Halima uyga kirganida totli bir hidni tuydi. Bunday atirni u hech hidlamagan edi. Qabilada har bir ayol o‘ziga atir separdi, ammo bu atirni na Halima, na qabilaning boshqa ayollari bilishardi.
Uyning bir burchagida emizikli go‘dak yotardi. Tagiga yashil ipak mato to‘shalgan, chaqaloq esa, oq jun matoga o‘ralgan bo‘lib, shirin uyquda yotar edi. Ta’rifga sig‘mas darajada chiroyli edi u.
Halimaning yuragi jiz etdi. Malaklar kabi go‘zal bo‘lgan bu chaqaloqni emizish uchun onasidan olsayu, biroq uni to‘ydira olmasa, och qoldirsa...
Achinarli bir hol edi bu. Uyda o‘z bolasi xursand bo‘lib qachon to‘ygan ediki!.. Nechanecha oylar davomida o‘g‘lining og‘ziga sutsiz, aldamchi mammalar kirib chiqayotganini eslash uning ko‘nglini bezovta qildida, endi kiynalish navbati bu go‘dakka keldimi, deb o‘ylab, ichidan ezildi. Shu yoshda tul qolgan yoshgina xonimga qaradi, keyin ota yuzini ko‘rmasdan yetim qolgan chaqaloqqa tikildi, yana yuragi jiz etdi. Abdulmuttalib burchakdagi taxtaga o‘tirib:
— Qizim, bu ayol Sa’d ibn Bakr qabilasidan, ismi Halima, — dedi.
Omina kelgan bu ayolning sut ona ekanini fahmladi. Halimaning ortiqcha vaqti yo‘q edi. Uxlayotgan chaqaloqni ko‘tarib olish uchun engashdi. Shu vaqt chaqaloq uyg‘onib, Halimaga boqdi. Halima bu nigohning to yuragiga qadar borib yetganini his qildi. Bir onda butun vujudini shafqat va marhamat tuyg‘usi qopladi. Endi hech narsa bermasalar ham, bu bolani olmasdan keta olmasdi. Dugonalarining bu bolani ko‘rmay ketganliklarini o‘ylarkan, sevinchdan titrab ketdi. Uni ko‘rgan har qaysi sut ona darrov yopishsa yopishardiki, tashlab ketishi amrimahol edi. Yoniga o‘tirdi, avaylab quchog‘iga oldi. Suti qurigan mammalarini chiqarib, bolaning gul kurtaklariga o‘xshash dudoqlariga tekkizgisi keldi. O’ng mammasini go‘dakning og‘ziga tutdi. Shu onda Halima hayratga tushdi, ko‘ksida totli bir rohatlanish sezdi. Yoqimli tuyg‘u edi bu. Sut kelayotganini bildiruvchi his edi bu. Darhaqiqat, chaqaloq uni ema boshladi.
Halima ko‘kragining sutga to‘lganiga, ayniqsa, shunday sharoitda sutga to‘lganiga hech aqli bovar qilmasdi. O’zi kabi boshqa xotinlarning ham sutlari yo‘q edi. Tizzalarida yotgan bolasi bir kuni bu sutsiz mammalariga ancha andarmon bo‘lgach, ochlikdan yig‘iga tushgan, Halima ham ko‘zyosh to‘kib unga jo‘r bo‘lgan edi. Dunyoga keltirib, ammo qornini to‘ydirolmagan bolasi uchun mo‘lmo‘l yosh to‘kkandi bu ko‘zlar o‘shanda.
Ajabo, endi ana shu mammalar sutga to‘la edi. Quchog‘idagi bola sutga zor bu mammadan to‘yibto‘yib emardi. Go‘dak bir oz emgandan so‘ng Halima mammasini tortdi, bolani yana bag‘riga bosib, boshqa mammani berdi. Ammo chaqaloqning dudoqlari yopildi va mammani emmadi. Har qancha urinsada emmadi. Takror o‘ng mammasini tutgan edi, oldi, ema boshladi.
Vaqt ziq edi, ortiq kechikmaslik lozim edi.
— Endi men ketishim kerak, — deya bolani quchog‘idan qo‘ymagan holda, o‘rnidan turdi.
Abdulmuttalib:
— Bolamni olasanmi, ey Halima, — dedi.
— Olaman. Endi u mening bolam.
— Juda yaxshi. Faqat shuni yaxshi bilginki, biz bolamizning sut haqqini boshqa oilalar beradigan hakdan kam bermaymiz. Ortiqcharoq berishga harakat qilamiz. Umidvormizki, bolamning hurmatiga xonadoningizga barakot yog‘adi. Faqat, sendan iltimosimiz, bolamga o‘z farzanding kabi yaxshi qara.
Halima Ominaga qaradi. Har bir ona kabi, bolasidan ayrilish g‘ami uning ham yuzidan bilinib turar, ko‘nglini to‘ldirgan kadarga ko‘zlaridan oqayotgan yoshlar esh bo‘layotgan edi. Bolasini so‘nggi marta bag‘riga bosib, hidlagach, gul yuzlaridan to‘yib o‘pgach, Halimaning qo‘liga tutarkan, «bolam», deya ingrandi.
Halimaning ham ko‘zlari yoshlandi. Birgina farzandidan, tug‘ilmasdan burun yetim qolgan bolasidan ayrilmoq osonmi? Bu onaga tasalli berish lozim edi.
—Xavotir olma, singlim, unga o‘z bolamday qarayman, menga ishonaver, — dedi Halima.
Eshikdan chiqar ekan, to‘xtadi. Ominaga qarab:
— U atirdan menga ham bir oz ber!
— Qaysi atirdan?
—Bolangga sepgan atirdan. Qasam ichamanki, bunday hidni hali Sa’d ibn Bakr qabilasidagilar hidlamaganlar. Bersang, sepib, hidlab yurardim.
Omina ko‘zlariga kelgan birikki tomchi yoshni yashirib o‘tirmadi, hafif g‘amgin tovushla:
— U mening bolamning hididir. Unga atir sepmasangiz ham bo‘ladi, — dedi va endi oylab ko‘rolmaydigan bolasini takror hidlab: — Xayr bo‘lmasa, sizlarni Ollohga omonat etdim, — dedi.