — riyozat bosqichlari sinoviga tashladi. Barcha bosqichlarini umr bo'yi o'z boshidan kechirdi: yolg'izlik dahshati va-bo'ydoqlik azoblarini bir umr tortib o'zini foniylikka tayyorladi va umrining so'nggi yillarida yaratgan asarlaridan biri - "Lison ut-tayr"ni, garchand bu asar o'zbek tilida yozilgan bo'lsa-da, Foniy taxallusi ostida e'lon qildi. U ellik sakkiz yoshida tasavvufning so'nggi bosqichiga yetayozganini o'z dostonida taxallusi bilan muhrladi.